BMT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil komissiyasi Isroil va HAMAS harakatini 2023 yil 7 oktyabrdan boshlab harbiy jinoyat qilganlikda aybladi. Ta’kidlanishicha, Isroil hukumati “urush usuli sifatida ochlik, qasddan o‘ldirish, oddiy aholiga hujum qilish, majburan ko‘chirish, jinsiy zo‘ravonlik, qiynoq, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish va shaxsiy qadr-qimmatga hujum qilish bilan bog‘liq” jinoyatlarni sodir etgan.
***

12 iyun kuni Rossiya harbiy kontingentini Qorabog‘dan olib chiqish jarayoni yakunlandi. Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xabar berishicha, shaxsiy tarkib, qurol-yaroq va texnika mamlakatdan to‘liq olib chiqib ketilgan.
***
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovga fuqarolarning 83 foizi ishonch bildiradi. Bu xulosaga Bishkek davlat universiteti huzuridagi ijtimoiy markaz o‘tkazgan so‘rov natijasida kelingan. Respondentlarning 73 foizi so‘nggi 3 yilda mamlakatda hayot yaxshilanganini ta’kidlagan.
***
Hozir dunyoning 56 joyida qurolli mojaro kechmoqda. Bu Ikkinchi jahon urushi davridan keyingi eng yuqori ko‘rsatkich. Ushbu raqam Iqtisodiyot va tinchlik xalqaro instituti (IEP) hisobotida keltirilgan. “Global tinchlik indeksi” nomli mazkur hujjatda G‘azo sektori va Ukrainadagi urush “tinchlik darajasi” 0,56 foiz pasayishiga sabab bo‘lgani qayd etilgan.
***
Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili ikkinchi muddatga saylanish imkoniyatini istisno etmadi. Buning uchun muxolifat 2024 yil 26 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovida g‘alaba qozonishi kerak, dedi u.

Zurabishvili davlat rahbarligiga 2018 yil saylangan. Keyin istisno tariqasida odatiy besh yillik muddat olti yilga o‘zgartirildi. Zero, keyingi prezident umumiy ovoz berish yo‘li bilan emas, balki 300 nafar saylovchi tomonidan saylanadi. Ular orasida parlament a’zolari va mahalliy hokimiyat vakillari ham bo‘ladi.
***
Turkiya Ukrainadagi mojaroni hal qilish uchun vositachilik harakatini davom ettirish niyatida. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan ma’lum qildi.
“Anadolu” agentligi yozishicha, Fidan Moskvada, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin qabulidagi uchrashuvdan keyin “Biz Ukraina bo‘yicha imkonimiz darajasidagi har qanday vositachilik harakatini davom ettirishga qat’iy qaror qildik”, – degan.
***

Ozarbayjon Prezidenti yordamchisi Hikmat Hojiyev Bryusselda NATO doimiy vakillari o‘rinbosarlari qo‘mitasi a’zolari bilan uchrashdi. Tadbirda Ozarbayjon - NATO hamkorligi, Armaniston - Ozarbayjon munosabatini yaxshilash va noyabr oyida Bokuda bo‘lib o‘tadigan COR-29 anjumaniga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
S.Rahimov,
O‘zA