2023-yil Xitoy bilan Gruziya o‘rtasida tovar ayrboshlash 50 foiz ortdi va 2 milliard dollarni tashkil etdi, dedi XXRning Tbilisidagi elchisi Syan. Uning ta’kidlashicha, Chin mamlakati “O‘rta yo‘lak” bilan bog‘liq investitsiya va transport qurilishi loyihalarida faol ishtirok etmoqchi.
***
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev toshqinga qarshi kurash Respublika shtabi majlisida hukumatdan zarar ko‘rgan viloyatlarda oziq-ovqat narxi ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslikni so‘radi, deyilgan mamlakat rahbari matbuot xizmati xabarida.
***
Armaniston banklari Rossiyaning “Mir” kartasiga xizmat ko‘rsatishdan bosh tortishiga AQSHning kuchli bosimi sabab, dedi RF Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
19-mart kuni RBK nashri 30-martdan boshlab “Mir” kartalari Armanistonning ko‘plab banklarida faoliyatini to‘xtatdi, deya xabar tarqatgan edi. Keyinchalik Armaniston Markaziy banki ushbu holatga “banklar qaysi to‘lov tizimi bilan ishlashni o‘zlari mustaqil hal qiladi” deb izoh berdi.
***
Ozarbayjon va Turkiya mudofaa sanoati sohasida memorandum imzolash niyatida. Prezident Ilhom Aliyev qardosh davlat mudofaa sanoati qo‘mitasi raisi Gergyun rahbarligidagi delegatsiyani qabul qildi. Tarkibda qurol ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalar rahbarlari ham bor edi.
Turkiya kompaniyalari va Ozarbayjon mudofaa sanoati korxonalari o‘rtasida birgalikda faoliyat ko‘rsatish bo‘yicha memorandum imzolanadi, deyilgan Ozarbayjon Prezidenti saytida berilgan xabarda.
***
Indoneziya poytaxti Jakarta yaqinidagi qurol-yaroq omborida portlash sodir bo‘ldi. Natijada 130 dan ortiq xonadon xavfsiz joyga ko‘chirildi, deb yozdi “Sinxua” agentligi.
Mintaqaviy harbiy qo‘mondonlik rahbari Muhammad Hasan ta’kidlashicha, hodisa mahalliy vaqt bilan 03:45 da bartaraf qilingan. Halok bo‘lganlar haqida xabar yo‘q.
***
3-aprel kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida Turkmaniston madaniyati kunlariga start beriladi, deyilgan respublika madaniyat vazirligi tarqatgan xabarda.
Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad – ikki davlat o‘rtasida madaniy aloqani mustahkamlash. 5-aprelda mehmonlar madaniy dasturlar namoyish qilish uchun shahar va tumanlarga chiqishadi.
***
Ruminiyada martning so‘nggi kunlari odatdagidan issiq keldi, ayrim hududlarda harorat Selsiy bo‘yicha 32 darajaga chiqdi. Mutaxassislar fikricha, odatdagi me’yordan 15-17 daraja yuqori hisoblangan bu holat yoz erta kelayotganini bildiradi.
***
Meksikaning Guanaxuato shtatidagi Selaya munitsipaliteti merligiga nomzodini ko‘rsatgan Bertu Gizelu Gaytan dushanba kuni otib ketildi, deb xabar tarqatdi “Pais” gazetasi.
Nashr yozishicha, marhum dushanba kuni “Milliy uyg‘onish harakati” partiyasi uyushtirgan mitingda halok bo‘lgan.
“Infobae” portali mahalliy hukumatga tayanib ma’lum qilishicha, siyosatchiga hujum uyushtirilganda yana uch kishi jarohat olgan.
***
RF fuqarolari orasida qirg‘izistonliklarga nisbatan ksenofobiya kuchaymoqda. Bu hol nafaqat Moskvada, balki boshqa hududlarda ham kuzatilyapti.
– Biznikilar ta’qib qilinmoqda, ularga bosim o‘tkazilyapti, – dedi Qirg‘iziston deputati Samakov parlament qo‘mitasi majlisida. –Fuqarolarimizga terakt sodir etilishidan oldin ham munosabat yaxshi bo‘lmagan, endi kamsitish yanada kuchaymoqda.
S.Rahimov, O‘zA