English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyodagi eng katta qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasida O‘zbekiston mahsulotlari namoyish etildi
18:50 / 2023-01-21

Joriy yilning 20 yanvarida Berlinda «Greenweek -2023» doirasida ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» brendi ostida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari stendi namoyish etildi.

Mehmonlar, jumladan, Germaniya oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi federal vaziri Jem O‘zdemir, Yevropa Ittifoqining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha komissari Yanush Voytsexovskiy, Berlin meri Fransiska Giffay va boshqalar ko‘rgazma bo‘ylab sayohatni aynan O‘zbekiston stendidan boshladi.  

Ularni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov boshchiligidagi delegatsiya kutib oldi.  

O‘zbekiston tomon «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» stendi bo‘ylab ekskursiya davomida oziq-ovqat mahsulotlari hamda mamlakatimizning qishloq xo‘jaligida mavjud ishlab chiqarish yo‘nalishlari bilan tanishtirdi.  

Mehmonlar O‘zbekiston stendini katta qiziqish bilan kuzatar ekan, kelgusida hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdi.  

Mehmonlar O‘zbekistonning sarxil va quritilgan mevalaridan hamda milliy taomlaridan tatib ko‘rib, yuqori baho berdi. Ta’kidlash joizki, 240 kvadrat metr maydonga ega O‘zbekiston stendida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 60 dan ortiq tadbirkorning milliy mahsulotlari namoyish etilmoqda.  

Jumladan: 227 turdagi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari – sarxil va qayta ishlangan meva-sabzavotlar, sut va go‘sht mahsulotlari, yog‘ mahsulotlari, salqin ichimliklar, qandolat, un, margarin mahsulotlari va boshqalar mazkur stendlardan joy olgan.  

«O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» stendi hududiga tashrif buyurgan barcha mehmonlar yurtimiz oshpazlari  tayyorlagan milliy taomlar: palov, somsa, patir non va boshqa taomlar bilan siylandi va stend jonli tarzda milliy musiqa sadolari ostida namoyish etildi.  

O‘zbekiston delegatsiyasi Niderlandiya, Kanada, Gruziya, Polsha, Mo‘g‘uliston, Latviya va Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vazirlari bilan qizg‘in uchrashuvlar o‘tkazdi. 

Shu bilan birga, Jahon banki, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi bilan yuqori darajada uchrashuvlar o‘tkazildi.  

Dastur rejasiga ko‘ra, ishtirokchi davlat delegatsiyalari vazirlari bilan ham uchrashuv va muloqotlar amalga oshirish belgilangan.  

Oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish, chorvachilik, vinochilik, g‘alla va yem-xashak ekinlarini yetishtirish va boshqa sohalarda o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.  

Gollandiya, Polsha, Latviya va Kanada tadbirkorlarining O‘zbekistonga biznes missiyalarini tashkil etish rejalashtirilgan.  

O‘zbekiston sharoitida ekinlarning yangi turlarini yetishtirish bo‘yicha ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladigan dasturlar doirasida olimlarning malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.  

Barcha hamkorlar oziq-ovqat xavfsizligi sohasida hamkorlikni oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.  

Polsha Bosh vaziri o‘rinbosari, qishloq xo‘jaligi va qishloq taraqqiyoti vaziri Xenrik Kovalchik bilan tadbirkorlar o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, urug‘chilik, issiqxonalar, raqamlashtirish sohalarida tajriba almashishni nazarda tutuvchi hamkorlik memorandumi imzolandi.  

Ko‘rgazmaning birinchi kuni yakunlari bo‘yicha Germaniya do‘konlariga sublimatsiya usulida quritilgan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish, Germaniyaning «Girlos injiniring» kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda muzlatgichli omborxona qurish, kooperativ asosida meva va sabzavotlarni qayta ishlash «Buxers» kompaniyalari bilan hamkorlikda eksport shartnomalari imzolandi.  

Mazkur ko‘rgazmaning ahamiyatli tomoni shundaki, bu yerda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish, hamkor va sheriklarni topish va amaliy natijalarga erishish uchun istiqbolli imkoniyatdir.  

Shu bilan birga, bu kabi tadbirlar ayni mamlakat eksport salohiyatida ham muhim o‘rin tutadi. Zero, qishloq xo‘jaligini yashil texnologiya asosida tashkil etish va mahsulot hosildorligini oshirish ham mamlakatimiz uchun dolzarb hisoblanadi. «Green week -2023» o‘z ishini davom ettirmoqda.  

O‘zA