Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
14:51 / 2026-02-18

Qisqa, aniq va ishonchli axborot – global dunyoda tezkor xabardorlik garovidir. Binobarin, O‘zA jahonda sodir bo‘layotgan eng muhim voqealarni qisqa satrlarda yoritishda davom etadi.

Yevrokomissiya kadrlarni saralamoqchi

Does the EU need an urgent staff renewal? The EPSO exam is back | Euronews

Yevropa Ittifoqining kadrlarni saralash idorasi (EPSO) yetti yillik tanaffusdan so‘ng “AD5” tanlovini qayta boshladi. Bu Yevrokomissiyada doimiy amaldor bo‘lish uchun asosiy “kirish yo‘li” hisoblanadi. Boshlang‘ich maosh oyiga 6 758 yevrogacha yetadi va ish uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlaydi. 1 490 zaxira o‘rinlari uchun 50–60 ming nomzod hujjat topshirishi kutilmoqda.

Muvaffaqiyatga erishish esa oson emas, nomzodlar mantiqiy fikrlash, YeI haqida bilim, raqamli ko‘nikmalar va siyosat bo‘yicha yozma imtihonlardan o‘tishi kerak. Natijada taxminan 750 nafar omadli insongina doimiy lavozimga ega bo‘ladi. Bryussel bu orqali nafaqaga yaqinlashgan kadrlar o‘rnini yangi, raqamli bilimli avlod bilan to‘ldirishni maqsad qilmoqda.

Kanada Yevropa tomon yuzlanmoqda

The EU and Canada: Strengthening a longstanding strategic Horizon Europe  partnership

Kanada moliya vaziri Fransua-Filipp Shampan Bryusselda yevrohudud moliya vazirlarining yopiq yig‘ilishida ishtirok etdi. Xalqaro jamoatchilikni qiziqtirgan jihati — bu formatga birinchi marta kanadalik rasmiy taklif etildi. 

Uchrashuvda global makroiqtisodiy nomutanosibliklar va geoiqtisodiy tahdidlar muhokama qilindi. Ekspertlar fikricha, Ottava AQSH bilan munosabatlari sovuqlashgan bir paytda Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga intilmoqda.

Tomonlar xalqaro savdo va moliyaviy tizimda yevroning rolini kuchaytirish masalasini ham ko‘tardi. Kanada rahbariyati “qoidalarga asoslangan tartib zaiflashmoqda” deya baholab, tariflar va moliyaviy infratuzilmaning siyosiy bosim vositasiga aylanayotganidan xavotir bildirdi. Muhokamalar G7 va G20 doirasida davom ettirilishi kutilmoqda.

Suriya “Al-Hol” lagerida evakuatsiyani boshladi

Islamic State Families to Be Cleared from al-Hol Camp

Suriya hukumati mamlakat shimoli-sharqida joylashgan “Al-Hol” lagerini bo‘shatish jarayonini boshladi. Ilgari kurdlar nazoratida bo‘lgan bu hudud o‘tgan oy Damashq qo‘shinlari qo‘liga o‘tgan. Rasmiylarga ko‘ra, lagerda qolgan aholi Aleppo viloyatidagi boshqa joylarga ko‘chirilmoqda. “Al-Hol”da asosan ISHID deb gumon qilingan jangarilarning qarindoshlari — ayollar va bolalar istiqomat qilgan, ularning umumiy soni 24 ming atrofida ekanligi aytilmoqda.

BMT Qochqinlar agentligi lager aholisi keskin kamayganini tasdiqladi. Ayrim xorijlik fuqarolar allaqachon olib ketilgan, biroq inson huquqlari tashkilotlari Iroqqa o‘tkazilgan minglab gumonlanuvchilar taqdiri yuzasidan xavotir bildirmoqda. Ular adolatsiz sud va qiynoq xavfi borligini ta’kidlamoqda.

Jeneva muzokaralari: Tehron va Vashington “umumiy tamoyillar”ga yaqinlashdi

Informed source reveals time, venue of 4th Iran-US talks - Mehr News Agency

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi Jenevada o‘tgan muzokaralarda AQSH bilan yadroviy bahs yuzasidan asosiy “yo‘l xaritasi tamoyillari” bo‘yicha tushunishga erishilganini bildirdi. Unga ko‘ra, tomonlar bir qator g‘oyalarni muhokama qilib, ayrim masalalar bo‘yicha umumiy kelishuvga yaqinlashgan, biroq bu hali to‘liq bitim tuzildi degani emas. 

