Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
19:21 / 2025-02-04

-

Prezident Japarov: Xitoy – Qirg‘iziston aloqalari rivojlanmoqda

– Xitoy bilan barcha sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish Qirg‘iziston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishidir, – dedi Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 4-7 Xitoyga tashrifi oldidan Sinxua agentligiga bergan intervyusida. – Mamlakatlarimiz munosabatini yanada rivojlantirishga to‘sqinlik qiladigan asosli yoki bahsli masala yo‘q.

Davlat rahbari 2024 yil o‘zaro tovar ayirboshlash rekord darajaga, 22,7 milliard dollarga yetgani, asosiy qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

– Xitoy modernizatsiyasi jadallashuvi, shubhasiz, Qirg‘iziston va butun Markaziy Osiyo uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, – dedi u.

Rossiya BMT XK Ukraina bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazishini xohlamoqda

RF fevral oyi o‘rtalarida Ukraina inqirozi bo‘yicha BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi o‘tkazilishini so‘ramoqchi, dedi Rossiyaning ushbu tashkilotdagi doimiy vakili birinchi o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy “RIA Novosti”ga.

Avvalroq Xitoyning BMTdagi doimiy vakili Fu Kong bir necha davlat XK Ukraina bo‘yicha yig‘ilishini so‘ragani va bu idora raisi sifatida majlis shu oy o‘tkazilishi ta’minlanishini ma’lum qilgan.

Xitoylik ishlab chiqaruvchilar AQSH tarifini chetlab o‘tadi

Xitoy kompaniyalari ishlab chiqarishni boshqa mamlakatlarga ko‘chirish orqali AQSH tarifini chetlab o‘tishni rejalashtirmoqda, deb yozdi “Financial Times” xitoylik tadbirkorlarga tayanib.

– Xitoylik ishlab chiqaruvchilar AQSH bojini chetlab o‘tish uchun ishlab chiqarishni boshqa mamlakatlarga ko‘chirish sur’ati tezlashtirilishini aytmoqda, – deb yozgan nashr.

Avvalroq Prezident Donald Tramp Kanada, Meksika va Xitoydan olib kelinayotgan tovarlarga boj joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi.

Yaponiya Ukrainaga 30 ta yo‘l tanlamas va kichik yuk mashinasi yuboradi

Yaponiya mudofaa vaziri Gen Nakatani seshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida kun chiqar yurt Ukrainaga qo‘shimcha 30 ta yo‘l tanlamas va yengil yuk mashinasi yuborilishini ma’lum qildi.

– Umid qilamanki, bu Ukraina uchun foydali bo‘ladi,  deya mulozimning so‘zlaridan iqtibos keltirgan “Kiodo” agentligi.

2024 yil iyunga qadar Yaponiya Ukraina mudofaa kuchlariga 101 ta mashina taqdim etgan.

Nakatani o‘tgan yil oktyabrida ukrainalik hamkasbi Rustem Umerov bilan uchrashib, qo‘shimcha yordam ko‘rsatilishini bildirgan. Ko‘makning oltita mitti yuk mashinasidan iborat birinchi to‘plami yakshanba kuni Kiyevga yuborilgan.

Hindiston Bosh vaziri Tramp bilan uchrashish uchun taklif oldi

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modiga kelasi hafta Vashingtonda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashish taklifi yuborildi, deya xabar tarqatdi “Blumberg” Oq uy rasmiysiga tayanib.

Avvalroq Hindiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Randhir Jaysval Nyu-Dehli va Vashington Modining AQSHga tashrifi ustida ish olib borilayotgani, sana belgilanayotgani haqida gapirgan edi.

Erdog‘an yaqinda Suriyaga boradi

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘on 1 mart kuni boshlanadigan musulmonlar uchun muqaddas oy arafasida Suriyaga tashrif buyuradi, deb xabar tarqatdi hukumatga yaqin “Turkiya” gazetasi.

4 fevral kuni muvaqqat hukumat Prezidenti Ahmad Al-Shara’ Turkiyaga kelgan.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, ushbu arab davlati yetakchisi hamkasbini rasman Damashqqa taklif qiladi va Ramazon oldidan javob tashrifi amalga oshiriladi.

Kallasning Ukraina bo‘yicha bayonoti

Ukraina Yevropaning ustuvor yo‘nalishiga aylanishi kerak, dedi Yevropa Ittifoqining diplomatiya bo‘yicha rahbari Kaja Kallas Bryusselda YeI elchilari yillik konferensiyasida so‘zlagan nutqida.

– Biz allaqachon 134 milliard yevro, jumladan, deyarli 50 milliard yevrolik harbiy yordam ko‘rsatdik, – dedi u. – YeI Kiyevga ko‘mak kamayishi haqida gapirmasligi, aksincha Ukrainaga yo‘naltiriladigan mablag‘ni oshirishi kerak.

Rossiya – Ozarbayjon chegarasida politsiya postlari o‘rnatildi

Ozarbayjon IIV terrorchilarni aniqlash bo‘yicha olib borilayotgan amaliyot doirasida Rossiya bilan chegaradosh to‘qqiz tumanda politsiya postlari o‘rnatdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati bayonot bergan.

– Guba, Gusar, Xachmaz, Balaken, Zagatala, Gax, Sheki, O‘g‘uz va Gabalada olib borilayotgan amaliyot munosabati bilan tegishli joylarda militsiya postlari tashkil etildi, – deyilgan xabarda.

Ertadan boshlab “Chegara-qalqon” kodi berilgan chegaradosh hududlarda keng qamrovli tezkor-qidiruv va profilaktika tadbirlari o‘tkaziladi. Amaliyot ikki davlat IIV rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvga muvofiq amalga oshirilmoqda.

S.Rahimov, O‘zA