Qisqa, aniq va ishonchli axborot – global dunyoda tezkor xabardorlik garovidir. Binobarin, O‘zA jahonda sodir bo‘layotgan eng muhim voqealarni qisqa satrlarda yoritishda davom etadi.
“Ozarbayjon elchixonasi ataylab nishonga olingan” — Aliyev
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Rossiyani Ukrainadagi Ozarbayjon elchixonasiga ataylab zarba berganlikda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Boku Moskvaga diplomatik vakolatxonalar koordinatalarini taqdim etganiga qaramay, 2025-yil iyul, avgust va noyabr oylarida elchixona hududi uch marta bombardimon qilingan. Aliyev bu harakatni mamlakatga nisbatan “do‘stona bo‘lmagan qadam” deb baholadi.
Euronews nashri yozishicha, zarbalar nafaqat elchixonaga, balki Ukrainada faoliyat yurituvchi “SOCAR” energetika infratuzilmasiga ham zarar yetkazgan. RF esa ayblovlarni rad etib, zarar Ukraina havo himoya tizimi nosozligi yoki harbiy nishonlarga qarshi amaliyot oqibatida kelib chiqqan bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Boku Moskvaga rasmiy diplomatik nota topshirganini ma’lum qildi.
Suriya Yevropa bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlamoqchi
Dubaydagi Jahon hukumatlari sammitida Suriya investitsiya agentligi rahbari Talal Hilali Yevropa sarmoyadorlariga murojaat qilib, 2025-yil mamlakat iqtisodiy tiklanishida burilish nuqtasi bo‘lganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, energetika sohasidagi islohotlar natijasida elektr ta’minoti kuniga 3 soatdan 13 soatgacha oshirilgan va yaqin orada 24 soatlik ta’minlash maqsad qilingan. Bu ishlab chiqarish va turizmni jonlantirish uchun asos bo‘lishi kutilmoqda.
Hilali yangi qabul qilingan “Investment Law 114”ni investorlar uchun kafolat deb atadi. Qonunga ko‘ra, xorijlik sarmoyadorlar loyihaning 100 foiziga egalik qilishi, foyda va sarmoyani erkin olib chiqishi mumkin. Ayrim sohalarda soliq imtiyozlari ham nazarda tutilgan. Rasmiy Damashq korrupsiyaga nisbatan “qat’iy qizil chiziq” e’lon qilganini bildirib, Yevropa bilan hamkorlik qilish istagini bildirmoqda.
Indoneziya G‘azo uchun 8 ming harbiy tayyorlamoqda
Indoneziya armiyasi joriy yil iyun oyiga qadar G‘azoda ehtimoliy tinchlikparvarlik va gumanitar missiyasi uchun 8 ming nafar harbiy tayyor holatga keltirilishini ma’lum qildi. Qurolli kuchlar vakillari tarkibiy brigada shakllantirilganini, aprel oyigacha ming nafar guruh tayyor bo‘lishini bildirdi, biroq askarlarni jo‘natish haqidagi siyosiy qaror hali qabul qilinmagan.
Rasmiy Jakartaga ko‘ra, missiya faqat gumanitar yo‘nalishda bo‘ladi — tibbiy xizmat, tinch aholini himoya qilish va tiklanish ishlariga qaratilgan. Indoneziya G‘azoda harbiy to‘qnashuvlarda ishtirok etmasligini ma’lum qilgan. Ekspertlar bu qadamni Falastin manfaatlarini himoya qilish va urushdan keyingi barqarorlikni ta’minlashga hissa qo‘shish sifatida baholamoqda.
Avstraliya Suriyadagi ISHIDga aloqador fuqarolarni qaytarmaydi
Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze Suriyadagi ISHID bilan bog‘liq fuqarolarni mamlakatga repatriatsiya qilish rejasi yo‘qligini bildirdi. Uning bayonoti 34 nafar avstraliyalik ayol va bolalarning Al-Roj lagerida qolgani, Damashq orqali vatanga qaytishga urinishi jarayonida Suriya rasmiylari tomonidan to‘xtatilgani ortidan yangradi.
Inson huquqlari tashkilotlari esa lager sharoitlarida qiynoqlar va zo‘ravonlik holatlari mavjudligidan xavotir bildirmoqda. BMT ham bir necha bor davlatlarni o‘z fuqarolarini repatriatsiya qilishga chaqirgan. Kanberra esa milliy xavfsizlik omillarini asos qilib, agar ular qaytsa, qonun to‘liq qo‘llanilishini ma’lum qilgan.
Fransiya g‘arbida toshqin: qurbonlar bor
Fransiyaning g‘arbiy hududlarida bir necha hafta davom etgan kuchli yomg‘irlar oqibatida yirik toshqinlar yuz berdi. Mamlakat bo‘yicha 81 hududda favqulodda ogohlantirish e’lon qilingan. Kamida 2 kishi halok bo‘lgan, 850 mingga yaqin xonadon elektr ta’minotisiz qolgan. Energetika kompaniyasi “Enedis” mutaxassislari avariyalarni bartaraf etish ishlarini boshlagan.
Jironda va Lo-e-Garonna hududlarida daryo sathi rekord darajaga yetgan. Sent-Krua-dyu-Mon yaqinida to‘g‘on buzilib, yo‘llar yopilgan va o‘nlab aholi evakuatsiya qilingan. Bordo atrofida transport harakati cheklangan, Parijda esa Sena daryosi suvi ko‘tarilishda davom etmoqda. Yangi yomg‘irlar janubda vaziyatni yanada og‘irlashtirishi mumkin.
Oltin narxi pasaydi: xavflar yumshadi(mi)?
Jahon bozorida oltin narxi pasayishda davom etmoqda. Geosiyosiy keskinlikning yumshashi — xususan, Eron va Rossiya atrofidagi vaziyat barqarorlashayotgani investorlar xavotirini kamaytirdi. Oltin 0,8 foizga tushib, unsiyasi 4 953,90 dollarga yetdi, AQSH fyucherslari esa 1,5 foizga arzonlashdi. Shu bilan birga, dollar indeksi 0,2 foizga ko‘tarilgan.
Bozor ishtirokchilari endi AQSH Federal zaxira tizimining yanvar oyidagi yig‘ilishi bayonnomasini kutayotir. Mutaxassislar fikricha, foiz stavkalari bo‘yicha signallar oltin dinamikasiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Hozirgi kutilmalarga ko‘ra, ilk stavka pasaytirilishi iyun oyida amalga oshishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA