Dunyoda oʻsimliklarda uchraydigan 335 dan ortiq karantin organizmi roʻyxatga olingan, bizda-chi?
Bu borada Toshkent shahar oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasida ham amaliy ishlar olib borilyapti.
Avval xabar qilinganidek, joriy yilning 1-noyabridan “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasiga ixtiyoriy murojaat qilgan va ularning oqibatlarini bartaraf etgan shaxslar maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinish tartibi joriy qilindi.
Bunda esa Prezidentimizning joriy yil 13-oktyabrda qabul qilingan “Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori dasturilamal boʻlmoqda.
Endilikda oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari oʻz hududida eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish, tayyorlash va qadoqlash bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga xorijiy davlatlar fitosanitariya talablariga tegishli maslahatlar va amaliy yordam beradi.
Bu borada Toshkent shahar oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasida ham amaliy ishlar olib borilyapti. Ayni vaqtdagi poytaxtimizdagi 11 tumanga inspektorlar biriktirilgan boʻlib, ular tadbirkorlik subyektlariga mahsulotlarining eksport geografiyasini kengaytirishga koʻmaklashmoqda.
– Hozirga qadar gul importi bilan shugʻullanayotgan edik, – deydi Mirobod tumanidagi “Shavkat ota” korxonasi rahbari Murod Badalov. –Endi Turkiyaga chinor koʻchatlari eksport qilmoqchimiz. Buning uchun koʻchatxonalar tashkil qildik. Ularni parvarishlash va agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirishda inspektorlar maslahat va tavsiyalar bermoqda. Albatta, koʻchatlarimizni fitosanitariya talablari asosida yetishtirmoqdamiz.
Qayd etish kerakki, hozirda dunyoda oʻsimliklarda uchraydigan 335 dan ortiq karantin organizmlari roʻyxatga olingan. Ana shunday xavfli zararkunanda va kasalliklardan sakkiztasi bizning mamlakatimizda ham aniqlangan.
Bu kabi karantin organizmlarini yurtimiz hududiga kirib kelishi va boshqa davlatlarga biz orqali oʻtib tarqalishini oldini olish boʻyicha keng qamrovli choralar olib borilmoqda.