Turkiya sayyohlik kemasi yonib ketdi
Turkiyaning Marmaris dam olish hududi sohilida sayyohlar o‘tirgan kemada yong‘in sodir bo‘ldi. Jarohat olgan 17 kishining uch nafari og‘ir ahvolda. Bu ma’lumotni Transport vazirligi huzuridagi dengiz tashuvi boshqarmasi tarqatgan.
“Eagles” nomli sayyohlik kemasidan 96 yo‘lovchi qutqarilgan. Matbuot xabarnomasida yigirma metrli yog‘ochdan yasalgan kema butkul yonib, suvga cho‘kib ketgani aytilgan.
Tramp mitingida otishma qurbonlari uchun 2 million dollar to‘plandi
2 054 868 dollarni yig‘ishda 30 mingga yaqin kishi ishtirok etdi, deyilgan “Gofundme” platformasi axborotida.
Polshaning Ukraina bilan bog‘liq taklifiga baho berildi
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Polshaning Ukraina osmonidagi raketalarni urib tushirish g‘oyasiga, Ukraina uyushtirgan telemarofonda chiqish qilib, jumladan, quyidagi mazmunda baho berdi:
– NATO siyosati o‘zgarmas, ushbu mojaroda ishtirok etmaslik. Biz Rossiya samolyotlarini yo‘q qilishda Ukrainani qo‘llab-quvvatlaymiz, biroq to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etmaymiz.
Avvalroq “Reyter” agentligi Polsha mudofaa vaziri o‘rinbosari Sezariy Tomchik Varshava Vashingtonda, NATO sammitida “Ukrainaga uchirilgan raketalarni Polsha urib tushira oladimi?” degan savolni ko‘tarmoqchi ekaninin ma’lum qilgandi.
Isroilda G‘arbiy Nil bezgagi tez tarqalmoqda
Isroilda pashsha chaqishi natijasida kelib chiqadigan G‘arbiy Nil bezgagi virusi bilan xastalanish holati so‘nggi 25 yildagi rekord darajaga ko‘tarildi. Shu mavsumning o‘zida kasallangan 440 kishidan 32 nafari vafot etgan. Ushbu xabarni davlatga qarashli “Kan” radiostansiyasi mamlakat sog‘liqni saqash vazirligiga tayanib tarqatdi.
Qayd etilishicha, 2000 yil 425 holat kuzatilgan, 2024 yilning dastlabki yetti oyidayoq kasallanish ushbu ko‘rsatkichdan oshib ketdi. 2000 yildan buyon Isroilda mazkur virusni yuqtirish har yili o‘rtacha 100 kishiga to‘g‘ri kelyapti.
Keniyada 42 nafar ayolni o‘ldirganlikda gumonlangan odam hibsga olindi
Keniya politsiyasi Nayrobidagi kulbalar axlatxonasida bir necha ayol jasadi topilgach, gumondor erkakni qo‘lga oldi, deb xabar tarqatdi mahalliy “Star” nashri politsiya idorasi ma’lumotiga tayanib.
Jinoyat qidiruv boshqarmasi rahbari Muhammad Amin ta’kidlashicha, bu shaxs ikki yil davomida 42 ayolni o‘ldirganiga iqror bo‘lgan.
Avvalroq “Citizen Digital” nashri Kvare tumanida joylashgan axlatxonada juma kuni o‘ndan ziyod qopga solingan jonsiz tana topilganini yozgan edi. Guvohlar esa jasadlar ko‘proq bo‘lganini ta’kidlagan. Shanba kuni g‘azabga to‘lgan ololmonni tarqatish uchun politsiyachilar osmonga qarata o‘q o‘zishga majbur bo‘lgan.
Turkiyada yuz bergan yong‘in uch kundan buyon o‘chmayapti
Uch kundirki, Turkiya janubi-g‘arbida, Oydin viloyatidagi qog‘oz fabrikasida sodir bo‘lgan yong‘inni o‘chirishning iloji bo‘lmayapti, alanga omborga ham o‘tgan.
“IHA” agentligi xabariga ko‘ra, ofatni osmondan ham, yerdan ham bartaraf etishga urinib ko‘rishgan. Hatto, bir muddat olovni nazoratga olishning uddasidan chiqilgan, biroq yakshanba kuni alanga yangi kuch bilan yon atrofga tarqalgan.
Yong‘inni o‘chirish jarayonida is gazidan zaharlangan bir necha kishi kasalxonaga yotqizilgani ma’lum.
S.Rahimov, O‘zA