Qisqa, aniq va ishonchli axborot global dunyoda tezkor xabardorlik garovidir. Binobarin, O‘zA muntazam ravishda jahonda sodir bo‘layotgan eng muhim voqealarni qisqa satrlarda ifodalashga harakat qiladi.
Ispaniya davlat to‘ntarishiga oid maxfiy hujjatlarni e’lon qildi
Ispaniya hukumati 1981-yil 23-fevraldagi (23-G‘) muvaffaqiyatsiz harbiy to‘ntarishga oid 153 maxfiy hujjatni e’lon qildi. Mamlakat Bosh vaziri Pedro Sanches bu qarorni “jamiyat oldidagi tarixiy qarzni uzish” deb atadi. Hujjatlar orasida harbiylarning telefon suhbatlari tavsifi, razvedka hisobotlari va 18 soatlik garov inqirozi paytidagi vazirlik yozishmalari bor. Ayrim buyruq nusxalarida “ogohlantiruvchi o‘qdan keyin mo‘ljallab o‘q uzish” ko‘rsatmalari ham qayd etilgan.
Shuningdek, materiallar qirol Xuan Karlos I to‘ntarish haqida soat 18:22 da radiodan xabar topgani va tungi murojaati orqali isyonni barbod qilganini tasdiqlaydi. 23-G‘ chog‘ida podpolkovnik Antonio Teyero parlamentni bosib olgan, generallar Milans del Bosh va Armada rejani qo‘llab-quvvatlagan. Sud keyinchalik asosiy aybdorlarga 30 yillik qamoq jazosi tayinlagan. Hujjatlar 1968-yilgi davlat siri qonunini yangilash muhokamasi asnosida oshkor bo‘ldi.
Kiyevdan “Drujba”ni tezroq ta’mirlash so‘raldi
Yevropa Komissiyasi Ukrainadan Rossiya zarbasi tufayli shikastlangan “Drujba” neft quvuri tezroq ta’mirlanishini so‘ramoqda. Shu oqim orqali Rossiyadan neft olayotgan Vengriya va Slovakiya ta’minot uzilishi ortidan ikki karra veto qo‘llab, Kiyev uchun ajratilgan 90 milliard yevro kredit va Rossiyaga qarshi 20-sanksiya to‘plamiini to‘sib qo‘ygan. Bryusseldagi texnik uchrashuvdan so‘ng Komissiya ta’minot xavfsizligiga hozircha tahdid yo‘qligini bildirdi.
Ayni payt Xorvatiyadan o‘tgan JANAF (Adria quvuri) eng maqbul muqobil sifatida ko‘rilyapti. Ushbu tizim Vengriya va Slovakiya ehtiyojini to‘liq qoplash quvvatiga ega, biroq Budapesht va Bratislava arzon RF neftidan voz kechishni istamayapti. Kiyev esa ta’mir ishlari davom etayotganini bildirib, “ultimatum va siyosiy bosim” qabul qilinmasligini aytdi. Muammo Ukrainaga aprel oyida zarur bo‘ladigan moliyaviy yordam taqdiriga bevosita ta’sir qilmoqda.
Kim Chen In: Seulga eshik yopiq, ammo AQSH bilan “kelishib yashash” mumkin
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In hukmron Mehnat partiyasi qurultoyida Seul bilan har qanday yaqinlashuv imkoniyatini keskin inkor etdi. U Janubiy Koreyani “dushman sub’ekt” deb atab, janubliklarni “vatandosh toifasidan butunlay chiqarishi”ni bildirdi. Pxenyan, agar xavf tug‘ilsa, Janubni “to‘liq yo‘q qilish” qudratiga egaligini ham ta’kidladi. Mazkur bayonot Shimolning yadroviy zaxirasiga hamda Moskva va Pekin bilan yaqin aloqalariga tayanayotgan yangi, keskin tashqi siyosatini yana bir bor namoyon qildi.
Ayni payt Kim mamlakati Vashingtonga nisbatan shartli ravishda ochiqligini bildirdi: Agar AQSH Shimoliy Koreyaning yadroviy maqomini tan olsa va “dushmanona siyosatidan voz kechsa”, ikki tomon “yaxshi til topisha olishi” mumkin. Davlat axborot agentligi “Korean Central News Agency” ma’lum qilishicha, Kim Chen In yangi suv osti qit’alararo ballistik raketalar va taktik yadroviy qurollarni rivojlantirishga chaqirgan. Demak, Pxenyan muzokaraga faqat o‘z shartlari asosida tayyor ekani yana bir bor anglashiladi.
AQSHda ro‘yxatdan o‘tgan tez yurar qayiqdagi to‘rt kishi otib o‘ldirildi
Kuba rasmiylari ma’lum qilishicha, Floridada ro‘yxatdan o‘tgan tez yurar qayiq mamlakat suvli hududiga kirib, to‘xtash haqidagi talabga bo‘ysunmagan va chegarachilarga o‘q uzgan. Shundan so‘ng javob otishmasi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan, olti nafar yo‘lovchi yaralangan.
