Zimbabve Prezidentining vertolyoti halokatga uchradi
Zimbabve Prezidenti Emmerson Mnangagva uchishi kerak bo‘lgan vertolyot yakshanba kuni qulab tushgan. Uchoqda davlat rahbari bo‘lmagan, hodisa oqibatida halok bo‘lganlar ham yo‘q. Mahalliy telekanal bu haqda mamlakat axborot vaziri Jenfan Musvere bayonotiga tayanib ma’lum qilgan.
– Mamlakat yetakchisi milliy bayramga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etgandan keyin halokatga uchragan vertolyotda Prezident bo‘lmagan, faqat ekipaj a’zolari uchgan, ular ham omon qolgan, – deyiladi xabarda.
Voqea yuzasidan tekshiruv boshlangan, natijasi ma’lum qilinadi.
Nigeriyada qaroqchilar hujum qilgan kemadan 20 nafar yo‘lovchi ozod qilindi
Mahalliy “Punch” gazetasi yozishicha, Nigeriya harbiy-dengiz kuchlari qaroqchilar hujumiga uchragan kemaning 20 nafar yo‘lovchisini qutqardi.
Port-Xarkort – Bonni dengiz yo‘nalishida suzayotgan kemadan ozod qilingan yo‘lovchilar orasida ayollar va bolalar ham bor edi.
– Olib borilgan razvedka ishlari ayrim operatorlar kemaga hujum tashkil etish uchun qaroqchilar bilan hamkorlik qilgan bo‘lishi mumkinligiga ishora qilmoqda, – deb yozgan nashr.
Guvohlar ta’kidlashicha, operatorlar kema yo‘lovchilar bilan to‘lgandan keyin yarim yo‘lda, go‘yo, motor buzilib qolganini aytib, kemani sekinlashtiradi va to‘xtatadi. Shu vaqt qaroqchilar hujum qiladi va yo‘lovchilarni garovga olib, pul talab qiladi. Jinoyatchilar qutqarilganlar bilan shunday yo‘l tutgan.
Yevropada qidirilayotgan ashaddiy jinoyatchi Madridda qo‘lga olindi
Ispaniya milliy politsiyasi Madridda giyohvand moddalar savdosida ayblangan, Yevropada eng ko‘p qidirilgan jinoyatchilardan birini qo‘lga oldi. Ushbu ma’lumot qirollik ichki ishlar vazirligi tomonidan tarqatilgan.
Qo‘lga olingan shaxs oila a’zolari hamda yaqin sheriklari bilan birga yirik jinoiy tashkilotni boshqargan.
Belgiyalik, kelib chiqishi alban erkak giyohvand moddalar savdosi, jinoiy tashkilotda ishtirok etish va hujjatlarni qalbakilashtirish kabi 13 ta ayblov bo‘yicha 29 yildan ortiq qamoq jazosiga hukm qilindi.
U qidiruvda payti Belgiyada nasha yetishtirish va qora dori savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy tashkilotga rahbarlik qilib kelgan.
AQSH Nigerdan qo‘shinini olib chiqib bo‘ldi
AQSH Nigerdan qo‘shinlarini olib chiqishni yakunladi, deb ma’lum qildi AQSHning Afrika qo‘mondonligi.
19 mayda boshlangan jarayon 15 sentyabrgacha davom etdi.
Germaniyada shifokorlar ish tashlash e’lon qildi
Germaniyada “Marburg ittifoqi” shifokorlari kasaba uyushmasi mamlakat bo‘ylab ogohlantiruvchi ish tashlash e’lon qilinganini bildirdi.
“Bugun bir necha ming shifokor shahar kasalxonalarida ishlashni to‘xtatdi, birgina Frankfurt-Maynda uch mingga yaqin ishchi vazifasini bajarishdan to‘xtadi, deb yozilgan uyushma rasmiy saytida.
Drezden, Potsdam, Volfsburg, Lyuneburg, Oldenburg va Myunsterdagi mintaqaviy mitinglarda yana bir necha yuz kishi ishtirok etgan. Umuman, Shifokorlarning Marburg kasaba uyushmasi Germaniya bo‘ylab 60 000 ga yaqin tibbiyot xodimini ogohlantiruvchi ish tashlashga chaqirdi. Aksiya kasaba uyushmasi va Munitsipal ish beruvchilar uyushmasi o‘rtasidagi muzokara asnosida o‘tkaziladi. Kasaba uyushmasi talablari orasida, jumladan, yillik ish haqini 8,5 foiz oshirish va smenada ishlash qoidalarini isloh qilish ham bor.
AQSHda yangi zarbdor atom suv osti kemasi foydalanishga topshirildi
“Fox News” telekanali AQSH harbiy-dengiz kuchlari “Virjiniya” sinfidagi yangi “USS New Jersey” atom suv osti kemasi suvga tushirilganini yozdi.
Submarinning uzunligi 115 metrga yetadi. Kema 250 metr chuqurlikka tusha oladi va tezligini soatiga 25 uzel (46 300 metr/soat)ga chiqara oladi.
Eron poytaxtini ko‘chirish uchun
Fors ko‘rfazi yaqinidagi shaharlar ko‘rib chiqiladi
Eron hukumati poytaxtni Tehrondan ko‘chirish uchun Fors ko‘rfazi yaqinidagi shahar markazlarini ko‘rib chiqadi, dedi matbuot anjumanida Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon. Avvalroq Eron rahbari iqtisodiy va ekologik sabablarga ko‘ra, poytaxtni ko‘chirish zarurligini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron mamlakat poytaxti sifatida yechimini topib bo‘lmaydigan muammolarga duch kelmoqda. Shu sababli hukumat poytaxtni boshqa joyga ko‘chirish kerak, deb hisoblaydi.
S.Rahimov,
O‘zA