Kaliforniya shtatidagi Federal qidiruv byurosiga tegishli o‘quv markazida portlash sodir bo‘lgan. Natijada Amerika maxsus xizmati 16 jangchisi mashq payti jarohat olgan, deb yozdi mahalliy KTLA portali.
“Hodisa Orinj okrugida maxsus topshiriqlar xizmati askarlari minalashtirish mutaxassislari bilan birga mashq o‘tkazayotganda yuz berdi”, – deyilgan xabarda.
***
Livanning “Hizbulloh” tashkiloti Isroil harbiylarining oltita nuqtasiga zarba berganini e’lon qildi.
Ta’kidlanishicha, jangchilar sharqiy yo‘nalishda to‘rt, g‘arbiy yo‘nalishda ikki manzilga hujum uyushtirgan. Zarbalarning yarmi raketa qurolidan yo‘llangan.
***
Polsha hukumati turli mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan ko‘plab elchilarni almashtiradi.
– Tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy 13-mart kuni 50 dan ziyod elchining missiyasini yakunlash to‘g‘risida qaror qabul qildi, – deyilgan TIV xabarida. – Shuningdek, avvalgi vazir tomonidan tasdiqlash uchun taqdim etilgan o‘n nafar diplomat nomzodi ham rad etilgan.
Polsha TIV ushbu masala Prezident tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildirgan.
***
Oq uy rasmiy vakili Karin Jan-Per aytishicha, AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiya yetakchisi Vladimir Putinning jurnalist Dimitriy Kiselyovga bergan intervyusidan xabardor.
– Prezident xabardor, albatta, – degan u. – Janob Putin Rossiyaning yadroviy doktrinasi haqida gapirdi, unga shu haqda savol berilgandi. Baribir, Rossiyaning ziddiyat davomidagi yadroviy po‘pisasi mas’uliyatsizlik va o‘ylamay aytilgan gap.
***
Janubiy Koreya G‘azo sektorida yuzaga kelgan og‘ir vaziyat munosabati bilan Isroilni Falastin fuqarolarini o‘ldirishni bas qilishga chaqiradi, deya bayonot berdi respublika vakili.
Avvalroq Janubiy Koreya Isroilning quruqlikdagi amaliyotini G‘azo sektorida Rafoh shahrigacha kengaytirish rejasidan jiddiy xavotir bildirib, barcha tomonlarni BMT Xavfsizlik Kengashi tegishli rezolyutsiyalariga amal qilishga chaqirgan edi.
***
Moldova hozircha NATOga kirish masalasini ko‘rib chiqmaydi, chunki ushbu g‘oya respublika aholisi orasida yetarli qo‘llovga ega emas, dedi mamlakat TIV rahbari Mixay Popshoy.
Uning ta’kidlashicha, ushbu masalani keng muhokamaga olib chiqish kerak.
– Barchasi haqida erkin, ochiq bahs-munozara bo‘lishi, qaror demokratik tarzda qabul qilinishi lozim, – ta’kidlagan Popshoy. – Bu jarayon uzoq istiqbolga tegishli.
***
Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar doimiy vakillari joriy yil Yevropa tinchlik fondidan Ukrainaga besh milliard yevro yordam ajratish bo‘yicha bir qarorga keldi, deb xabar tarqatdi EI Kengashiga raislik qilayotgan Belgiya vakolatxonasi ijtimoiy tarmoq orqali.
Byudjetdan tashqari Yevropa tinchlik jamg‘armasi ittifoq tomonidan 2021-yil martda tashkil etilgan.
***
AQSH hozircha yadro qurolini ko‘paytirmoqchi emas, lekin masala jiddiy o‘rganilmoqda, dedi mamlakat yadroviy xavfsizlik bo‘yicha milliy agentligi (NNSA) rahbari o‘rinbosari Frenk Rouz.
Avvalroq Prezident Jo Bayden yadro qurolini modernizatsiya qilish uchun Kongressdan 2025 moliya yiliga qariyb 20 milliard dollar so‘ragandi.
***
G‘arb Ukrainaga qo‘shin emas, balki qurol va pul berishi kerak, dedi Polsha Prezidenti Anjey Duda “Bloomberg” agentligiga intervyusida.
– Mojaroga aralashmay, nizoni to‘xtatishning yagona imkoniyati Ukrainani qurol-yaroq va mablag‘ bilan qo‘llab-quvvatlash, – ta’kidladi u. – Agar ziddiyat davom etsa va mamlakatlar Ukrainaga harbiylarini jo‘natsa, tinchlikka erishish juda qimmatga tushadi.
S.Rahimov, O‘zA