Orbanning harakati YeI yetakchilarida savol tug‘diryapti
Yevropa Ittifoqi Polsha so‘rovi asosida Vengriyaning raisligi masalasini muhokama qiladi. Bunga Bosh vazir Viktor Orbanning “Tinchlik missiyasi” doirasida Kiyev, Moskva va Pekinga qilgan safari sabab bo‘ldi, deb yozdi “Euractiv” nashri tegishli manbaga tayanib.
Gruziyaning YeIga integratsiyalashuv jarayoni to‘xtatildi
Yevropa Ittifoqining Tbilisidagi elchisi Pavel Gerchinskiy bergan bayonotda, jumladan, shunday deyilgan:
– Gruziyaning hozirgi hukumati nima istayotgani YeI yetakchilariga qorong‘u bo‘lib qolmoqda. Xorijiy ta’sir shaffofligi to‘g‘risidagi qonun orqaga qadam tashlanganini bildiradi. Shuningdek G‘arbga, Yevropaga qarshi bildirilayotgan tanqidiy fikrlar a’zolik yo‘lidagi maqsadlarga mos emas. Afsuski, hozir Gruziyaning tuzilmaga qabul qilish jarayoni to‘xtatildi.
Indoneziyada fojia yuz berdi
Indoneziyaning Gorontalo muzofotidagi oltin konida kuchli yog‘in natijasida yer o‘pirildi. Hozir 46 kishining taqdiri noma’lum.
“Sinxua” agentligi yozishicha, Mintaqaviy qidiruv-qutqaruv boshqarmasi rahbari Xeriyanto Bone-Bolango hududida oila a’zolaridan biri yo‘qolgani haqida ariza berayotgan fuqarolar soni ko‘payib borayotganini ma’lum qilgan.
Bedaraklar orasida shaxtyorlar va ularni oziq-ovqat bilan ta’minlagan qishloq aholisi bor. Baxtsiz hodisa uyqu yoki dam olish vaqtida sodir bo‘lgan.
Armaniston va Ozarbayjon TIV rahbarlari Vashingtonda uchrashadi
Armaniston va Ozarbayjon tashqi ishlar vazirlari va AQSH davlat kotibi Vashingtonda muzokara o‘tkazadi, deb yozdi Armaniston tashqi siyosat idorasi matbuot kotibi Ani Badalyan ijtimoiy tarmoq sahifasida.
10 iyulga belgilangan uchrashuv uch tomonlama kelishuv asosida o‘tkazilmoqda.
Britaniya mudofaa xarajatini oshirishga kirishmoqda
Buyuk Britaniya yangi Bosh vaziri Kir Starmer mudofaa xarajatini mamlakat yalpi ichki mahsulotning 2,5 foizigacha ko‘tarish niyati borligini ta’kidladi. Soha strategik taftish qilinishi asnosida xarajatni oshirish kelasi hafta boshlanishi ma’lum qilingan.
Hukumat tegishli “Yo‘l xaritasi”ni tayyorlaydi, harbiy sohada davlat xaridini isloh qilish rejasini taqdim etadi va yangi mudofaa sanoati strategiyasini ishlab chiqadi. Starmer Vashington sammitida NATO bo‘yicha ittifoqchilarni ham mudofaa xarajatini oshirishga chaqirmoqchi.
NATO koinotdagi hududini himoya qila oladimi?
– Biz quruqlikda, suvda, kiber kenglik va hatto, koinotda ham NATO hududining har bir qarichini himoya qilishga tayyormiz, – dedi AQSH Prezidenti Jo Bayden NATO sammitiga qilgan murojaatida.
NATOning Vashingtonda o‘tadigan oliy darajadagi yig‘ilishi amaldagi Bosh kotib Yens Stoltenberg uchun so‘nggisi hisoblanadi. 1 oktyabrda u o‘rnini Niderlandiyaning sobiq Bosh vaziri Mark Рюттега bo‘shatib beradi.
Yerevanda hukmron partiya ofisida otishma yuz berdi
Seshanba kuni oqshom payti Armanistonni boshqarayotgan “Fuqarolar hamjihatligi” partiyasi ofislaridan birida otishma sodir etildi, deyilgan mahalliy shamshyan.comonlayn-resursida e’lon qilingan xabarda.
Ta’kidlanishicha, politsiya qo‘lga olgan gumondor shaxsning yonidan o‘q otar qurol topilgan. Otishma natijasida 27 yoshli erkak jarohat olgan. Hozircha voqaga boshqa izoh berilmadi.
Shveysariya Yevropa Havo hujumidan mudofaa tizimiga qo‘shiladi
Shveysariya “Yevropa osmon qalqoni” (“Sky shield”) havo hujumiga qarshi mudofaa tizimiga qo‘shilish uchun ariza berdi, deb xabar tarqatdi konfederatsiya hukumati matbuot xizmati.
Germaniya tomonidan 2022 yil avgustda ishga tushirilgan “Yevropa osmon qalqoni” tashabbusi hozir ko‘hna qit’aning 21 davlatini birlashtirgan. Yaqinda Polsha Bosh vaziri Donald Tusk ham mamlakati loyiha doirasida Germaniya bilan hamkorlik qilishini aytgan.
Kisida NATO sammitida Hind-Tinch okeani mintaqasidagi vaziyatni muhokamaga qo‘ymoqchi
Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida Shimoliy Atlantika alyansi anjumanida Hind-Tinch okeani mintaqasidagi vaziyat hamda alyans bilan hamkorlik masalasini ko‘taradi, deya bayonot berdi Tokioda uyushtirilgan matbuot anjumanida kun chiqar yurt hukumati bosh kotibi Yosimasa Xayasi.
Kisida 2022 yildan buyon ketma-ket uchinchi bor NATO sammitida ishtirok etmoqda. U 12-14 iyul kunlari Germaniyaga boradi.
S.Rahimov, O‘zA