BMT XK yig‘iladi
BMT Xavfsizlik Kengashi 29 aprel kuni Ukraina inqirozi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi, deb xabar tarqatdi Rossiyaning tashkilotdagi doimiy vakolatxonasi.
Uchrashuv seshanba kuni Nyu-York vaqti bilan soat 16:00 da bo‘lib o‘tadi.
RF missiyasi ta’kidlaganidek, tadbir G‘arb davlatlari iltimosiga binoan tashkil etilyapti.
Bitkoin 95 000 dollardan oshdi
Bitkoin narxi juma kuni 2,5 foiz o‘sib, fevral oyi oxiridan beri birinchi marta 95 000 dollardan oshdi. Savdo hajmi eng yirik kriptovalyuta birjasi – “Binance”da bu qiymat 95 146,38 dollarni tashkil qildi.
20 dan ortiq birja bo‘yicha o‘rtacha narxni tahlil qiladigan “CoinMarketCap“ ma’lumot shunday.
Tramp: ikkinchi muddatning dastlabki 100 kuni juda muvaffaqiyatli o‘tdi
AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uydagi ikkinchi muddatining dastlabki 100 kuni nihoyatda muvaffaqiyatli kechdi, deb hisoblashini ta’kidladi.
– Odamlar bu eng yaxshi birinchi oy, eng yaxshi ikkinchi oy va haqiqatan eng yaxshi uchinchi oy bo‘lganini yozishdi, – degan u “Time” jurnaliga bergan intervyusida. – To‘g‘ri, darhol aniq xulosa chiqarib bo‘lmaydi, chunki o‘tish davri biroz vaqt talab etadi.
Shoygu: qurollanish poygasi yangi bosqichga kirdi
Dunyo qurollanish poygasining yangi texnologik bosqichiga yaqinlashdi, dedi Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu.
– Qurol poygasi – ko‘rinib turibdiki, bu hech qachon to‘xtamagan, faqat sifati o‘zgargan, – dedi u RF XK ilmiy-ekspert kengashi yig‘ilishida. – Avval oddiy, keyin yadro quroli paydo bo‘ldi. So‘ngra shu aslahani yetkazib berish uchun tashuvchi qurilmaga ehtiyoj uyg‘ondi. Natijada strategik raketa kuchlari yaratildi, dengiz orqali yetkazib beruvchi vositalar paydo bo‘ldi va hokazo. Hozir navbatdagi bosqich – yangi qurol turlari ishlab chiqilyapti.
Nobel mukofoti sovrindorlari
Putin va Trampni qurolsizlanishga chaqirmoqda
Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan uch tashkilot Rossiya va AQSH Prezidentlari Vladimir Putin va Donald Trampga maktub yo‘llab, yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha chora-tadbirlarni kelishish uchun uchrashuv o‘tkazishga chaqirdi, deyilgan Yadro qurollarini bekor qilish bo‘yicha xalqaro kampaniya (ICAN) matbuot xabarnomasida.
– Bugun dunyo eng xavfli yadro tahdidiga duch kelmoqda, – deyilgan xatda. – Qurol zaxirasini kengaytirish bizni xatardan himoya qilmaydi, faqat falokat xavfini oshiradi.
Noma “Nihon Hidankyo”, ICAN va Yadro urushining oldini olish bo‘yicha xalqaro shifokorlar tomonidan imzolangan. Hamkorlar fikricha, yer yuzidagi yadro qurollarining 90 foizi egasi – AQSH va Rossiya global arsenalni qisqartirishda hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin.
Orban: Vengriya YeIdan chiqish niyatida emas
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban aytishicha, mamlakat Yevropa Ittifoqidan chiqish niyatida emas, balki uni o‘zgartirishga harakat qiladi.
– Vengriya va Polsha bir paytlar “Yevropa vatanparvarlari” partiyasi bilan birga YeIga qo‘shilgan edi, – deb yozgan Orban ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. – Endi biz qayta tiklash uchun mazkur tuzilmani o‘zgartirish niyatidamiz. O‘sha davrda Bryussel byurokratlari o‘zlariga emas, xalqqa xizmat qilgan, a’zo davlatlar ichki siyosiy munozaralariga aralashmagan.
YeI Ukrainaga xorijiy kuchlarni joylashtirish talabini qo‘ymoqda
Ukrainani tartibga solish bo‘yicha qarshi taklifda Yevropa Ittifoqi mamlakat hududiga xorijiy kuchlarni joylashtirish, qurollantirish va amaliyotni yo‘lga qo‘yishda hech qanday cheklov bo‘lmasligini talab qilmoqda, deb yozdi “Reuters” qo‘lga kiritilgan hujjatga tayanib.
Tailand politsiyasi samolyoti dengizga quladi
Tailand milliy politsiyasi havo bo‘linmasiga qarashli yengil samolyot Bangkokdan 160 kilometr janubda joylashgan Cha-Am kurort shaharchasi yaqinida dengizga quladi, deya xabar tarqatdi “Thai PBS” telekanali.
Qutqaruvchilar so‘ziga ko‘ra, voqea joyida 5 kishi halok bo‘lgan, bir odam jiddiy jarohatlangan.
Uchoq tezkor maqsadda – xodimlar, yuk, parashyutchilar, jumladan politsiya parashyut maktabi tinglovchilarini tashishda foydalanilgan.
S.Rahimov, O‘zA