Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyoda 740 millionga yaqin aholida yod tanqisligi kasalliklari mavjud
12:37 / 2025-02-04

Ma’lumki, O‘zbekiston hududi okean va dengizlardan uzoqda joylashgan. Bu esa tabiiy yod moddasi yetishmasligiga sabab bo‘ladi. Shu bois yodlangan mahsulotlar iste’moliga e’tibor qaratish, osh tuzini yodlash amaliyoti qo‘llanib kelinadi. Dunyo bo‘yicha 130 dan ortiq davlatda osh tuzini yodlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan va bu qulay hamda samarali yo‘l ekanligi isbotlangan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan navbatdagi hujjat – aholi o‘rtasida yod yetishmasligi kasalliklarining oldini olish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi bo‘ldi.

– Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining xulosasiga ko‘ra, dunyoda 740 millionga yaqin aholida yod tanqisligi kasalliklari mavjud, 50 million aholida esa miya disfunksiyasi va aqliy zaiflik bor, – dedi deputat Muqaddas O‘rozaliyeva. – Mamlakatimizda esa 285 ming 698 nafar shaxs qalqonsimon bez kasalliklariga chalingan. Qalqonsimon bez kasalliklari 94 ming 341 nafar bolada qayd etilgan.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, yod yetishmasligi kasalliklarining ommaviy profilaktikasi oziq-ovqatda yodlangan tuz ishlatish va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari iste’mol qilish orqali amalga oshirilishi belgilangan. Ammo ayrim osh tuzi ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan osh tuzini yodlash jarayoni talablarga javob bermaydi. Shuningdek, iste’mol bozorini yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirishga qaratilgan hamda osh tuzini ishlab chiqarish, tashish, saqlash, va realizatsiya qilishga doir talablarni belgilash bo‘yicha qo‘shimcha choralarni ko‘rish zarurati yuzaga kelmoqda.

Shu maqsadda ushbu qonun loyihasi bilan Sog‘liqni saqlash vazirligiga osh tuzini va oziq-ovqat mahsulotlarini yodlash uchun foydalaniladigan tarkibida yod bo‘lgan preparatlarni, ularga qo‘yiladigan talablarni, osh tuzini va oziq-ovqat mahsulotlarini yodlashga, yodlangan tuzni ishlab chiqarishga, tashishga, saqlashga va realizatsiya qilishga qo‘yiladigan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena me’yorlarini belgilash hamda uning nazoratini olib borish vakolatlari belgilanmoqda.

Qonun loyihasida ko‘zda tutilayotgan normalar aholi salomatligini muhofaza qilish, yod yetishmasligi kasalliklarini profilaktika qilish, o‘sib kelayotgan avlodning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Moddama-modda muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA