-
Armaniston MDH Vazirlar Kengashining ikki bayonotiga qo‘shilmadi
Armaniston MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining Moskvada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishi yakuni bo‘yicha qabul qilingan ikki bayonotga qo‘shilmadi, dedi mamlakat tashqi siyosat idorasi matbuot kotibi Ani Badalyan.

“Armaniston “Yevrosiyo xavfsizligini ta’minlash tamoyili to‘g‘risida”gi hamda “Xalqaro munosabatda bir tomonlama cheklov chorasi qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida”gi bayonotlarga qo‘shilmadi, deya Badalyan so‘zlaridan iqtibos keltirgan “Armenpress” davlat agentligi.
Yig‘ilishda bu ikki hujjatdan tashqari “Jismoniy tarbiya va sport sohasida hamkorlik to‘g‘risida”gi qo‘shma bayonot qabul qilingan.
Zelenskiy “g‘alaba rejasi” haqida yangi bayonot berdi

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “g‘alaba rejasini yakunlash va mazmunini ommaga e’lon qilishga va’da berdi. U o‘z bayonotini ijtimoiy tarmoq orqali e’lon qilgan.
– Hamkorlarimiz yondashuvi, Ukraina uchun bor real imkoniyatni tushunib, g‘alaba rejamizni kuchaytiramiz, kelgusidagi harakat strategiyasini hammaga oshkor qilamiz, – degan u. – Muhimi, istiqbol mamlakatimizda hammaga tushunarli bo‘lishi kerak.
Tunisning amaldagi Prezidenti saylovda g‘alaba qozondi

Tunisning amaldagi Prezidenti Qays Said yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan saylovda 90,69 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi, dedi mamlakat Oliy mustaqil saylov komissiyasi rahbari Faruh Boiskar.
2019 yildan beri Tunisni boshqarib kelayotgan, ikkinchi muddatga qayta saylangan siyosatchi yana besh yil mamlakatga rahbarlik qiladi.
Tramp Ukrainaga berilgan xorijiy yordamning umumiy miqdorini baholadi
AQSH sobiq Prezidenti, Respublikachilar partiyasidan davlat rahbari lavozimiga nomzod Donald Tramp Ukrainaga tashqi yordamning umumiy miqdorini qariyb 300 milliard dollarga baholadi.
“Biz Ukraina uchun, deyarli, 300 milliard dollar ajratdik”, dedi u “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida.
Binobarin, ushbu raqamlar nimaga asoslanib aytilgani, faqat AQSH yordami yoki G‘arb tomonidan Kiyevga ko‘rsatilgan umumiy yordam ko‘zda tutilganiga aniqlik kiritilmagan.
Avvalroq Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya maxsus harbiy amaliyoti boshlangandan buyon AQSH va ittifoqchilardan Ukrainaga ko‘rsatilgan yordamning umumiy miqdorini 242 milliard dollarga baholagan edi. Davlat departamenti rahbari so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar 94 milliard dollar, Yevropa va Osiyodagi boshqa sheriklar 148 milliard dollar yordam ko‘rsatgan.
Indoneziyaning sobiq Prezidenti dunyodagi neokolonializmdan
xavotir bildirdi
Indoneziya sobiq Prezidenti Megavati Sukarnoputri “RIA Novosti”ga bergan intervyusida dunyo hamon neokolonializmning turli ko‘rinishlariga duch kelayotganidan xavotirda ekanini aytdi.
– Bugungi kunda dunyo ko‘p qutbli, ammo baribir tabiiy resurslar va bozorlarga kirish, iqtisodiy, moliyaviy, texnologik, harbiy ustunlik uchun kurashlar, shuningdek savdo urushlari orqali geosiyosiy raqobatlar bilan ajralib turadi, – degan u. – Dunyodagi hozirgi vaziyatga nazar tashlar ekanman, harbiy qudratning ustunligi va madaniy yo‘lni mensimaslik tufayli dunyo neokolonializmning turli ko‘rinishlari va geosiyosiy kurashlarga duch kelishda davom etayotganidan juda xavotirdaman.
Yevropada cho‘llar paydo bo‘lishi mumkin

Yevropa qit’asi janubiy hududlarida global isish natiasida cho‘llar paydo bo‘lishi mumkin. “The Daily Telegraph” nashri BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo kengashi bayonotiga tayanib, ushbu xabarni tarqatdi.
– Butun Yevropa zaif, ayniqsa O‘rta yer dengizi, – deyilgan hujjatda. – Cho‘llanish nafaqat Shimoliy Afrika, balki ko‘hna qit’aaning Gretsiya, Portugaliya, Turkiya kabi janubiy chekkalarida ham sodir bo‘layotganini ko‘ryapmiz.
Mutaxassislar 2100 yilga kelib, mintaqada harorati Selsiy bo‘yicha o‘rtacha 3 daraja ko‘tarilishiga ishonmoqda. Shuningdek, insoniyat kataklizmaning oldini olish imkoniyatini allaqachon qo‘ldan boy bergani, endi global isish tezligini cheklash uchun dunyo aholisidan misli ko‘rilmagan sa’y-harakat talab qilinishi ta’kidlangan.
Yangi Prezident AQSH neft siyosatini o‘zgartirmaydi

AQSH neft siyosati Kamala Xarris yoki Donald Tramp Prezident bo‘lishidan qat’i nazar o‘zgarmaydi. Elektr energiyasi va benzinning past narxi, shuningdek mamlakatda o‘zini o‘zi ta’minlash uchun neft va gaz qazib olishning yuqori sur’ati saqlanib qoladi, deydi so‘rovda qatnashgan “RIA Novosti” ekspertlari.
Qo‘shma Shtatlar neft va gaz qazib olish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda. Ya’ni, bu miqdor global ko‘rsatkichga nisbatan oltidan bir ulush neft va to‘rtdan bir qism gazga to‘g‘ri keladi. Binobarin, AQSH OPEK, OPEK+ yoki Gaz eksport qiluvchi mamlakatlar forumiga a’zo emas va jahon bozoriga uglevodorodlar yetkazib beruvchi yetakchi davlat ham emas. Qazib olinayotgan yonilg‘i faqat ichki bozor ehtiyojini qondirishga qaratilgan.
Oqim olib ketgan sayyoh akula qornidan topildi

Indoneziyada baliqchilar g‘oyib bo‘lgan 78 yoshli amerikalik sayyoh ayolning jasadini akula oshqozonidan topishdi, deyiladi “Sun” nashri tarqatgan xabarda.
Gazeta yozishicha, 26 sentyabr kuni kuchli oqim sayyohni Pulau Reong oroli bo‘ylab dayving sayohati chog‘ida oqizib ketgan. Qutqaruvchilar olib borgan sakkiz kunlik muvaffaqiyatsiz qidiruvdan so‘ng, nihoyat, yakshanba kuni mahalliy aholi yirtqich baliqni tutishga muvaffaq bo‘lgan.
Marhum ayolni topgan baliqchi shunday deydi:
– Ushlangan akula, nimagadir, g‘alati edi, men jonivor yelim idish yoki baliq to‘rini yutib yuborgan, deb o‘yladim. Sababini aniqlash uchun qornini yordik.
S.Rahimov, O‘zA