Qisqa, aniq va ishonchli axborot – global dunyoda tezkor xabardorlik garovidir. Binobarin, O‘zA jahonda sodir bo‘layotgan eng muhim voqealarni qisqa satrlarda yoritishda davom etadi.
Isroil Livanga zarba berdi
Isroil Eronga qarshi operatsiyalarini kengaytirib, Livandagi Hizbulloh pozitsiyalariga yangi havo zarbalari berdi. Tel-Aviv bayonotiga ko‘ra, bu harakat guruhning raketa va dron hujumlariga javob bo‘lgan. Bayrut janubidagi portlashlardan keyin aholi ommaviy ravishda shaharni tark eta boshladi. Isroil armiyasi “Hizbulloh har qanday keskinlashuv uchun to‘liq javobgar” ekanini ta’kidladi.
AQSH prezidenti Donald Tramp operatsiyalar haftalar davom etishi mumkinligini bildirgan. Hujumlar neft narxining oshishi va xalqaro aviaqatnovlar uzilishlariga sabab bo‘lib, Yaqin Sharqdagi inqiroz yanada chuqurlashayotganini ko‘rsatmoqda.
AQSH ziddiyatdagi ilk qurbonlar nomini e’lon qildi
Vashington harbiylari Eronga qarshi operatsiyalarda uch nafar amerikalik askar halok bo‘lgani, yana besh nafari og‘ir yaralanganini ma’lum qildi. Rasmiylarga ko‘ra, mingdan ortiq nishon zarba ostiga olingan, jumladan, yerosti raketa inshootlari ham. Tramp halok bo‘lganlarni “vatanparvarlar” deb atab, amaliyotlar yana kamida to‘rt hafta davom etishi mumkinligini aytdi.
Ba’zi ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, amerikaliklarning atigi 27 foizi zarbalarni qo‘llab-quvvatlamoqda, 43 foizi esa qarshi. Eron prezidenti Ma’sud Pezeshkiyon oliy rahbar vafotidan so‘ng vaqtincha rahbarlik kengashi tuzilganini aytdi.
Bozorlar Yaqin Sharq mojarosi ortidan kuchli “zarba”dan xavotirda
Yaqin Sharqdagi nizo investorlar uchun asosiy tahdidga aylandi. AQSH–Isroil zarbalari ortidan Eron oliy rahbarining o‘limi va Hormuz bo‘g‘ozida neft tashishda uzilishlar bozorlarni larzaga soldi. “Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, Brent nefti narxi dushanba kuni 8 foizga “sakradi” va yil boshidan buyon qariyb 30 foiz oshgan. Oltin 2026-yilda 24 foiz qimmatlashgan, AQSH obligatsiyalari esa “xavfsiz panoh” sifatida ko‘rilmoqda.
Tahlilchilarga ko‘ra, agar neft 100 dollar atrofiga chiqsa, bu global inflyatsiyaga qo‘shimcha 0,6-0,7 foiz bosim qo‘shishi mumkin. Tramp boshchiligidagi operatsiyalar davom etishi mumkinligi haqidagi bayonotlar esa noaniqlikni kuchaytirmoqda. Ayrim sarmoyadorlar esa bozorlar xavfni yetarlicha baholamaganini ta’kidlab, keskin pasayish ehtimolidan ogohlantirmoqda.
Eron mojarosi ortidan Osiyo aviakompaniyalari aksiyalari “quladi”
AQSH – Isroil – Eron ziddiyati avj olgach, Osiyo aviakompaniyalari aksiyalari keskin pasaydi. “Qantas Airways” aksiyalari savdo ochilishida 10 foizdan ortiq tushib ketdi, “Cathay Pacific”, “Singapore Airlines” va “Japan Airlines” ham 5 foizdan ko‘proq yo‘qotish qayd etdi. Dubay va Dohadagi asosiy aviaxablar uchinchi kun yopiq qolmoqda, minglab reyslar bekor qilingan.
Neft narxi 7 foizga oshib, oylar davomidagi eng yuqori nuqtaga yetdi — bu aviakompaniyalar xarajatlarini yanada og‘irlashtiradi. “Qatar Airways” reyslari bekor qilinishi ortidan yo‘lovchilar Avstraliya va Yevropa aeroportlarida ma’lumotsiz qolganini aytmoqda. Aviakompaniyalar hozircha jadvallarni to‘liq qayta ko‘rib chiqishga shoshilmayotganini ta’kidlamoqda.
Kim Chen In partiya elitasiga yangi snayper qurollarini sovg‘a qildi
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Mehnat partiyasining IX qurultoyi munosabati bilan yuqori lavozimli partiya va harbiy amaldorlarga yangi avlod snayper miltiqlarini tantanali ravishda topshirdi. “Korean Central News Agency” xabar qilishicha, qurol mamlakat Mudofaa fanlari akademiyasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, Kim uni “ajoyib qurol” deb atagan va buni ishonch ramzi sifatida taqdim etgan.
Sovg‘a olganlar orasida Markaziy harbiy komissiya a’zolari, Koreya xalq armiyasi qo‘mondonlari va Kimning singlisi Kim Yo Chjon ham bor. Rasmiy fotolarda Kimning o‘smir qizi — Ju Eni otish maydonida miltiq bilan ko‘rish mumkin. Ekspertlar uni ehtimoliy voris sifatida tayyorlanayotgani haqidagi taxminlar kuchayayotganini aytmoqda. Qurultoy haftalik tadbirlardan so‘ng harbiy parad bilan yakunlandi.
Starmer: AQSH Eron raketalariga qarshi Britaniya bazalaridan foydalanishi mumkin
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Qo‘shma Shtatlarga Birlashgan Qirollik harbiy bazalaridan Eron raketalari omborlari va uchirish moslamalariga qarshi “cheklangan himoyaviy zarbalar” uchun foydalanishga ruxsat berilganini bildirdi. Unga ko‘ra, qaror Tehronning mintaqada raketa hujumlarini oldini olish va o‘z fuqarolarini himoya qilish maqsadida qabul qilingan.
Starmer London AQSH–Isroilning Eronga qarshi ilk hujumlarida ishtirok etmaganini va keyingi zarbalarga qo‘shilmasligini ta’kidladi, biroq javob hujumlarida Britaniya manfaatlari va fuqarolariga xavf tug‘ilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror “uzoq yillik ittifoqchilarning jamoaviy o‘zini himoya qilish huquqi”ga asoslangan va xalqaro huquq doirasida qabul qilingan.
Avstraliya Eron mojarosida harbiy ishtirokni rad etdi
Avstraliya tashqi ishlar vaziri Penni Vong Kanberra Erondagi mojaroda hech qanday harbiy amaliyotda qatnashmasligini ma’lum qildi. Uning aytishicha, mamlakat AQSH–Isroil zarbalarida ishtirok etmagan va kelgusida ham qatnashishni rejalashtirmayapti. Ayni paytda mintaqada taxminan 115 ming avstraliyalik bor, ammo havo hududlari yopiqligi tufayli evakuatsiya murakkab kechmoqda.
Mamlakat mudofaa vaziri Richard Marlz Dubay yaqinidagi Al-Minhad aviabazasida xizmat qilayotgan 100 nafar avstraliyalik harbiyning xavfsizligi ta’minlanganini bildirdi. Erondagi keskinlashuv va Tramp operatsiyalar bir necha hafta davom etishi mumkinligi haqidagi bayonotlar fonida Avstraliya mojaroga aralashmaslik pozitsiyasini yana bir bor tasdiqladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA