English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyoda koronavirus bilan bogʻliq vaziyat oʻzgardimi?
16:18 / 2020-02-28

Ayni kunlarda dunyoda, xususan Xitoy, Janubiy Koreya, Eron va Italiya kabi qator davlatlarda koronavirus infeksiyasi keng tarqalayotgani kuzatilmoqda.


Ayni kunlarda dunyoda, xususan Xitoy, Janubiy Koreya, Eron va Italiya kabi qator davlatlarda koronavirus infeksiyasi keng tarqalayotgani kuzatilmoqda. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, jahonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 82 ming nafardan oshdi, 2 ming 800 dan ortiq oʻlim holati qayd etildi. Hozirgacha Xitoydan tashqari ushbu infeksiya 50 ga yaqin mamlakatda aniqlandi. Dunyoda epidemik vaziyat kun sayin oʻzgarib, kasallik shiddat bilan boshqa davlatlarga ham tarqalmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatimiz aholisi oʻrtasida koronavirus infeksiyasi boʻyicha epidemiologik barqarorlikni taʼminlashga yoʻnaltirilgan barcha profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar xalqaro tibbiy sanitariya talablari asosida amalga oshirilmoqda.

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida batafsil soʻz yuritildi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi, Sanitariya epidemiologik osoyishtalik agentligi mutaxassislari soʻzlariga koʻra, virus boshqa mamlakatlarda Xitoyning oʻziga qaraganda tezroq tarqalmoqda. Soʻnggi bir kun ichida Italiyada kasallanganlar soni uch barobarga koʻpayib, 450 nafardan oshdi. Saudiya Arabistoni rasmiylari ehtiyot chorasi sifatida ziyoratchilarning mamlakatga kirishini vaqtincha taqiqlab qoʻydi.

COVID-19 infeksiyasi boʻyicha yuzaga kelgan bunday noxush vaziyat mazkur kasallikning yurtimizga chetdan kirib kelish xavfini oshirmoqda. Shu munosabat bilan Oʻzbekistonda koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-yanvar kuni “Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmoyishi qabul qilinib, tizimli choralar amalga oshirilmoqda.

Anjumanda taʼkidlanganidek, ayni paytda mamlakatimizga yuqumli kasalliklar, jumladan, COVID-19 infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralarida 53 ta sanitariya-karantin punkti xalqaro talab va mezonlar asosida faoliyat koʻrsatmoqda. Bugungi kunda ushbu punktlarda boshqa tarmoq xodimlari qatorida 250 nafardan ziyod yuqori malakali sanitariya-epidemiologiya xizmati masʼullari belgilangan standartlar boʻyicha ish olib bormoqda. Yurtimizga koronavirusni aniqlash boʻyicha zamonaviy test-sistemalari, shuningdek, tibbiyot xodimlari uchun shaxsiy himoya vositalari, tibbiy texnika va tibbiy buyumlar zaxirasi yaratilmoqda. Sogʻliqni saqlash vazirligi va Sanitariya epidemiologik osoyishtalik agentligi huzurida uzluksiz 24 soat davomida faoliyat koʻrsatuvchi shtab tashkil qilingan. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan mustahkam hamkorlik aloqalari oʻrnatildi.

Lekin bu xotirjam boʻlishga asos boʻla olmaydi, deyildi matbuot anjumanida. Shuning uchun ham kecha dastlab, Sogʻliqni saqlash vazirligida, shundan soʻng Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir rahbarligida “Epidemiyaga qarshi kurash favqulodda komissiyasi”ning navbatdagi yigʻilishida ham bu borada kechiktirib boʻlmaydigan dolzarb vazifalar belgilab berildi. Mamlakatimizdagi barcha havo va temir yoʻllarida tashkil qilingan sanitariya-karantin punktlari, hududlarda tuzilgan shtablar faoliyatini bugungi kun talabidan kelib chiqib, qayta koʻrib chiqish, mehmonxonalar va korxonalar, mahalla, ichki ishlar organlari bilan mustahkam hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va ularga davlat tomonidan qoʻyilayotgan talab, tavsiyalarni oʻz vaqtida yetkazish, tibbiy patronaj xizmatini yana-da yaxshilash, maktabgacha taʼlim, oʻrta maktab, oliy oʻquv yurtlari va jamoat joylarida sanitariya talablariga rioya qilish yuzasidan masʼullarga aniq topshiriq va koʻrsatmalar berildi.

Bundan tashqari, epidemiya keng tarqalgan mamlakatlardan kelgan har bir fuqaroni toʻliq 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olish, birlamchi tibbiyot muassasalarining vrach va patronaj hamshiralari tomonidan gripp, OʻRI va oʻtkir pnevmoniya kasalliklarini erta aniqlash ishlarini tizimli tashkil etish boʻyicha vazifalar yana bir bor qatʼiy koʻrsatib oʻtildi.

Shu bilan birga, xorijdan kelgan fuqarolar orasida tana harorati koʻtarilgan bemorlar aniqlanganda, ularning barchasini koronavirus kasalligiga maxsus laboratoriya tekshiruvidan oʻtkazishga, shuningdek, kasallik tarqalishining oldini olish va izolyatsiya qilish maqsadida, oilaviy poliklinika shifokorlari tomonidan harorati yuqori boʻlgan bemorlarga uyida tibbiy yordam koʻrsatilishiga alohida eʼtibor qaratilishi taʼkidlab oʻtildi.

Anjumanda Sogʻliqni saqlash vazirligi mutaxassislari aholini koronavirus bilan bogʻliq epidemik vaziyatdan xavotirga tushmasdan, ogoh boʻlishlarini, jumladan, shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilishi lozimligini taʼkidladi.