English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyoda 1 milliard 100 million aholi kambag‘allikda yashaydi (+video)
18:28 / 2025-11-12

Mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan tamoyil ustuvor bo‘lgan, ijtimoiy adolat ta’minlangan, ehtiyojmand aholi samarali himoya qilingan jamiyat barpo etilmoqda. Bu boradagi sa’y-harakatlar samarasida bir qator ijobiy natijalar qo‘lga kiritilmoqda, kambag‘allik darajasi qisqarishiga erishilmoqda.

Davlatimiz rahbari Qatar davlatining Doha shahrida o‘tkazilgan Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitidagi ishtiroki davomida O‘zbekistonning ijtimoiy davlat sifatidagi tajribalariga alohida e’tibor qaratdi. Shu bilan birga, o‘z nutqida bir qator global tashabbuslarni ilgari surdi.

—  Davlatimiz rahbari Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitidagi nutqida xalqaro hamkorlik barcha muammolarga tezroq yechim topish uchun eng asosiy yo‘nalish ekanligini aytib o‘tdi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Umida Rahmonova. — Muhim 5 ta tashabbus bo‘yicha g‘oya va takliflarni ilgari surdi.  

Eng avvalo, kambag‘allikka qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga e’tibor qaratildi. Bugungi kunda butun dunyoda 1 milliard 100 million aholi kambag‘allikda istiqomat qiladi. Bu juda katta raqam. Kambag‘allikni qisqartirish va unga yechim topish har bir mamlakatning orzusi. O‘zbekistonda ham bu borada juda keng yo‘nalishda amaliy ishlar olib borilmoqda. Natijada kambag‘allikni qisqartirish darajasi 6,6 foizga tushirildi.  

Ikkinchidan, kambag‘allik nimadan kelib chiqadi? Albatta, bu ishsizlikdan yuzaga keladi. So‘nggi yillarda butun dunyoda aholining bandlik masalasida biroz muammolar paydo bo‘lmoqda. Boisi, texnika va  texnologiyalar, sun’iy intellekt jadal rivojlangani sari o‘z-o‘zidan ish o‘rinlari qisqarib boradi. Bu borada malakali kadrlarni qo‘llab-quvvatlash davlatlar oldidagi eng muhim masaladir. 2024 yilda ishsizlik darajasi 5 foizga yetgan. Bunga qarshi kurashishda bandlikni ta’minlash muhim ekanligiga urg‘u berilib, hukumatlar va biznes sub’ektlari ijtimoiy hamkor sifatida xodimlarni qo‘llab-quvvatlashi zarurligi taklif etildi.  

Shuningdek, davlatimiz rahbari barcha uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish va bu  orqali ijtimoiy muammolarga samarali yechim topish, mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini tizimli himoya qilish,  iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish masalalarida muhim tashabbuslarni ilgari surdi. O‘ylaymanki, O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan ushbu tashabbuslar mavjud muammolarni bartaraf etishga yechim bo‘la oladi.  

Batafsil quyidagi videohavolada.  

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5etoTE_ggEg" title="Dunyoda 1 milliard 100 million aholi kambag‘allikda yashaydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhtarama Komilova, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA