Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyoda robot-sudyalar nizolarni hal qilib, sudyaga tez qaror chiqarishga yordam bermoqda
10:54 / 2025-10-08

O‘zbekiston sud tizimi ham global standartlarga muvofiqlashadi

Sud tizimini raqamlashtirish haqida ko‘p gapirilmoqda. Bunday amaliyotdan jahon sudlarida qanday foydalanilmoqda? Sudlarda inson omilini qisqartirish, sun’iy intellekt yordamida ishlarni hal qilish qanchalik samara beradi? 

Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari – iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Ibrohim Alimov shu haqdagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

– Fransuz jamoat arbobi Sharl de Goll ta’kidlaganidek, huquqiy davlat – faqat qonunlarga bo‘ysunuvchi davlat.

Bu tamoyil hozir ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Faqat  hozirgi raqamlashayotgan dunyoda “qonunlar asosida ishlaydigan va texnologiyalarni adolat bilan o‘zaro uyg‘unlashtira oladigan davlat” tushunchasi kengayib bormoqda.

Shu nuqtai nazardan Prezidentimizning 2025 yil 21 avgustdagi “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni dolzarb ahamiyatga ega. 

Xalqaro ilg‘or tajribalarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, sun’iy intellekt sud tizimlarida samaradorlikni oshirishga xizmat qilayotganini ko‘rish mumkin. 

YUNESKO tadqiqotiga ko‘ra, o‘rganilgan 96 mamlakatdan 44 foizida sud xodimlari sun’iy intellekt vositalaridan keng foydalanayotgani aniqlangan.  

Masalan, Xitoyda sud ishlarini to‘liq raqamlashtirishga qaratilgan “Smart Courts” dasturi amalga oshirilmoqda. Xanchjou shahridagi “Xiao Zhi” robot-sudya xususiy kredit nizolarini hal qiladi, sudyaga tez qaror chiqarishga yordam beradi. Shanxay Oliy sudida sun’iy intellekt tizimi sud ishlarini tahlil qilib, qarorlarni bashorat qiladi, hujjatlarni 24/7 rejimida avtomatlashtiradi va elektron dalillarni tekshiradi. 

Yuridik ma’lumotlar bazasida ishga tushirilgan sun’iy intellekt milliy platformasi sud ishlarini 30-50 foizgacha tezlashtirgan. Millionlab ishlarni boshqarish imkoniyatini yaratgan hamda sudlarning yukini kamaytirib, shaffoflikni oshirgan.

O‘zbekistonda ham sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda raqamlashtirish, shuningdek, sudlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berish bo‘yicha amaliy qadamlar qo‘yildi.  

“Raqamli sud” konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishi bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkazilishi bunga keng imkoniyat yaratadi. 

 “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida bosqichma-bosqich sud majlisi zallari tashkil etilmoqda. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud binosiga tashrif buyurmasdan sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etish imkoni yanada kengaytiriladi. 

Konsepsiyani amalga oshirish doirasida taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga sud jarayonlarida ishga doir barcha materiallar bilan elektron shaklda tanishish imkoniyati yaratiladi. Sud xarajatlari elektron shaklda hisoblanadi va to‘lanadi. Ijro varaqalari avtomatik ravishda ijroga yuboriladi.

Sud ishlari zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda to‘liq elektron tarzda yuritilishi hamda sun’iy intellekt yordamida sud majlisi bayonnomalari real vaqt rejimida matn shaklida tayyorlanishi soha xodimlariga katta qulaylik yaratadi. 

Ushbu chora-tadbirlarning asosiy ahamiyati shundaki, sud tizimiga innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish orqali odil sudlovning darajasi oshiriladi va fuqarolar huquqlarining samarali himoya qilinishi ta’minlanadi.

Xususan, raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etish byurokratiyani kamaytiradi. Sud ishlari kechikishining oldi olinadi va inson omiliga bog‘liq xatolar minimallashadi. Bu esa, o‘z navbatida, shaffoflikni ta’minlaydi.

Masalan, elektron murojaatlar va interaktiv xizmatlar fuqarolarga sud jarayonlariga qulay kirish imkonini beradi, vaqt va resurslarni tejashga yordam beradi.

Farmonda belgilangan choralarning amalga oshirilishi davlatimizning raqamlashtirish bo‘yicha xalqaro indekslarda, huquqiy xizmatlarga kirish va adolat sohasidagi ko‘rsatkichlari yanada yaxshilanishiga keng yo‘l ochadi. 

Shu bilan birga, ta’kidlash joizki, bu jarayon muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun etika va xavfsizlikni inobatga olgan holda uzoq muddatli ijtimoiy konvergensiya, jamiyatda huquqiy ong, madaniyatni rivojlantirish, shaffof mexanizmlarni mustahkamlash zarur.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, farmon sud tizimini sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar yordamida zamonaviylashtirish orqali odil sudlovning yangi bosqichi sari qo‘yilgan muhim qadam bo‘ldi. Shu yo‘l bilan fuqarolarning adolatga erishishi osonlashadi. Sohada shaffoflik oshadi va korrupsiya xavfi keskin kamayadi. Mamlakatimiz huquqiy tizimi global standartlarga muvofiqlashadi. 

Norgul Abduraimova,

O‘zA