“Euronews” yozishicha, qayiqdagi 10 kishi AQSHda yashovchi qurollangan kubaliklar bo‘lib, “terror harakatini amalga oshirish maqsadida orolga kirishga uringan”.
Davlat kotibi Marko Rubio voqea yuzasidan mustaqil tekshiruv boshlanganini aytib, halok bo‘lganlar AQSH fuqarosi yoki doimiy rezidentligi aniqlanayotganini bildirdi. Hodisa Vashington va Gavana o‘rtasidagi keskinlik asnosida sodir bo‘ldi. Ma’lumki, Tramp ma’muriyati Kubaga nisbatan neft qamalini kuchaytirgan, Migel Diac-Kanel esa muzokara faqat “teng shart asosida” bo‘lishini ta’kidlab kelmoqda.
Makron Yevropa yadroviy qalqoni haqida yangi bayonot beradi
Prezident Emmanuel Makron dushanba kuni Yevropa miqyosida Parijning yadroviy hissasi bo‘yicha muhim nutq so‘zlashi kutilyapti. U Fransiyaning yadroviy tiyib turish salohiyatini yevropalik sheriklar bilan “muvofiqlashtirish” taklifi NATO yoki AQSH yadroviy qalqoni bilan raqobat emasligini ta’kidlamoqchi. Ma’ruza uchun mamlakatning to‘rtta ballistik raketa tashuvchi atom suv osti kemasi joylashgan Il-Long yarim oroli tanlangan.
Yevropada bu mavzuga qiziqish Rossiya – Ukraina nizosi va Donald Tramp davrida Vashingtonning xavfsizlik kafolati masalasiga noaniq yondashuvi ortidan kuchaydi. “Qat’iy yetarlilik” tamoyiliga amal qiladigan Fransiyada taxminan 300 yadro kallagi bor. Bu AQSH va Rossiya zaxirasidan ancha kam. Parij va London o‘tgan yoz imzolangan “Northwood Declaration” bitimi orqali hamkorlikni chuqurlashtirgan. Yelisey saroyi maqsad qurol poygasi emas, balki Yevropaning mustaqil tiyib turish qobiliyatini mustahkamlash ekanini takrorlab keladi.
Bryussel ogohlantiradi: Polsha “yirik qarzdorlar” qatoriga
qo‘shilishi mumkin
Yevrokomissiya 2025-yilgi Qarz barqarorligi monitoringida agar Polsha davlat qarzi bo‘yicha jiddiy islohot o‘tkazib, xarajatni qisqartirish chorasini ko‘rmasa, 2036-yilga borib mamlakatning qarzi yalpi ichki mahsulotning taxminan 107 foiziga yetishi mumkinligini bildirdi. 2025-yil III chorakdan keyingi keskin sakrashni anglatayotgan hozirgi 58 foiz ko‘rsatkich tufayli Polsha ko‘hna qit’adagi eng yirik qarzdor davlatlar qatoriga qo‘shilishi mumkin. Taxminga ko‘ra, faqat Italiya (149%), Fransiya (144%), Belgiya (137%) va Ispaniya (108%) mazkur ehtimoliy darajadan yuqori.
Qisqa muddatda xavf cheklangan, deya baholangani bilan, o‘rta va uzoq muddatda tizim kamomadi va qarzga xizmat ko‘rsatish xarajati o‘sishi bosimni kuchaytiradi. Komissiya fikricha, 2036-yilga kelib Polshaning yalpi qarz olish ehtiyoji YAIM 20 foiziga yetishi mumkin. Iqtisodchi Anjey Sadovskiy esa “yunon ssenariysi”ni esga solib, tartibga solishni qisqartirish va davlat xarajatini kamaytirish taklifini bergan.
Ispaniya bolalarga energetik ichimlik sotishni taqiqlamoqda
Ispaniya hukumati 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga energetik ichimlik sotishni taqiqlovchi qoida joriy qiladi. Bu haqda ijtimoiy huquq vaziri Pablo Bustinduy ma’lum qildi. Kofein miqdori belgilanganidan yuqori bo‘lgan ichimliklar esa 18 yoshga yetmaganlarga umuman sotilmaydi. Ushbu qaror o‘smirlar salomatligiga kofeinning salbiy ta’siri xususidagi ma’lumotga asoslangan.
Mazkur tashabbus bolalarni zararli reklama va nosog‘lom mahsulotdan himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli loyihaning bir qismi hisoblanadi. Qayd etilishicha, aholining 90 foizi bu taqiqni qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu tariqa Ispaniya Litva, Latviya kabi ayni yo‘nalishda yoshga doir cheklov joriy etgan davlatlar qatoriga qo‘shiladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA