Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyodagi eng ulkan lagan
15:23 / 2024-06-26

Rishtonning kulolchilik mahsulotlari nafaqat yurtimizda, balki yetti iqlimda ham dovruq qozongan. Uning o‘ziga xosligi – bu mahalliy o‘tlar, qirq bo‘g‘indan sir tayyorlashdir. Qo‘l mehnatidan tayyorlanayotgan bejirim, sifatli va ekologik toza mahsulotlarga tashqi bozorda talab katta.

Farg‘ona viloyatiga kelgan sayyoh yoki mehmon albatta, Rishton tumaniga kelib, kulollarning ish jarayoni bilan tanishadi. Kulolchilik mahsulotlarini ko‘rib, hayratlanadi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Rishton xalqaro kulolchilik markazi tashkil etildi. Usta kulollarning maktablari yaratilib, qiziquvchilar soni oshdi. Hunarmandlar uchun bu yerda barcha sharoit yaratib berilgani katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda.    

“Mingboshi keramik” oilaviy korxonasi rahbari, yosh kulol Shokirjon Ahmadjonov milliy brendni dunyoga tanitishni maqsad qilgan. U  yana bir tashabbusga qo‘l urdi.    

Gap shundaki, doimo yangilikka intiluvchi kulol tomonidan buyuk alloma Burhoniddin ar-Roshidoniy maqbarasi ramzi tushirilgan 5,5 tonnalik lagan yasaldi. Ayni paytda ushbu noyob kulolchilik mahsulotiga bezak berish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.  

- Keyingi yillarda Rishtonda turli xalqaro festivallar, bayram tadbirlari o‘tkazilishi orqali turizm jadal rivojlanib bormoqda, - deydi kulol. - Dunyo sayyohlarini yanada keng jalb etish maqsadida tumanda zamonaviy turizm, kulolchilik markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Xususan, korxonamiz tasarrufidagi kulolchilik markazida ham minglab turdagi mahsulotlarning doimiy ko‘rgazmasi tashkil etiladi. Markazga har yili 5 mingdan ziyod mahalliy va xorijlik sayyohlar tashrif buyuradi. Rishton kulolchiligini o‘ziga xos ramziga aylanishi maqsad qilingan mazkur lagan markazimizning yangi brendi bo‘lishiga ishonaman.  

“Mingboshi keramik” oilaviy korxonasida 100 dan ortiq doimiy hamda kulolchilik kooperatsiyasi asosida 2 mingta ish o‘rni yaratilgan. O‘tgan yilning o‘zida korxona tomonidan AQSH, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlariga 2 million dollarlik kulolchilik mahsulotlari eksport qilindi. Bu yil eksport hajmini yanada oshirish rejalashtirilgan.  

M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri