Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyoda ekstremal va tog‘ turizmidan yiliga bir necha trillion dollar foyda ko‘riladi, O‘zbekistonda-chi?
12:25 / 2019-03-19

Bugungi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlari iqtisodiyotida sezilarli daromad keltiradigan sohalardan biri ekstremal va tog‘ turizmi hisoblanadi.


Bugungi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlari iqtisodiyotida sezilarli daromad keltiradigan sohalardan biri ekstremal va tog‘ turizmi hisoblanadi. Jahon turizm tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu sohaning yillik daromadi bir necha trillion dollarni tashkil etadi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ham – ekstremal, ekoturizm, agroturizm, arxeologik, etnografik kabi turizmning noan’anaviy turlari faol rivojlantirilmoqda. Ayniqsa, ekstremal va tog‘ turizmi tez suratlarda ommalashmoqda.

O‘zbekistonda ekstremal va tog‘ turizmining eng rivojlangan turlari orasida tog‘ cho‘qqisini zabt etish, g‘orda sayr etish, snoubord, tog‘ velosipedi, paraplan va deltaplanda uchish va albatta tog‘ chang‘isi ajralib turadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ushbu yo‘nalishdagi ishlarning samaradorligini oshirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

photo5224328086789663354.jpg

Albatta, ekstremal va tog‘ turizmini rivojlantirishda jamoat tashkilotlarining roli juda muhim. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Ekstremal va tog‘ turizmi federatsiyasi tashkil etilgan.

– Federatsiyamiz 2007 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda – deydi O‘zbekiston Ekstremal va tog‘ turizmi federatsiyasi raisi Leonid Kozlovskiy. – 2018 yildan boshlab, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bizni o‘z “qanoti” ostiga oldi. So‘nggi paytlarda mamlakatimizda turizm sohasi jadal rivojlanmoqda, xususan, diqqatga sazovor joylarga sayohat qilish istagini bildirayotganlar soni ortib, xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanishi natijasida yangi turizm yo‘nalishlari yaratilmoqda. Afsuski, mamlakatda tog‘ sporti turlari va tog‘ turizmini rivojlantirishda professional tashkilotlar mavjud emas, shahar va tog‘li hududlarda o‘quv-mashg‘ulotlari maskanlarini tashkil etish zarur.

Mutaxassisning ma’lum qilishicha, federatsiya tomonidan turizm sohasida har yili bir qator tadbirlar tashkil etilmoqda. “Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuniga bag‘ishlangan “Chimyon sadolari” ekoturizm festivali, “Toshkent quyoshi” motofestivali, “Sport turizmi bo‘yicha O‘zbekiston kubogi”, “Off-road” yo‘l tanlamas avtoturizm musobaqasi va boshqalar shular jumlasidandir.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining institutsional ko‘magida, federatsiyaning off-road (yo‘l tanlamasi) avtomobillarda sayyohlik yo‘nalishi jadal rivojlanmoqda. Yaqinda Bektemir tumani hududida mamlakatimizda ilk marotaba off-road avtoralli “Road instinct” bo‘yicha 22 ta avtotransport ishtirokida musobaqa o‘tkazildi.

photo5224328086789663356.jpg

– Federatsiya faoliyatining ko‘lami kengayib bormoqda, – deydi Leonid Kozlovskiy. – Biz nafaqat turizmning ekstremal turlarini, balki tog‘ velosportini, velomotokross, mototurizm, paraplan va deltaplanda uchishni ommalashtirish borasida ish olib boryapmiz. Federatsiyamizda mualliflik qo‘shiqlari va she’riyatning “Archa” ijodiy uyushmasi, “O‘zbekiston qanotlari” paraplan va deltaplanda uchish birlashmasi, mototurizm hamda tog‘da tez yugurish sportchilar jamoasi faoliyat olib boradi.

Rossiya Federatsiyasi, Qirg‘iziston va Qozog‘istondan avtoturistlarni jalb qilgan holda 2019 yil oktabr oyida xalqaro off-road avtoralli musobaqasini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ayni kunda, musobaqa hakamlari guruhi shakllantirilmoqda.

photo5224328086789663358.jpg

Joriy yilda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ko‘magida federatsiya tomonidan Lakeopenair” avtosayyohlar yozgi festivali, “Chimgan Air Battle-2019” paraplanda uchish bo‘yicha O‘zbekiston ochiq chempionati, “4x4 Energy” avtoralli festivali, “SKY accuracy cup 2019” paraplanda uchish va aniq qo‘nish bo‘yicha va xalqaro avtoturizm bo‘yicha musobaqalar, GPS-yo‘nalishida yangi marshrut o‘tkazish va boshqa tadbirlarni tashkil etish rejalashtirilgan.

Qisqacha aytganda, amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar natijasida ekstremal va tog‘ turizmi mamlakatimiz iqtisodiyotiga daromad keltiradigan tarmoqqa aylanmoqda.

Sanjarbek Ro‘ziev
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni
rivojlantirish davlat qo‘mitasi
bosh mutaxassisi.