Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyodagi eng mazali va foydali meva-sabzavotlar O‘zbekistonda yetishtiriladi
13:31 / 2016-07-18

Toshkentda 12-16-iyul kunlari I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. O‘zA muxbiri yarmarka ishtirokchilarining taassurotlari bilan qiziqdi.

Toshkentda 12-16-iyul kunlari I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan yarmarkada AQSh, Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Italiya, Fransiya, Malayziya, Hindiston, Rossiya, Latviya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Eron, Afg‘oniston, Qozog‘iston kabi mamlakatlardan xalqaro savdo tashkilotlari, savdo-sanoat palatalari, qishloq xo‘jaligi sohasiga ixtisoslashgan vazirlik va idoralar, logistika kompaniyalari, mamlakatimizning meva-sabzavotchilik sohasida ish yurituvchi korxonalari ishtirok etdi.

O‘zA muxbiri yarmarka ishtirokchilarining taassurotlari bilan qiziqdi.

Govindaraju Tanigayrasu, “Eco Green Group” kompaniyasi bosh menejeri (Hindiston):

– I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va meva-sabzavotchilik sohasidagi ulkan salohiyatini yana bir bor namoyon etdi. Xalqlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik uzoq tarixga borib taqaladi. Bugungi kunda o‘zaro aloqalarimiz ko‘plab sohalarda jadal rivojlanayotgani bizni quvontiradi.

O‘zbekistonda biznes yuritish, hamkorlik qilish uchun keng imkoniyatlar va qulay shart-sharoit yaratilganini alohida ta’kidlashni istardim. Mamlakatingizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarning yuksak sifati bugun butun dunyoga ma’lum. Shu bois jahon bozorida O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlariga talab yildan-yilga oshib, xaridorlari safi tobora kengayib borayotir. Bizga, ayniqsa, mamlakatingizda yetishtirilayotgan uzum va anor juda ma’qul bo‘ldi. Qator kompaniya va korxonalar rahbarlari bilan muzokara o‘tkazib, mazkur mahsulotlarni eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishdik.

Zaid Abdulla AL-Amdiy, “Avenue Manufacturing” kompaniyasi bosh ijrochi direktori (Malayziya):

– O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng muhim sheriklarimizdan. Prezident Islom Karimov rahnamoligida puxta o‘ylangan siyosatning amalga oshirilayotgani samarasida mamlakatingizda har bir soha, jumladan, meva-sabzavotchilik sohasi jadal rivojlanmoqda. Qisqa vaqt ichida O‘zbekistonda hayotga tatbiq etilgan tub islohotlar qishloq xo‘jaligini diversifikatsiyalash, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, ularni eksport qilish imkonini berdi.

Jahonda kamdan-kam uchraydigan tabiiy va tuproq-iqlim sharoitlarining uyg‘unligi tufayli dunyodagi eng mazali va foydali meva-sabzavotlar O‘zbekistonda yetishtiriladi.

Malayziyalik ko‘plab olimu mutaxassislar, tadbirkorlar O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini alohida ta’kidlashni istardim. Zero, mamlakatingiz ushbu sohada katta salohiyatga ega.

Yarmarka kunlari O‘zbekistondan sharbat eksport qilish bo‘yicha shartnoma imzoladik. Asal va o‘rik sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdik. O‘zbekistondan Malayziyaga eksport qilinadigan meva-sabzavotlar va ularni qayta ishlashdan tayyorlangan mahsulotlar turi va hajmini yanada kengaytirish niyatidamiz.

Dmitriy Ledenev, “Ekska Sentr” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori (Rossiya):

– Toshkentda o‘tgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi yuksak saviyada tashkil etilgani, mazkur anjuman biz, ishbilarmonlar uchun har tomonlama foydali bo‘lganini alohida ta’kidlamoqchiman. Forum doirasida biz ko‘rgan mevali bog‘lar, bozorlardagi mo‘l-ko‘lchilik xalqingiz farovonligi, yurtingiz boyligining yaqqol namunasidir.

Yarmarka doirasida “Buxoro Agroprom Invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan meva va sabzavotlar, poliz ekinlari, uzum va ko‘katlar kabi jami 18 ming 360 tonna mahsulot eksport qilish bo‘yicha qariyb 8,1 million dollarlik shartnoma imzoladik. Mamlakatingiz bilan qishloq xo‘jaligi va agrobiznes sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz.

Myung Je Li, “ROC International” kompaniyasi bosh maslahatchisi (Janubiy Koreya):

– O‘zbekiston azaldan Sharq va G‘arb o‘rtasida o‘ziga xos robita vazifasini o‘tab kelgan. Qadimda bu yerdan o‘tgan Buyuk ipak yo‘li orqali turli davlatlar o‘rtasida savdo va madaniy aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston bugun ham ana shunday aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashga o‘zining munosib hissasini qo‘shmoqda.

Meva va sabzavotlar inson salomatligini ta’minlashning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Inson iste’mol qiladigan oziq-ovqatning kamida ellik foizini meva va sabzavotlar tashkil etishi zarur. O‘zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavotlar tarkibida salomatlik uchun eng muhim bo‘lgan mikroelementlar va oziq-ovqat ratsionida o‘rnini almashtirib bo‘lmaydigan turli biologik moddalarga boyligi bilan boshqa mintaqalarda yetishtirilgan ana shunday mahsulotlardan sezilarli ravishda yuqori turadi.

Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida mamlakatingiz tadbirkorlari bilan besh yuz tonnadan ziyod gilos eksporti bo‘yicha shartnoma imzoladik.

Edita Strazdina, “Musmaju Darzeni” kompaniyasi raisi (Latviya):

– Mamlakatingizdagi qator korxonalarda bo‘lib, sohaga mahsulotlarni qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy uskuna va texnologiyalar joriy etilganiga guvoh bo‘ldik. Yarmarka doirasida bog‘dorchilik, meva-sabzavotchilik sohasidagi ilmiy tadqiqotlar, uni takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va to‘plangan tajriba bilan tanishdik.

Biror mamlakat haqida bilmoqchi bo‘lsang, uning bozorlarini borib ko‘r, deyishadi. O‘zbekistonning to‘kin bozorlari mamlakatingiz iqtisodiy salohiyatining yorqin ko‘zgusidir.

O‘zbekiston meva-sabzavotlari va ulardan tayyorlangan mahsulotlar mazasi, yuqori sifati va inson organizmi uchun zarur va foydali bo‘lgan vitaminlarga boyligi bilan ajralib turadi. Mamlakatingiz bilan hamkorligimiz samarali va manfaatli bo‘lishiga ishonaman.

Bakshi Radjiv, “Seasky Shipping” kompaniyasi direktori (Hindiston):

– Dunyoning turli mamlakatlaridan yetakchi ekspert va ishbilarmonlar ishtirok etgan xalqaro yarmarka har jihatdan samarali bo‘ldi. O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va meva-sabzavotchilik sohasidagi tajribasi barchaning e’tiborini tortdi. Mamlakatingizda aholini mazali, ekologik toza va xavfsiz meva-sabzavot mahsulotlari bilan ta’minlash, ularni qayta ishlab, eksport qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar e’tiborga molik.

Tadbir davomida biz, xorijlik ishtirokchilar, O‘zbekistonning nafaqat meva-sabzavotchilik sohasi, balki transport va logistika tizimida ham ulkan salohiyatga ega ekaniga guvoh bo‘ldik. Kompaniyamiz dunyo bo‘ylab mahsulotlarni sifatli va xavfsiz yetkazish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi. O‘zbekiston bilan mazkur sohadagi hamkorlikni rivojlantirish niyatidamiz.