French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyodagi birinchi xaker – qilmishi qahramonlikka aylangan buzg‘unchi...
19:48 / 2022-08-15

Bugun xakerlik jinoyatlari har doimgidan ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Kredit kartochkalaridan pul o‘g‘irlash, veb-saytlarga noqonuniy kirish, parollarni buzish – bularning hammasi ustasifarang buzg‘unchilarning ishi.

Maqolada ilm-fan yuzaga keltirgan eng global muammo xakerlik va uning asoschisi Kevin Mitnik faoliyatiga nazar tashlaymiz.

Dunyoga dong‘i ketgan ilk xaker Kevin Mitnikning g‘ayrioddiy hayoti haqida bugungacha filmlar suratga olinib, turli kitoblar chop etilgan. G‘arbda ko‘pchilik uning o‘z kasbidan insonlarga ziyon yetkazish maqsadida foydalanmagani haqida gapiradi. Ammo, bizningcha buzg‘unchilik harchand qahramonlik libosiga o‘ralmasin, uning mohiyati o‘zgarib qolmaydi.

Kevin masofadan turib, begona kompyuterga kirganligi uchun qamalgan dunyodagi birinchi xaker. Jami 23 ta band bilan xakerlik hujumi aybloviga rozilik bildirgan bu shaxs 1963 yilda AQSHda tug‘ilgan. 5 yoshida uning otasi oilasini tashlab ketgan. Ehtimol, shu sabab u tarjimai holida onasi doimiy ishlashga majbur bo‘lgani, uyda ko‘pincha yolg‘iz qolib, aksariyat vaqtini virtual dunyoda o‘tkazgani haqida gapirgan.

BOLALIK VA FIRIB...

Kevin ilk firibgarlikni bolaligidayoq amalga oshiradi: u avtobusda yurishni yaxshi ko‘rar, biroq chipta uchun puli yo‘q edi. Shunda bolakay muddati o‘tgan sayohat kartasini topib, amal qilish muddatini qalbakilashtirib oladi.

16 yoshida esa u telefonlar tarmog‘ini boshqara olar va qo‘ng‘iroqlarni bepul amalga oshirishni bilardi. Ammo bu «hunar»idan tez orada zerikkan o‘smir o‘zini chalg‘itish uchun maktabning kompyuter sinfida uzoq vaqt o‘tirib, qo‘llanmalar va kompyuter tarmoqlarini o‘rgandi. Shundan keyin ko‘p o‘tmay, o‘zining birinchi jiddiy xakerligini maktabning mahalliy tarmog‘ida amalga oshirdi. Bir vaqtning o‘zida unda baholarini maktabning elektron bazasidan to‘g‘rilash imkoni tug‘ilishiga qaramay, Kevin bu ishni qilmadi. Sababi, uni faqat xakerlik jarayoni qiziqtirgan, natija esa ikkinchi darajali edi.

QAMOQ VA TA’LIM

Kevin Los-Anjeles Pirs kollejida va Janubiy Kaliforniya universitetida o‘qigan bo‘lsa-da, kompyuterga oid bilimlarini mustaqil, o‘z ustida tinimsiz ishlash natijasida egallagan.

Kevin Mitnik ilk bor 1979 yil o‘n olti yoshida qonunni buzadigan jiddiy harakatga qo‘l uradi. O‘shanda "Digital Equipment Corporation" kompyuter tarmog‘iga ruxsatsiz kiradi. Yirik telefon kompaniyasi tarmog‘iga kirish orqali katta hajmdagi ma’lumotlarni qo‘lga kiritadi. Ko‘p o‘tmay, bu ishi uchun qo‘lga olinadi va uch oyga voyaga etmaganlar axloq tuzatish muassasasiga bir yil sinov muddatiga hukm qilindi.

Biroq, hatto qamoqxonada ham u vaqtni behuda o‘tkazmadi. Kutubxonada axborot xavfsizligiga oid bir qancha qo‘llanmalarni o‘rganib chiqdi.

Ozodlikka chiqqanida, u eng yaxshi mutaxassisni jamlagan telefon tarmoqlari haqida barcha bilimlarga ega edi. Mitnik ro‘yxatdan o‘tmagan telefon raqamlarini yaratish, boshqa birovning raqamidan qo‘ng‘iroq qilish, suhbatlarni tinglash va o‘chirishga qodir bo‘lgan ustasifarangga aylandi.

