Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyoda suv, kanalizatsiya muammosi va insonlar hayoti
12:55 / 2023-01-11

JSSTning qo‘rqinchli statistikasi.

2023 yilning eng muhim konferensiyasidan qanday natija kutilmoqda?

Statistika nima deydi?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti so‘rovnoma o‘tkazdi. So‘rovda qatnashgan 120 davlatning atigi 45 foizi aholisi ichimlik suvi bilan ta’minlanishini o‘z milliy maqsadi, deb bildi. Sanitariya xizmatidan qoniqqanlar atigi 25 foizni tashkil etdi.

Mamlakatlarning deyarli uchdan bir qismi ichimlik suvi ta’minoti, sanitariya va gigiyena sohalarida asosiy funksiyalarni bajarish uchun yetarli inson resurslariga ega. 75 foizdan ko‘proq davlat suv, sanitariya va gigiyena bo‘yicha reja va strategiyalarni amalga oshirish uchun mablag‘ yetishmasligini bildirib, BMTga murojaat qildi.

JSST va “BMT – suv resurslari” mexanizmining hisoboti...

BMT axborot xizmati xabariga ko‘ra, yuqorida qayd etilgan hisobot “BMT Suv konferensiyasi – 2023” oldidan suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena vositalarini universal ta’minlash muammolarini kechiktirmasdan  hal qilishga bag‘ishlanadi.

Hisobot mualliflarining fikricha, ushbu yo‘nalishda belgilangan vazifaning maqsadlari xavf ostida, shu bois global va mahalliy darajada zudlik bilan qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish zarur.

Darvoqe, chora-tadbirlar ko‘rish xususida gap ochilar ekan, muhim raqamlarni ko‘rsatish lozim. Shunda balki rasmiylar masalaga jiddiyroq e’tibor berishar...

Toza ichimlik suvi va kanalizatsiyadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishda sezilarli yutuqlarga erishilayotganiga qaramay, milliardlab odamlar, asosan, qishloq joylarda ushbu xizmatlardan mahrumlar. Dunyo miqyosida har uch nafar fuqarodan biri toza ichimlik suviga zor, har besh kishidan ikkitasida sovun va suv bilan qo‘l yuvish vositalari yo‘q, 673 milliondan ziyod odam ochiq defekatsiya amaliyotini davom ettirmoqda.

Faqat kayfiyatni tushirish kerak emas, yakunda nima bo‘lishini hech kim bilmaydi, biroq bunday inqirozli vaziyatdan muvafaqqiyatli chiqish maqsadida muhim harakatlar olib boriladi, olib borilyapti ham.

– Biz shoshilinch inqirozga duch keldik: Xavfsiz ichimlik suvi, sanitariya va gigiyena bilan ta’minlanmaganlik har yili millionlab odamlar hayotiga zomin bo‘lmoqda. Iqlim o‘zgarishi tufayli tez-tez uchraydigan, kuchli ekstremal ob-havo hodisalari xavfsiz xizmatlar ko‘rsatishga to‘sqinlik qilayotgani alohida ta’kidlayman, – dedi JSST bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus.

Xalqaro tashkilot rahbari, shuningdek, hukumatlar va rivojlanish bo‘yicha hamkorlarni 2030 yilga qadar eng zaif qatlamlardan boshlab barcha uchun xavfsiz ichimlik suvi va kanalizatsiyadan foydalanish imkoniyatini oshirish uchun investitsiyalarni sezilarli darajada oshirishga chaqirdi.

Iqlim o‘zgarishining oqibatlari...

Hisobot mualliflarining aniqlashicha, aksariyat hollarda milliy strategiyalar iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘z ichiga olmaydi. Mamlakatlarning uchdan ikki qismi iqlim o‘zgarishidan nomutanosib ta’sir ko‘rsatadigan aholini himoya qilish choralarini ishlab chiqdi va mamlakatlarning faqat uchdan bir qismigina allaqachon bunday choralarni ko‘rgan.

Dunyo rejani bajarolmayapti...

“Dunyo 2030 yilga borib suv va kanalizatsiya bo‘yicha Oltinchi Barqaror rivojlanish maqsadiga erishishda rejadan ancha ortda qolayotgani ma’lum bo‘ladi. Milliardlab odamlar yuqumli kasalliklarga chalinish xavfi ostida, ayniqsa iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tabiiy ofatlar davri yaqinlashyapti, deb qo‘rqaman”, deb fikr bildirdi “BMT – suv resurslari” mexanizmi va Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Jilber Ungbo.

