Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
13:16 / 2024-06-25

Yevropa Ittifoqi xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun sabab, gruziyalik yuqori lavozimli mulozimlarga shengen vizasi berishni to‘xtatishi, Yevropa jamg‘armalarining ushbu mamlakatdagi faoliyatini qayta ko‘rib chiqishi mumkin, deb bayonot berdi Estoniya TIV rahbari Margus Saxkna Lyuksemburgda bo‘ladigan YeI TIV rahbarlari kengashi majlisi arafasida.

***

Janubiy Koreya, AQSH va Yaponiya tomonidan e’lon qilingan qo‘shma bayonotda Rossiya va Shimoliy Koreya harbiy hamkorligi kengayishi keskin qoralandi, deyilgan Koreya Respublikasi tashqi ishlar vazirligi tarqatgan xabarda.

Mazkur hujjat Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va KXDR yetakchisi Kim Chen In 19 iyunda keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risida shartnoma imzolagandan keyin e’lon qilindi. Shartnomaning 4-bandi tomonlarning biri urush holatiga tushib qolsa, ikkinchisi ixtiyoridagi mavjud vositalar bilan  harbiy va boshqa yordam ko‘rsatishini nazarda tutadi. Binobarin, ko‘mak BMT Nizomi 51-bandi hamda KXDR va RF qonunchiligiga muvofiq bo‘lishi kerak.

***

Qorabog‘ sobiq rahbarlari ishi bo‘yicha tergov jarayoni nihoyasiga yetgan, yaqin vaqt ichida tegishli materiallar sudga topshiriladi. Ozarbayjon bosh prokurori Komron Aliyev shu haqda bayonot berdi.

“Ushbu ish bo‘yicha 15 kishi so‘roq qilingan”, - deb yozdi “Trend” agentligi.

Bosh prokuror ta’kidlashicha, hibsdagilarning huquqi to‘la ta’minlanadi, ularga advokatlar va tarjimonlar ajratilgan.

***

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Bryusselga jo‘nab ketdi. Bu mamlakatda Belgiya va Yevropa Ittifoqi vakillari bilan ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik istiqboli muhokama qilinadi.

Qirg‘iziston rahbari matbuot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra, S.Japarov tashrifi davomida Belgiya qiroli Filipp va Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishel bilan muzokara o‘tkazadi.

***

Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol ma’muriyatidagi yuqori lavozimli kotiblari bilan uchrashuvda RF va KXDR o‘rtasida sheriklik to‘g‘risida imzolangan shartnomaning Koreya yarim oroli xavfsizligiga ehtimoliy ta’siriga qarshi tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu haqda davlat rahbari idorasi ma’lum qilgan.

***

Yevropa Ittifoqi tashqi diplomatiya va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Xosep Borrel 24 iyunda RF aktivlaridan olingan 1,4 milliard yevro daromadni Ukrainaga yordam jamg‘armasiga o‘tkazish bo‘yicha birinchi transhni e’lon qiladi.

Politico” nashri yozishicha, Yevropa diplomatiyasi rahbari 21 iyun kuni Lyuksemburgda o‘tadigan YeI tashqi ishlar vazirlari Kengashi yig‘ilishida kelishuv asosidagi ushbu bayonot bilan chiqadi. Gazeta ta’kidlashicha, mablag‘ Germaniya, Daniya va Chexiya orqali yuboriladi. Navbatdagi transh 2025 yil bahorida Ukraina yordam fondiga o‘tkaziladi, Italiya, Latviya, Ruminiya va Shvetsiya vositachi sifatida ishlaydi. Bunday transh muntazam tus olishi kutilyapti.

***

Texas shtati sudi o‘lim jazosiga hukm qilingan va qariyb 20 yil davomida 1977 yildagi qotillikka aloqasi yo‘qligini isbotlashga uringan erkakning aybsizligini tan oldi.

Kerri Maks Kuk 1979 va 1994 yillarda qo‘shnisi Linda Jo Edvardsni zo‘rlab, vahshiyona usulda o‘ldirganlikda ayblangan va ikki bor oliy jazoga hukm qilingan.

Endi Apellyatsiya sudi Kukni aybsiz deb topdi. Qarorda uning soxta guvohlar bergan ma’lumotlarga asoslanib, noto‘g‘ri ayblangani tan olingan.

CNN telekanali hisoblashicha, hozir 68 ga kirgan Kuk mamlakatda 1973 yildan keyin o‘lim jazosiga hukm qilinib, oqlangan 199-mahbus hisoblanadi.

***

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Serik Burambayevni respublika harbiy-dengiz kuchlari Bosh qo‘mondoni etib tayinladi, deyilgan davlat rahbari matbuot xizmati tarqatgan xabarda. Boshqa tafsilot keltirilmagan.

Mamlakat harbiy-dengiz kuchlari 1993 yil tashkil etilgan. Mamlakat mudofaa vazirligi saytida keltirilishicha, Harbiy-dengiz floti Kaspiy dengizining Qozog‘iston sektorida davlat daxlsizligi va hududiy yaxlitligi, suvereniteti, iqtisodiy manfaatini himoya qiladi.

S.Rahimov, O‘zA