English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
19:22 / 2024-06-03

Meksika prezidentligi uchun bo‘lib o‘tgan saylovda hukumatni boshqarayotgan “Morena” partiyasidan nomzodini qo‘ygan Klaudiya Sheynbaum g‘olib chiqdi, deb xabar tarqatdi Milliy saylov instituti INE.

Dastlabki hisob-kitobga qaraganda, Sheynbaum olgan ovoz 59,04 foizdan oshgan. Uning raqibi “Kuchim va yuragim Meksika uchun” muxolifat koalitsiyasidan saylovda ishtirok etgan Sochitl Galves 29,57 foiz bilan cheklangan. Xabarda aytilishicha, ovoz berish jarayonida saylovchilarning 54,98 foizi ishtirok etgan.

***

Yaponiya havo kuchlariga qarashli ikkita F-35A samolyoti Aomori  prefekturasi aeroportiga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi. Hodisa tufayli hech kim jabr ko‘rmagan, deya axborot bergan TBS telekanali.

Voqea sababi hozircha noma’lum. Boshqa samolyotlar parvozida uzilish kuzatilmagan.

***

Gruziya parlamenti spikeri Shalva Papuashvili Prezident Salome Zurabishvili tomonidan rad etilgan xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun loyihasini imzoladi. Shu tariqa hujjat kuchga kirdi.

***

31 mart kuni mahalliy saylovda mag‘lubiyatga uchragan, Turkiya hukumatini boshqarayotgan Adolat va taraqqiyot partiyasi (ATP) o‘z siyosatini tubdan qayta ko‘rib chiqishga qaror qildi, deb yozdi “Hürriyet” gazetasi. Ta’kidlanishicha, bu “shunchaki emas, balki siyosiy paradigmadagi o‘zgarish”. Ichki siyosatdan tashqari, Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an yaqin orada bo‘lib o‘tadigan xalqaro uchrashuvda “global chaqiruv” bilan chiqishni mo‘ljallayapti. Nashr tashabbus tafsilotini keltirmagan, shuningdek yetakchi qaysi tadbirda “insoniyatga global chaqiruv” e’lon qilishiga ham aniqlik kiritmagan.

Taxminlarga ko‘ra, bu G‘azo sektori va Ukrainadagi vaziyatga tegishli bo‘lishi ehtimoli yuqori.

***

Qozog‘iston hukumati va Xitoyning davlatga qarashli “China Nonferrous Metal Mining” kompaniyasi birgalikda 1,5 milliard dollarga baholangan mis eritish zavodi qurish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ushbu korxona mamlakat sharqidagi Abay viloyatida bunyod etiladi. 2028 yil ishga tushirilishi rejalashtirilgan majmuada 1000 dan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi.

***

Bangladeshni yana jazirama issiq to‘lqini qopladi. Poytaxt Dakkada ham ahvol juda og‘ir. Sinxua agentligi mamlakat meteorologiya xizmati bergan ma’lumotga tayanib shunday yozgan.

So‘nggi yillarda nufusi 165 million kishidan iborat ushbu Janubiy Osiyo mamlakati tez-tez tabiat injiqligini boshdan kechirmoqda. Iqlim o‘zgarishi tufayli mamlakat aholisi surunkali ravishda goh suv toshqini, goh anomal issiq bilan yuzma-yuz kelmoqda.

Olimlar fikricha, Bangladesh sayyoramizdagi global isishdan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan mamlakatlardan biri.

***

Tojikistonning avtotransport sektorida qiymati 1,2 milliard dollarlik 17 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda, deb xabar tarqatdi mamlakat transport vazirligi. Shuningdek, temir yo‘l tarmog‘ida 7,2 milliard dollarlik 10 ta yirik loyiha hayotga joriy qilinishi Tojikistonni zamonaviy transport sharoitiga ega mamlakatga aylantirishi kutilyapti.

Hozir respublikadagi mavjud avtomobil yo‘li uzunligi 27 274 kilometr. 2022-2026 yillar mobaynida yana 1000 kilometrdan ziyod yo‘l, 53 ko‘prik, 7 yer osti yo‘li va 5 ko‘chkiga qarshi yo‘lak bunyod etiladi.

***

Ukraina Falastinni davlat sifatida tan oladi, deb bayonot berdi mamlakat Prezidenti Vladimir Zelenskiy “Shangri La muloqoti” konferensiyasida so‘zga chiqib.

– Ukraina har ikki davlatni, Isroilni ham, Falastinni ham tan oladi, – dedi u. – Maqsadimiz – ushbu mojaro to‘xtasin, aholi jabr ko‘rmasin.

S.Rahimov, O‘zA