«SADOQAT»

Ammo, uning omadli lahzalari uzoqqa cho‘zilmadi. 1987 yil Mitnikning yaqin do‘sti va hamkasbi Kevinni tutib berdi. Ikki do‘st ungacha qariyb bir yil kompyuter kompaniyalaridan biriga tungi hujumlarni amalga oshirib, yangi dasturiy ta’minot loyihasini nusxalashga harakat qilishgandi. O‘sha paytda kompyutersiz telefon orqali internetga kirish imkoni yo‘qligiga qaramay, sud Kevinga telefondan foydalanishni ham taqiqlaydi. Xaker ustidan sud ishi ko‘rilayotganda politsiyaning kompyuter jinoyatlari bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i Mitnikning xususiyatlari oddiy xakerlardan ko‘ra, bir necha baravar yuqori ekanligini ta’kidlaydi.

Mitnik 1990 yilda shartli ravishda ozod qilinganda, unga kompyuterga tegishi taqiqlandi. Biroq, ko‘p o‘tmay, Mitnik yana eski ishini amalga oshirdi: u buzg‘unchilik qilib, politsiya nazoratchisining raqamini blokladi, Kevinning jinoyat ishini ko‘rgan sudyaning kredit hisobi butunlay ishdan chiqdi. Shuningdek, uning hibsga olinishi va hukm chiqarilishi haqidagi barcha hujjatlar sudning asosiy kompyuteridan g‘oyib bo‘lgan.

"Motorola" kompaniyasining o‘sha yillardani mobil aloqani boshqarish imkonini beruvchi dasturlari o‘g‘irlagan. Keyinchalik, boshqa kompaniya dasturlarining zaif tomonlarini kuzatish imkonini beradigan kompyuter loyihasi ham o‘g‘irlangan. FBR nuqtai nazaridan bularning barchasi Mitnikning ishi edi. Shunday qilib, Mitnik yana hibsga olinadi.
 

Ma’lum bo‘lishicha, u bir nechta shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bilan soxta nom ostiga yashiringan. Ayrimlar uni noqonuniy ravishda sudlanganini ta’kidlashgan, chunki uning barcha buzg‘unchiliklari shunchaki qiziqish uchun amalga oshirilgan, degan fikrlar bor.

POLISIYA BILAN HAMKORLIK

Ikkinchi marta qamalib chiqqach, Mitnik xakerlik faoliyatiga qaytmadi. 2010 yilda kompyuter tizimlarini himoya qilish ustida ishlab, tarmoq xavfsizligi bo‘yicha “Defensive Thinking Inc” kompaniyasining asoschisiga aylandi.

Qizig‘i, keyinroq Mitnik politsiyaga yordam bera boshladi. O‘shanda Michigandagi kichik shaharchada «telefon terrorchisi» paydo bo‘lgani haqida xabarlar aholini qo‘rquvga solgandi. Terrorchi mahalliy maktabga qo‘ng‘iroq qilib, tahdid va bomba haqida xabar bergan. Politsiya har qancha urinsa-da, telefon tizimi orqali bosqinchi aniqlay olmaydi.

O‘shanda politsiya zobiti Jon Kek umidsiz holda "WORLD WIDE WEB" tashkilotiga yordam so‘rab murojaat qilganida, Mitnikdan boshqa hech kim uning iltimosini bajarishga urinmadi. Faqat Mitnikning yordami bilan bezori hibsga olindi.

MASHHURLIK

O‘sha vaqtda Kevinning hayoti ko‘pchilik g‘arbliklar uchun qiziq hodisaga aylangandi. Uning mashhurligi shu darajada yuqorilaydiki, otasi Kevinning ba’zi narsalarini internet auksionlarida muvaffaqiyatli sotdi. Hatto qamoqdaligida u haqida turli mualliflarning ko‘plab kitoblari nashr etilgan. Jazo muddati bo‘yicha hukm chiqarilganidan ko‘p o‘tmay, jurnalist Jon Markoff Mitik haqida «Xaker» kitobini nashr etgan.

Shuningdek, Kevin faoliyati haqida «Xaker» badiiy filmi ham suratga olinib, unda Kevin obrazi ijobiy qahramon sifatida aks ettiriladi. Shu sabab ushbu kartina katta bahs-munozaralarga sabab bo‘ladi. Kevin Mitnikning o‘zi esa kelgusi hayotini axborot texnologiyalari xavfsizligi bo‘yicha kitoblar yozishga bag‘ishlagan.

Maftuna Karimova, O‘zA