Qisqa, aniq va ishonchli axborot – global dunyoda tezkor xabardorlik garovidir. O‘zA jahonda sodir bo‘layotgan eng muhim voqealarni qisqa satrlarda yoritishda davom etadi.
“Qatar Airways” Masqat va Ar-Riyoddan maxsus reyslar qo‘yadi
Yaqin Sharqdagi urush tufayli Qatar havo hududi yopiq qolmoqda. Shu bois “Qatar Airways” 5-martdan boshlab O‘mon poytaxti Masqat va Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddan cheklangan miqdorda maxsus evakuatsion reyslar amalga oshirishini bildirdi. Masqatdan Londonning Xitrou aeroportiga, shuningdek Berlin, Kopengagen, Madrid, Rim va Amsterdam kabi shaharlarga uchiladi, Ar-Riyoddan esa Frankfurtga parvoz tashkil qilinadi.
Aviakompaniya yo‘lovchilarga aeroportga borishdan oldin rasmiy xabar kutishni tavsiya qildi. Birlashgan Arab Amirliklari ham maxsus reyslar orqali minglab yo‘lovchini evakuatsiya qila boshladi. Shu tariqa ikki kunda 60 samolyotda 17 5000 kishi mamlakatni tark etgan. Ayrim aviakompaniyalar parvozni tiklayapti, ammo mintaqa bo‘ylab havo harakati hamon jiddiy cheklov bilan amalga oshirilyapti.
Xitoy robototexnikada Yevropani ortda qoldiryaptimi?
Dunyo robototexnika bozorida Xitoy yetakchilik sari jadal intilmoqda. 2025-yil iste’molchiga yetkazilgan gumanoid robotlarning 87 foizi Pekinda tayyorlangan. Xanchjoudagi “Unitree” va “Agibot” kabi kompaniyalar innovatsiya va ishlab chiqarish bo‘yicha global bozorda ustunlik qilmoqda. Germaniya Kansleri Fridrix Mers Xitoyga tashrifidan keyin o‘z mamlakati sanoati “endi yetarlicha samarali emas” deya tan olgani ham Yevropa sanoatidagi xavotirni kuchaytirdi.
Binobarin, tahlilchilar Yevropa hali raqobatdan chiqmaganini qayt etgan. Zero, ko‘hna qit’a aniq muhandislik, sanoatni avtomatlashtirish va avtomobil ishlab chiqarish zanjirida hamon kuchli. Mutaxassislar fikricha, Yevropaning asosiy imkoniyati “temir odam” emas, balki sun’iy intellekt, ma’lumot va robotni sanoat jarayoni bilan uyg‘unlashtirish sohasida ko‘rinadi. Investitsiya miqdori esa AQSH va Xitoyda ancha yuqori. Ayni shu jihat Yevropa uchun asosiy muammoga aylangan.
Eron urushi payti kripto bozor avj oldi
AQSH va Isroil Eronga qarshi hujum boshlaganda an’anaviy moliya bozori yopiq edi. Birja faqat dushanba-juma tartibida ishlagani uchun shanba kungi geosiyosiy talvasani darhol baholash imkoni bo‘lmadi. O‘sha vaziyatda 24 soat ishlaydigan kripto platformalar sarmoyadorlar uchun asosiy savdo maydoniga aylandi. Masalan, neftga bog‘liq “Hyperliquid” shartnomalarijuda qisqa muddatda 5 foizdan ko‘p qimmatlashdi. Oltin bilan ta’minlangan “Tether Gold” tokeni savdo hajmi esa 300 million dollardan oshdi.
Ayni holat kripto bozor global moliya tizimida yangi maqomga ega bo‘layotganini ko‘rsatdi. Kuzatuvchilar ushbu hodisani “moliyani o‘zgartirgan dam olish kuni” deb atashdi. An’anaviy birja ham raqobat bosimi ostida qoldi: Nyu-York fond birjasi va “Nasdaq” kelgusida deyarli 24 soatlik savdoni joriy etish rejasini tezlashtirmoqda. Eron urushi chog‘idagi holat moliya bozori doimiy ishlaydigan yangi tartibga o‘tayotganini yana bir bor ko‘rsatdi.
Makron Netanyaxudan Livanda quruqlik bo‘ylab urush boshlamaslikni so‘radi
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefon orqali muloqot qilib, Livan hududiga quruqlikdan harbiy amaliyot boshlamaslikni so‘radi. Uning ta’kidlashicha, bu Livanning hududiy yaxlitligini saqlash va mintaqadagi vaziyat yanada keskinlashmasligi uchun muhim. Shuningdek, farang yetakchisi Livan Prezidenti Jozef Aun va Bosh vazir Navof Salom bilan ham gaplashib, “Hizbulloh”ni Isroilga qarshi hujumni to‘xtatishga chaqirishini so‘radi.
Hozir Livandagi vaziyat keskinlashyapti: yangi raketa va havo hujumi sabab 83 mingdan ko‘p odam uyini tark etgan. Fransiya mintaqadagi xavfsizlikni saqlash maqsadida Kiprga qo‘shimcha havo himoyasi tizimi yuborilishi, “Sharl de Goll” avia tashuvchisi O‘rta yer dengizi tomon yo‘naltirilishini ma’lum qildi.