Araqchining bayonotidan so‘ng neft bozorida keskin reaksiya kuzatildi. Muzokaralar fonida Eron qisqa muddatga Hurmuz bo‘g‘ozining bir qismini yopganini ma’lum qildi, bu joy jahon neft ta’minoti uchun strategik ahamiyatga ega hudud hisoblanadi. O‘mon vositachiligida o‘tgan muzokaralar “aniq keyingi qadamlar” bilan yakunlangani aytilmoqda, ammo mintaqadagi siyosiy keskinlik hali to‘liq bartaraf etilmagan.

Yaponiya AQSHga 36 mlrd dollar sarmoya kiritadi

Trump unveils first Japan investments under trade pact - VnExpress  International

AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Yaponiya tomonidan 36 milliard dollarlik uch yirik loyiha moliyalashtirilishini e’lon qildi. Ular orasida Ohayoda 33 milliard dollarlik gaz elektrostansiyasi, Texasda neft eksport terminali va Jorjiyada sun’iy sanoat olmosi ishlab chiqarish zavodi bor. Bu sarmoyalar kunchiqar yurtning 550 milliard dollarlik investitsiya majburiyati doirasida amalga oshirilmoqda va Tramp tariflarni 15 foizga tushirish bo‘yicha savdo kelishuvini shu bilan bog‘ladi.

Ohayodagi stansiya 9,2 gigavatt quvvatga ega bo‘lib, sun’iy intellekt markazlari uchun elektr talabining o‘sishiga javob beradi. Texas loyihasi AQSH neft eksport quvvatini oshirishga qaratilgan, Jorjiyadagi olmos zavodi esa yarimo‘tkazgich sanoati uchun muhim xomashyo ishlab chiqaradi. Loyihalar foydasi dastlab 50/50 taqsimlanishi, keyinchalik AQSH foydasi 90 foizgacha oshishi rejalashtirilgan.

Lionda taniqli siyosatchi o‘limi yuzasidan tergov boshlandi

Investigators search for perpetrators of fatal assault of far-right activist  in Lyon

Fransiyaning Lion shahrida siyosatchi Kventin Derankning o‘limi yuzasidan to‘qqiz nafar gumonlanuvchi hibsga olindi. 23 yoshli Derank o‘tgan hafta o‘ngchilar namoyishi chog‘ida kamida olti kishi tomonidan kaltaklanib, og‘ir miya jarohati oqibatida vafot etgan. Qo‘lga olinganlar orasida parlament a’zosi Rafael Arnoning yordamchisi ham bor, u darhol ishdan bo‘shatilgan.

Hodisa mahalliy saylovlar va 2027-yilgi prezidentlik “poygasi” oldidan yuz bermoqda. Ayni payt mamlakat tergov idoralari ishni qasddan odam o‘ldirish sifatida ko‘rib chiqmoqda. O‘lka Milliy assambleyasi Derank xotirasiga bir daqiqa sukut saqladi, Lionda esa xotira marshi rejalashtirilgan.

Havo ifloslanishi alsgeymer xavfini oshiradi

Air pollution exposure linked to higher dementia risk, major study finds -  The Economic Times

Yangi tadqiqotlarga ko‘ra, havo ifloslanishiga ko‘proq duch kelgan insonlarda alsgeymer kasalligi rivojlanish xavfi yuqori bo‘ladi. AQSHdagi Emori universiteti olimlari 2000–2018-yillar oralig‘ida 65 yoshdan oshgan 27 milliondan ortiq inson ma’lumotlarini tahlil qilgan. Ushbu davrda taxminan 3 million kishida alsgeymer kasalligi aniqlangan. Tadqiqot havodagi mayda zarrachalar (PM2.5) miqdori bilan kasallik o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik borligini ko‘rsatgan.

Olimlar iflos havo miyaga bilvosita emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qilishini ta’kidlamoqda. Ayniqsa, insult o‘tkazgan insonlarda xavf yanada yuqori ekani qayd etilgan. Mutaxassislar havo sifati yaxshilanishi demensiya xavfini kamaytirishga yordam berishini ta’kidlab, bu muammo global darajada hamkorlikni talab qilishini aytmoqda. 

Musulmon Ziyo, O‘zA