2023 yilning eng muhim konferensiyasi haqida

Iqlim o‘zgarishi va ekstremal ob-havo hodisalarining jiddiy oqibatlari ko‘plab muammolarni keltirib chiqarishi tabiiydir. BMT bu borada inqirozni faqat birgalikda yengish mumkinligini ta’kidlamoqda. Shu ma’noda, 2023 yil 22-24 mart kunlari BMTning Nyu-York shahridagi Bosh qarorgohida Tojikiston Respublikasi va Niderlandiya Qirolligi raisligida bo‘lib o‘tadigan “BMT Suv konferensiyasi – 2023”ga katta umidlar bog‘lanmoqda.

Mazkur anjuman 1977 yilda Argentinaning Mar-del-Plata shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi suv konferensiyasidan keyin birinchi marta o‘tkazilayotgani e’tiborga molik.

50 yil ichida birinchi marta jahon hamjamiyati BMT orqali taraqqiyotni ko‘rib chiqadi, yetakchilar suv va kanalizatsiya ishlarini qayta faollashtirish bo‘yicha qat’iy majburiyatlarni o‘z zimmalariga olishadi.

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon tashabbusi bilan e’lon qilingan “Suv barqaror rivojlanish  uchun - 2018-2028” – BMT xalqaro harakat o‘n yilligi doirasida o‘tadigan tadbir insoniyatning zaruriy ehtiyojlari bo‘lmish suv va kanalizatsiyalar tanqisligi, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq masalalar va boshqa yechimini topmagan muammolarga biroz bo‘lsa-da barham berishga, dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan xavflarni bartaraf etishga xizmat qiladi, deb ishonamiz.

“Xovar” axborot agentligi bergan xabarga ko‘ra, 2022 yil 14 dekabr kuni BMT bosh Assambleyasining 77-sessiyasida Tojikiston Respublikasi tomonidan taqdim etilgan “2025 yil muzliklarni himoya qilish xalqaro yili” rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qilgan. Bu xalqaro kun va shu bilan birga xalqaro yil e’lon qilinishiga sabab bo‘ldi.

Yer va suv nomutanosibligi...

Ushbu mexanizm o‘z nomi bilan BMTning suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishga asoslangan. U suv ta’minoti va kanalizatsiya masalalari bilan shug‘ullanuvchi BMT tuzilmalari va xalqaro tashkilotlardan iborat. Mexanizmning roli – suv resurslari bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda a’zolar va sheriklar harakati birligini ta’minlash.

2050 yilga kelib Yerning besh milliarddan ziyod aholisi suv tanqisligini boshdan kechiradi. Bu, avvalroq Jahon meteorologiya tashkiloti tomonidan e’lon qilingan “Global suv resurslari holati” nomli boshqa bir hisobotda muhokama qilingan.

Iqlim, ekologik va ijtimoiy o‘zgarishlar Yerning suv resurslariga ta’sirini tahlil qilish natijalariga ko‘ra, Jahon meteorologiya tashkiloti ushbu mavzu yuzasidan o‘zining ilk hisobotini e’lon qildi. Hujjat chuchuk suv zahiralarining global hajmi haqida tasavvur beradi, shuningdek, yer kriosferasining (qor va muz) zaif holatini ko‘rsatadi.

Hisobotda qayd etilishicha, o‘tgan yili dunyoning katta qismida odatdagidan quruqroq ob-havo hukm surgan.

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishining oqibatlari suv resurslari orqali tobora ko‘proq sezilmoqda. Qurg‘oqchilik, ekstremal toshqinlar, mavsumiy yog‘ingarchilik va muzliklarning tez erishiga guvoh bo‘lyapmiz. Bunday o‘zgarishlar jahon iqtisodiyoti, ekotizimlar va kundalik hayotimizning deyarli barcha jabhalariga keskin ta’sir ko‘rsatishi, afsuski bor gap!

Maqolani Jahon meteorologiya tashkiloti bosh kotibi, professor Petteri Taalasning fikrlari bilan xulosalashni joiz, deb bildik:

Uzoq yillik izlanishlarga qaramay, biz hali-hanuzgacha chuchuk suv resurslarining taqsimlanish mantig‘ini, shuningdek, ular bilan sodir bo‘ladigan miqdoriy va sifat o‘zgarishlarini to‘liq anglab yetmayapmiz.

Bu yorug‘ olamda har bir fuqaro, idoralar vakillari, mutasaddi rahbarlar vazifalariga mas’uliyat bilan yondashsalar, ayniqsa, dunyo hamjamiyati maqsad yo‘lida birlashsa, albatta, barcha xunuk statistikalar ustidan g‘alaba qozonamiz.

Behruz XUDOYBERDIEV,

O‘zA muxbiri