Senat Trampning Eron urushidagi vakolati cheklanishini rad etdi
AQSH Senatida respublikachilar Prezident Donald Trampning Eronga qarshi harbiy amaliyotini cheklashga qaratilgan qonun loyihasini rad etdi. “Urush vakolati rezolyutsiyasi” nomli bu hujjat yetakchining Kongress roziligisiz yangi hujum amalga oshirish imkoniyatini cheklashi kerak edi.Ovoz berish natijasida 47 ga 53 nisbat hosil bo‘lib, tashabbus qabul qilinmadi.
Shu asnoda mudofaa vaziri Pit Xegset urush avval rejalashtirilgandan ko‘proq – yana sakkiz haftagacha davom etishi mumkinligini bildirdi.
Ayni payt frontda to‘qnashuv kuchayib boryapti: AQSH suv osti kemasi Eron harbiy kemasini torpedo bilan cho‘ktirgandan keyin Tehron mintaqadagi harbiy va iqtisodiy infratuzilmani “butunlay yo‘q qilish” bilan tahdid qildi. Raketa hujumi Isroil shaharlari, jumladan Tel-Aviv va Quddusga qaratildi. Shuningdek, Kuvayt va Bahraynga ham zarba berilgani aytilmoqda. Urush boshlangandan beri Eronda 1000 ga yaqin, Livanda 70 dan ziyod, Isroilda 10 dan ortiq odam halok bo‘lgan.
Livandagi suriyaliklar vataniga qayta boshladi
Isroilning Livanga kuchli havo zarbalari tufayli minglab suriyalik mamlakatni tark etib, o‘z yurtiga qaytmoqda. Chegaradagi Judaydat Yobus va Jussiya o‘tish manzili orqali bir kunning o‘zida taxminan 11 000 kishi qaytgan. Ya’ni, so‘nggi yillardagi vaziyat butunlay o‘zgardi: avval suriyaliklar urushdan qochib Livanga o‘tgan bo‘lsa, hozir aksincha, Livandagi xavf tufayli Suriyaga qaytmoqda.
Chegarada uzun navbat yuzaga kelgan. Ayniqsa Masna’ o‘tish joyida mashinalar kilometrlab tirbandlik hosil qilgan. Livan tomoni noqonuniy migratsiya amaliyoti uchun jarima talab qilmoqda. Natijada jarayon yanada sekinlashyapti. Qaytayotganlar guvohlik berishicha, qaror ixtiyoriy bo‘lsa-da, asosiy sabab Isroil zarbalari va xavfdan qo‘rqish.
AQSH suv osti kemasi Eron harbiy kemasini cho‘ktirdi
Amerika suv osti kemasi Hind okeanida, Shri-Lanka sohili yaqinida Eronning “IRIS Dena” harbiy kemasini torpedo yordamida cho‘ktirgan. AQSH mudofaa vaziri Pit Xegset ma’lum qilishicha, bu Ikkinchi jahon urushidan keyin torpedo bilan raqib kemasi cho‘ktirilgan birinchi holat. Xalqaro suvda qo‘riqlash xizmatini olib borayotgan bu kema raketa, to‘p va torpedo to‘plami bilan jihozlangan edi.
Nishonga olingan kemada taxminan 180 kishi bo‘lgan. Shri-Lanka harbiy-dengiz kuchlari qutqaruv amaliyoti o‘tkazib, 87 odamning jasadini topdi, 32 kishining hayoti saqlab qolingan va ular Galle shahridagi shifoxonaga joylashtirilgan. AQSH ma’lumotiga ko‘ra, urush davomida Eronning kamida 17 harbiy kemasi yo‘q qilingan.
2040-yilga borib dunyoda semiz bolalar soni 228 millionga yetadi
Yangi “World Obesity Atlas-2026” hisobotiga ko‘ra, bolalar o‘rtasida semizlik muammosi dunyo bo‘ylab keskin o‘smoqda. 2025-yil 5-19 yoshli 177 million bola semirish holatini boshdan kechirgan. 2040-yilga borib ushbu ko‘rsatkich 228 millionga yetishi taxmin qilinyapti. 2027-yildan boshlab tarixda ilk bor baqaloq bolakaylar ozg‘in tengdoshlaridan ko‘payib ketishi mumkin. Mutaxassislar ayni holatni global oziqlanish bilan bog‘liq jiddiy masala, deya baholamoqda.
Bolalar semirishining asosiy sababi sifatida noto‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik kamligi, ona salomatligi, kam emizish va maktab ovqatlanish tizimidagi muammolar ko‘rsatilgan. Agar tezkor chora ko‘rilmasa, 2040-yilga kelib kamida 120 million bolada yurak kasalliklari, diabet va jigar muammosining ilk belgilari paydo bo‘lishi ehtimoli yuqori. Tadqiqot mualliflari mazkur muammo nafaqat tibbiy, balki iqtisodiy va ijtimoiy xavfga aylanayotganini ta’kidlamoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA