-
Britaniya GFRni Kiyevga Taurus raketalari berishga chaqirdi
Buyuk Britaniya bundesver zobitlari suhbati sizdirilganiga qaramay, Germaniyani Kiyevga uzoq masofaga mo‘ljallangan “Taurus”raketalari berishga chaqiradi, deb yozdi “Guardian” gazetasi hukumat vakiliga tayanib.
“Britaniya birinchi bo‘lib yuqori aniqlikdagi raketalarni Ukrainaga bergan va ittifoqchilarimizni ham shunday qilishga chaqiramiz”, – degan mulozim.
O‘t ochish to‘xtamasa, garovdagilar haqida ma’lumot to‘plab bo‘lmaydi
O‘t ochish to‘xtatilmasa, XAMAS garovda ushlab turilganlar haqida ma’lumot to‘play olmaydi, dedi G‘azo sektoridagi XAMAS tashqi aloqalar bo‘limi rahbari Basim Nayim CNN telekanali msuxbiriga.
– Bombardimon paytida garovdagilar taqdirini hal qilish strategiyasini tuzolmaymiz, – degan u. – Shunday ekan, ma’lumot to‘plash uchun o‘t ochish to‘xtatilishi kerak.
Nayim ta’kidlashicha, garovdagilar G‘azo sektorining turli qismlarida turli guruhlar qo‘lida saqlanmoqda.
Afg‘onistonda sovuqdan 39 kishi nobud bo‘lgan
Tojikistonning Xovar agentligi yozishicha, bu yil Afg‘onistonda qish juda qattiq kelgani bois, sovuqdan halok bo‘lganlar soni 39 kishiga yetdi. Ushbu bayonotni yakshanba kuni tabiiy ofatlarga qarshi kurash bo‘yicha Afg‘oniston milliy boshqarmasi rasmiy vakili bergan.
– 39 fuqaro halok bo‘ldi, 30 kishi yomg‘ir, qor bo‘roni va sovuqdan jabr ko‘rdi, – deyilgan axborotda. – Bundan tashqari, 637 uy vayron bo‘lib, 13 889 bosh yirik shoxli qoramol qahratonda nobud bo‘ldi.
Gaitida qurolli to‘da aeroporga hujum qildi
Gaitida qurolli to‘da xalqaro aeroportni egallab olishga urindi, aeroport hududida otishma yuz berdi, deb xabar tarqatdi “Assoshieyted Press” agentligi politsiya mahkamasiga tayanib.
Avvalroq “Frans Press” Gaiti hukumati mamlakat poytaxti Port-o-Prensda favqulodda holat hamda komendantlik vaqti e’lon qilgani haqida xabar tarqatgan edi. Shundan keyin Tussen-Luvertyura nomli xalqaro aeroportga hujum uyushtirilgan.
Ta’kidlanishicha, Gaitining butun g‘arbiy departamenti bo‘ylab joriy etilgan xavfsizlik choralari 72 soat davom etadi.
Pentagon: AQSH Ukrainada F-35 samolyotlaridan foydalanmayapti
– AQSH Ukrainada F-35 samolyotlaridan foydalanayotgani yo‘q, – dedi Pentagon vakili “RIA Novosti”ga.
Avvalroq Singapur mudofaa vaziri Ng Eng Xen Vashington Ukraina hududida Rossiyaning havo hujumiga qarshi tizimi joylashgan nuqtalarni qidirish uchun F-35 qiruvchi samolyotlaridan foydalanmoqda, deya bayonot bergandi.
Xabarda mulozimning so‘zlari vazirlik saytida keltirilgani ham aytilgan.
Mo‘g‘ilistonda sovuqdan nobud bo‘lgan uy hayvonlari soni milliondan oshdi
Hozirgacha Mo‘g‘ulistonda sovuqdan nobud bo‘lgan hayvonlar soni 3 089 420 boshga yetdi, deya bayonot bergan Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat komissiyasi.
“Sinxua” agentligi yozishicha, yakshanba kuni poytaxt Ulan-Batordan qish mavsumi qattiq kelishidan qiynalib qolgan turli mintaqalarga navbatdagi gumanitar yuklar jo‘natilgan.
Ma’lumki, ushbu davlat iqtisodiyotining muhim bo‘g‘ini hisoblanadigan chorvachilik aholining 40 foizi uchun daromad manbai hisoblanadi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yil Mo‘g‘ulistonda jami 64,7 million bosh chorva moli ro‘yxatga olingan.
Makron fransuz qo‘shinlarini Ukrainaga jo‘natish fikriga izoh berdi
Fransiya yaqin kelajakda Ukrainaga qo‘shin yuborishni rejalashtirmayapti, biroq ushbu mamlakatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bor imkoniyatni ko‘rib chiqmoqda, dedi Prezident Emmanuel Makron Pragaga tashrifi arafasida Chexiyaning “Novinky” portali va “Pravo” gazetasiga intervyu berar ekan.
Turkiya MRB bilan Ukraina masalasini muhokama qiladi
Turkiya milliy razvedka tashkiloti rahbari Ibrohim Qalin AQSHda Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Byorns bilan Ukrainada yuzaga kelgan vaziyatni muhokama qiladi, deb xabar tarqatdi “Anadolu” agentligi.
– Uchrashuvda Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida davom etayotgan ziddiyat va shuningdek, Kavkazdagi vaziyat ham muhokama qilinadi, deya aniqlik kiritilgan mavzuga axborotda.
Tramp Baydenni g‘irromlikda aybladi
AQSH sobiq Prezidenti Donald Tramp bayonot berishicha, Jo Bayden g‘irrom yo‘l bilan qayta saylanishga urinmoqda.
Tramp ijtimoiy tarmoqda shunday yozgan:
– Prezident Bayden, sudya va prokurorlarni qurolga aylantirishni to‘xtat! Kurashda mustaqil ishtirok et. Saylovda g‘olib bo‘lish yo‘lida raqibingga zarar keltirish uchun sudya va prokurorlardan foydalanma!
Tramp ta’kidlashicha, unga qarshi olib borilayotgan huquqiy jarayon Oq uydan muvofiqlashtirilmoqda.
S.Rahimov,
O‘zA