Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
19:19 / 2024-07-08

​​2024 yil iyun tarixdagi eng issiq oy bo‘ldi, deya ma’lum qildi Yevropa Ittifoqi iqlim o‘zgarishini monitoring qilish xizmati. Olimlar fikricha, yil ham kuzatuv tarixida eng issiq deyilyapti. Qolaversa, ketma-ket 12 oydirki, Yerda harorat sanoatlashuv davridan oldingi o‘rtacha haroratdan 1,5 daraja isiyapti. “Bu Parij bitimi belgilagan chegaraga yaqinlashayotganimiz haqidagikeskin ogohlantirishdir”, deyilgan xabarda.

***

Kiyev meri bugun Rossiya so‘nggi ikki yil ichida eng jiddiy hujumini amalga oshirganini bildirdi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham ijtimoiy tarmoq sahifasida Kiyev, Dnepr, Krivoy Rog, Slavyansk, Kramatorsk shaharlari 40 ziyod turli toifadagi kuchli raketa hujumiga uchraganini ma’lum qildi. Kamida 20 nafar inson halok bo‘lgan, 50 kishi jarohat olgan. 

***

Moskvaning an’anaviy yaqin hamkorlari – Markaziy Osiyo mamlakatlari Ukrainada urush boshlangandan keyin Pekin bilan ancha yaqinlashdi, deb yozdi “South China Morning Post” nashri yaqinda XXR Raisi Si Szinpinning SHHT sammitiga amalga oshirgan tashrifini kuzatib borgan ekspertlarga tayanib.

– Markaziy Osiyo mamlakatlari urush va G‘arb mamlakatlari joriy etgan ikkilamchi sanksiya ta’sirini his etdi, – deyiladi maqolada. – Bunday sharoitda Moskva bilan an’anaviy aloqa saqlab turilganiga qaramay, Xitoy bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirilishi tabiiy. Mintaqa tashqi siyosatni diversifitsikatsiya qilish, global siyosiy bo‘hron zararini kamaytirishga intilmoqda. Natijada Xitoyga yaqinlashuv strategiyaning zamonaviy xalqaro siyosiy maydondagi tahdidlarga javob beradigan muhim jihat bo‘lib bormoqda.

***

Qozog‘istonda xalqaro “Bіrlestіk-2024” o‘quv-mashqi boshlandi. Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston vakillari Mang‘istau viloyatida o‘quv-harbiy vazifani bajarishga kirishdi. 8-17 iyul kunlari harbiy kontingentlar qurolli mojarolarni to‘xtatish shiori ostida birgalikda amaliyot o‘tkazadi. Mashg‘ulotlarga taxminan 4 000 harbiy, 700 dan ziyod texnika vositasi jalb qilingan.

***

Xitoy hozirgi xarajat ko‘lami va rivojlanish sur’atini saqlab qolsa, uch-to‘rt yildan keyin termoyadroviy sintez imkoniyati bo‘yicha AQSH va Yevropani quvib o‘tadi, deb yozdi Amerikaning “Wall Street Journal” gazetasi olimlar xulosasiga tayanib.

Ta’kidlanishicha, amerikalik amaldorlar va mutaxassislar AQSH yetakchiligi qo‘ldan ketishidan chuqur xavotirgatushmoqda.

***

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev qimor va lotereya faoliyatiga doir qonunni imzoladi. Hujjat davlat xizmatchisi, harbiy va maxsus organ xodimi qimor o‘yinida ishtirok etishini taqiqlaydi, deyilgan mamlakat rahbari matbuot xizmati tarqatgan xabarda. Tartibni buzgan xodimlar ishdan bo‘shatiladi.

***

NATO Rossiyadan himoyalanishi uchun 50 ta yangi brigada tashkil qilishi kerak, deb yozdi “Reuters” tegishli manbalarga tayanib. Ma’lumotga ko‘ra, har bir brigada 3 000-7 000 harbiy xizmatchidan iborat bo‘ladi.

Agentlikning izoh berishicha, Alyans yetakchilari Vashington sammitida yangi reja to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘ladi.

***

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Rossiya – Ukraina ziddiyatini hal qilish masalasida dastlab Kiyev, so‘ng Moskvaga bordi. Kuni kecha Pekinda XXR Raisi Si Szinpin bilan muzokara o‘tkazgan Orban endi Vashingtonga yo‘l oladi.

“Keyingi bekat – Vashington”, – dedi u Xitoydan qaytayotganida.

AQSHga tashrif dasturi hozircha noma’lum.

***

Filippin va Yaponiya mudofaa bo‘yicha kelishuv imzoladi. Ushbu hujjat ikki mamlakatga qo‘shma o‘quv mashqi o‘tkazilayotganda va gumanitar amaliyot bajarilayotganda qo‘shinni bir-biri hududiga joylashtirishni nazarda tutadi.

Filippinning GMA axborot agentligi yozishicha, kelishuv ushbu mamlakat Senati va Yaponiya Milliy qonunchilik majlisi tomonidan ratifikatsiya qilingandan keyin kuchga kiradi.

Tokio Buyuk Britaniya va Avstraliya bilan ham xuddi shunday hujjat imzolagan. O‘z navbatida, Filippin AQSH va Avstraliya bilan ayni mazmundagi kelishuvga erishgan, Fransiya bilan bitim imzolashni rejalashtirgan.

S.Rahimov, O‘zA