-
Isroil harbiylari yevropalik diplomatlar tomonga o‘q uzdi
G‘arbiy Sohildagi Jenin shahrida xunuk voqea yuz berdi. Isroil harbiylari turli mamlakatlardan kelgan 25 nafar elchi va diplomatlardan iborat delegatsiyaga qarata tasodifan ogohlantiruvchi o‘t ochgan. Isroil armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, delegatsiya tasdiqlangan marshrutdan chetga chiqib, faol jangovar hududga tushib qolgan.

Isroil rasmiylari voqeadan afsusda ekanini aytib, sodir bo‘lgan voqea tushunmovchilik ekanini ta’kidlagan. Italiya, Fransiya, Belgiya va Ispaniya tashqi ishlar vazirliklari voqeani qoralab, Isroildan rasmiy tushuntirish talab qildi.
Qozog‘iston TDT qoshida doimiy vakolatxonasini ochadi

Bu haqda mamlakat prezidenti Qasim- Jomart Toqayev Budapeshtda birlashgan hududiy hamjamiyat rahbarlarining norasmiy sammitidagi nutqida aytib o‘tdi.
U 11-12 iyun kunlari Ostona shahrida Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasining 14-yalpi majlisi bo‘lib o‘tishi haqida xabar berib, Turkiy davlatlar saylov organlarining Maslahat platformasini yaratish muhimligini ta’kidladi.
Toqayev shuningdek, iyun oyidan boshlab Olmaota shahri birlashgan hududiy hamjamiyatning yoshlar poytaxti bo‘lishini ma’lum qildi.
Bitkoin rekord darajada qimmatlashmoqda

Savdo ma’lumotlariga ko‘ra, Bitkoin kriptovalyutasi narxi 2,87 foizga o‘sib, tarixda birinchi marta 110 ming dollardan oshib ketgan.
Bir kun avval 20 dan ortiq birjalar bo‘yicha o‘rtacha narxni hisoblab boradigan “CoinMarketCap” ma’lumotlariga ko‘ra, Bitkoin narxi 0,48 foizga oshib, o‘rtacha 106 844,4 dollarni tashkil qilgan.
May oyining boshidan buyon ushbu kriptovalyutaning qiymati 14 foizga o‘sdi va ikkinchi oyki narx ko‘tarilishda davom etmoqda.
Tahlilchilarning fikricha, AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan Bitkoinni qo‘llab-quvvatlash bozorga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Yevropa Ittifoqi elchilari “SAFE” rejasi bo‘yicha kelishib oldi

Rejani Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari, keyin esa Yevropa parlamenti tasdiqlashi kerak. Unda hamjamiyat byudjet mablag‘lari va Yevropa komissiyasi tomonidan umumevropa krediti shaklida jalb qilingan mablag‘lar hisobidan 150 milliard yevrolik umumiy jamg‘arma yaratish ko‘zda tutilgan. Mablag‘larni Yevropa Komissiyasi boshqaradi.
Shunday qilib, Yevropa Komissiyasi tarixda birinchi marta bir vaqtning o‘zida o‘z xohishiga ko‘ra harbiy buyurtmalarni tarqatish imkoniyatiga ega bo‘ladi va ular bajarilgach, o‘z nazorati ostidagi harbiy texnika, uchuvchisiz samolyotlar va moddiy-texnika vositalarini oladi.
Donald Tramp Britaniya hukumatiga bosimni kuchaytirmoqda

AQSH rahbari Britaniya hukumatidan 2029 yilga kelib joriy parlament muddati oxirida mudofaa sarmoyalari miqdorini yalpi ichki mahsulotning 3 foiziga yetkazish uchun xavfsizlikka yana o‘nlab milliard mablag‘ kiritishni talab qildi.
Shuni ta’kidlash joizki, fevral oyida Britaniya hukumati 2027 yilgacha sarmoyalarni 2,5 foizga oshirishini e’lon qilgan edi.
“Reuters”: Eronda yadroviy kelishuv buzilgan taqdirda favqulodda vaziyat rejasi yo‘q

Eronning uchta manbasi “Reuters” agentligiga aytishicha, agar vaziyatni hal qilish bo‘yicha urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, Eron rahbarining aniq harakat rejasi yo‘q.
Manbalarga ko‘ra, Eron "B rejasi" sifatida Xitoy va Rossiyaga murojaat qilishi mumkin, ammo Pekinning Vashington bilan savdo urushi va Moskvaning Ukraina bilan o‘zaro ziddiyatini hisobga olsak, Tehronning zaxira rejasi xira ko‘rinadi.
Qatar Suriya xavfsizlik kuchlarini tayyorlashga yordam beradi

Qatar prezidenti Ahmad ash-Sharani qo‘llab-quvvatlash maqsadida Suriya xavfsizlik kuchlarini tayyorlashga yordam bera boshladi. Bu haqda “Kan 11” telekanali xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, bu AQSH Davlat kotibi Rubioning Suriya rejimi bir necha hafta ichida qulashi mumkinligi haqidagi bayonotidan keyin sodir bo‘lmoqda.
Ayni paytda rasmiy Doha Suriyada politsiyada xizmat qilish va tartibni saqlash uchun kichik operativ guruhlarni tayyorlashni boshlagan.
Said Murod Rahim tayyorladi.
O‘zA