So‘ngi yillarda mamlakatimizda o‘simliklar karantini va himoyasi borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi xodimlari tomonidan dehqon va fermer xo‘jaliklari bilan doimiy tarzda hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, urug‘ unib chiqishidan boshlab, pishib yetilgunigacha bo‘lgan jarayonda kerakli tavsiyalar berib kelinmoqda.
Transport vositalariga yuklangan mahsulotlarni zararlangan tarzda boshqa hududlarga o‘tib ketishining oldini olish va o‘z vaqtida zararli mahsulotlarni zararsizlantirish maqsadida mahsulot egalariga kerakli tavsiyalar berib borilmoqda.
Joriy yilning birinchi choragida ham tomorqa va yer egalariga yetishtirilgan mahsulotni sifatli saqlash uchun zarur bo‘lgan tavsiyalarni o‘zida jamlagan flayerlar tarqatilib, tushuntirish ishlari olib borildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, butun dunyoda har yili o‘simliklar hosilining 35 foizi nobud bo‘ladi: 14 foiz yo‘qotish zararli hasharotlar sababli bo‘lsa, 20 foiz yo‘qotish hosilni tashish va omborlarda saqlash paytida ro‘y beradi.
Mamlakatimizda ham o‘simlik dunyosiga katta ziyon keltiruvchi zararli organizm va kasalliklar mavjud. Bularga qarshi kurashishda nafaqat karantin inspektorlari, balki barcha yurtdoshlarimizning qishloq xo‘jaligi sohasidagi bilimlarini oshirib borish foydadan xoli bo‘lmaydi.
Yurtimiz bog‘larida yetishtirilgan dunyoning boshqa hech qayerida uchramaydigan har xil meva va sabzavotlar bilan aholi ehtiyojini to‘laqonli ravishda qondirish va ushbu mahsulotlarni Jahon bozorlariga olib chiqilishini doimiy tarzda ta’minlashda, ularni xalqaro andozalarga mos ravishda iste’molchilarning talab va takliflariga ko‘ra yetkazib berishda karantin xodimlaridan ham bilim va fidoyilik talab etiladi. Mamlakatimiz soha xodimlari ana shunday mas’uliyatli vazifani bajarishda astoydil mehnat qilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA