Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyoda bundan-da yaxshi unvon yoʻq!
19:42 / 2019-09-20

Vatanni sevmoqlik imtihondir bu!

Dunyoda bundan-da yaxshi unvon yoʻq!

Ozod Oʻzbekiston, ozod oʻzbeklar,

Aytsam har tovshimdan sachrab chiqar choʻgʻ.

Har tovshi koʻksimda Tangritogʻ tiklar,

Dunyoda bundan-da goʻzal unvon yoʻq.

Faqat shu unvon deb kuysa boʻladi,

Faqat shu arziydi odam joniga.

Bayroq kabi qadab qoʻysa boʻladi,

Yolgʻiz shu unvonni yurak yoniga.

Koʻz yosh bilan kelar haqiqiy shodlik,

Yigʻlab quvonaman, xalqim, baxtingdan.

Goʻroʻgʻli koʻrinar har bitta otliq,

Quyoshlik izlayman tola yoqtingdan.

Erkning jon suvidan hovuchlab olib,

Har bitta oʻzbekka sepgim keladi.

Oʻzbekligim uchun oʻzgalar qolib,

Hatto, oʻzimni ham oʻpgim keladi.

Hur millat nishonda turadi mudom,

Uygʻoq boʻlmogʻi shart ichi ham tashi.

Koʻzimni ochiq tut yo, Qodir Egam

Quvonchdan aylanib qolmasin boshim.

Ozod Oʻzbekiston, ozod oʻzbeklar,

Har tovshi bir shunqor-ushlab turar choʻgʻ.

Shunqorim tugʻingni balandroq tikla,

Dunyoda bundan-da yaxshi unvon yoʻq.

***

Shu uyning ustida turgan bayroqni

Yogʻoch tutqichidan ohista yechib,

Oʻzimning qoʻlimga oʻrnatgim kelar.

Xumoqush oʻtirgan tugʻromizni ham

Mixlangan taxtadan asta ajratib,

Yuragim ustiga oʻrnatgim kelar.

Ozodlik degan shu bebaho soʻzni,

Devordan beozor koʻchirib olib,

Yashirib qoʻysaydim koʻnglim uyiga.

Mumgardish ichiga kirgim keladi;

Har harfin, har tovshin madhiyamizning

Sodiq askar kabi qoʻrib oʻtirsam

Yomon qarashlardan, yomon koʻzlardan

Men badbin emasman

Shubhachi emas.

Faqat kutib-kutib topganimizni,

Faqat qonlar yutib topganimizni

Mana bu yogʻochmi, Taxtami, Devor-

Mumgardish bir lahza gʻaflatda qolib,

Oldirib qoʻymasa deya qoʻrqaman.

Men ushshoq boʻlsam-da,

Ayol boʻlsam-da

Oʻzimda turgani ishonchliroqday.

Qutlibeka RAHIMBOYEVA,

shoira, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi.