Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyo voqealari qisqa satrlarda
09:29 / 2024-02-14

Xarris prezidentlikka tayyorligini bildirdi.

AQSH vitse-prezidenti Kamala Xarris mamlakat yetakchisi Jo Baydenning keksaligidan xavotirga tushgan saylovchilarga prezident vazifasini bajarishga tayyor ekanini ma’lum qildi, deb yozdi “Wall Street Journal”.

Gazeta yozishicha, Jo Bayden keksaligi tufayli Xarris so‘nggi oylarda ko‘pgina ishlarni bajarishiga to‘g‘ri kelmoqda.

Avvalroq “ABC News” telekanali “Ipsos” tashkiloti bilan o‘tkazgan so‘rovda  80 foiz amerikaliklar Bayden yana bir muddat uchun anchayin keksa, degan fikrni bildirgan edi. Amaldagi rahbar AQSH tarixida eng keksa prezident hisoblanadi.

“Gazprom” va Avstriyaning OMV kompaniyasi shartnomani bekor qilishi mumkin

Avstriya hukumati OMV va “Gazprom” o‘rtasidagi shartnomani bekor qilish imkoniyatini qidirmoqda, buning uchun turlicha variant ko‘rib chiqilmoqda, dedi jurnalistlarga mamlakatning iqlim choralari, atrof-muhit, energetika, mobillik, innovatsiya va texnologiya vaziri Leonor Gevessler.

Avvalroq mazkur neft-gaz konserni gaz yetkazib berish bo‘yicha “Gazprom” bilan 2040 yilgacha kelishuv imzolagani e’lon qilingan edi. Respublika kansleri Karl Nexammer ushbu hujjatni bir tomonlama bekor qilish mamlakat uchun qimmatga tushishini ta’kidlagan.

NATO ogohlantirildi

Rossiya Davlat Dumasi deputati, xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mita a’zosi Dmitriy Belik bayonot berishicha, NATO Polshaga yadro quroli joylashtirishi  global mojaroga juda yaqinlashishni bildiradi.

Avvalroq polshalik general Yaroslav Krashevskiy “RMF FM” radiosiga bergan intervyusida bir necha yildan keyin Polshaga yadro quroli joylashtiriladi, bu aniq, degan edi. Uning aytishicha, qurolni NATOning “Nuclear sharing” dasturi doirasida olish mumkin.

Niger, Burkina-Faso va Mali yagona pul chiqarmoqchi

Niger hukumatini boshqarayotgan Vatanni himoya qilish milliy kengashi rahbari general Abdurahmon Tchiani Sohil davlatlari alyansining yagona valyutasini yaratish imkoniyati haqida gapirgan.

– Valyuta chiqarilishi suverenitet belgisi hisoblanadi, – dedi u. – Sohil davlatlari – Niger, Burkina-Faso va Mali hozir to‘liq suverenitetini tiklashga intilmoqda.

Qatar Hindistonning 8 fuqarosini avf etdi

“NDTV” telekanali tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Qatar sudi Isroil foydasiga josuslik qilishda ayblanib, o‘lim jazosiga hukm qilingan sakkiz hindistonlik mahbusni kechirgan. Ularning yetti nafari Nyu-Dehliga yetib kelgan, yana biri qardaligi haqida ma’lum qilinmagan.

Vengriya prezidenti saylovi mart oyida bo‘lib o‘tadi

Vengriyada iste’foga chiqqan Katalin Novak o‘rniga yangi prezident saylash mart oyiga belgilandi. Hukumatni boshqarayotgan “FIDES – Vengriya fuqarolar ittifoqi” partiyasining parlamentdagi fraksiyasi yetakchisi Mate Kochish “Kossuth” radiosida chiqish qilib, shunday bayonot berdi.

Katalin Novak 10 fevral kuni iste’fo bergan.

Senegalda mobil interneti o‘chirildi

Senegal hukumati prezident saylovi sanasi ko‘chirilishiga qarshi norozilik namoyishiga chiqish chaqirig‘i keng tarqalayotgani uchun mobil internetni o‘chirib qo‘ydi, deb yozdi “Frans Press agentligi mamlakat telekommunikatsiya vazirligi tarqatgan xabarga tayanib.

Avvalroq mamlakat parlamenti fevral oyiga rejalashtirilgan prezident saylovini 2024 yil 15 dekabrga ko‘chirish haqida qonun qabul qilgan edi. O‘shanda muxolif deputatlar ovoz berish arafasida kuch bilan zaldan chiqarib yuborilgan.

AQSH Davlat departamenti Senegalda prezident saylovi boshqa kunga ko‘chirilishi qonuniy emasligini ta’kidlagan.

S.Rahimov, O‘zA