Stubb – Finlyandiyaning yangi Prezidenti
Finlyandiyada hukumatni boshqarayotgan “Milliy koalitsiya” partiyasidan nomzod Aleksandr Stubb mamlakat prezidentligi uchun bo‘lib o‘tgan saylovning ikkinchi bosqichida g‘olib chiqdi, deya ma’lum qildi respublika adliya vazirligi.
100 foiz byulleten hisoblab chiqilgandan keyin Stubb 51,6 foiz ovoz olgani ma’lum bo‘ldi. Inauguratsiya marosimi 1 martga belgilangan.
Finlyandiyada davlat yetakchisi 6 yilga saylanadi.
Yaponiyada sun’iy intellekt xavfsizligi instituti tashkil etiladi
“NHK World-Japan” telekanali ma’lum qilishicha, Yaponiya Savdo va sanoat vazirligi huzurida sun’iy intellekt xavfsizligi instituti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Muassasa sun’iy ongdan foydalanish standarti va xavfsizligini baholash uchun xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
Institutni ochishdan ko‘zlangan maqsad sun’iy intellektdan foydalanib yolg‘on ma’lumot tarqatish va mualliflik huquqini buzish bilan bog‘liq tahdidlarni bartaraf qilishdan iborat.
KXDR boshqariladigan yangi snaryad yaratdi
KXDR Mudofaa fanlari akademiyasi boshqariladigan yangi snaryad hamda ko‘p quvvat oluvchi uchirish quruimasi uchun boshqaruv tizimini yaratdi, deb xabar tarqatdi mamlakat Markaziy telegraf agentligi.
11 fevral kuni yalpi o‘t ochish tizimi uchun yaratilgan mazkur reaktiv snaryad sinovdan o‘tkazildi.
Ta’kidlanishicha, boshqariladigan reaktiv snaryad va qurolni boshqarish tizimi yaratilishi mamlakat armiyasida yalpi o‘t ochish tizimi tarkibini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘taradi.
Stoltenberg: NATO hech kimdan qo‘rqmaydi!
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg alyans tarkibidagi ittifoqchilarga uyushtiriladigan har qanday hujumga zudlik bilan munosib javob qaytarilishi haqida bayonot berdi.
“Reuters” agentligi yozishicha, “Agar Alyansga qarshi hujum uyushtiriladagan bo‘lsa, NATO yagona musht bo‘lib, kuchli javob qaytaradi”, degan mulozim.
Armaniston kim bilan harbiy munosabat o‘rnatadi?
Armaniston kim bilan haqiqiy harbiy-texnik va mudofaa yo‘nalishida munosabat yo‘lga qo‘yilishi kerakligini tushunib olishi kerak, dedi Bosh vazir Nikol Pashinyan.
– Avvallari mudofaa sohasidagi munosabatimizning 95-97 foizi Rossiya Federatsiyasiga to‘g‘ri kelardi, endi esa ob’ektiv va sub’ektiv sabablarga ko‘ra, bunday emas, – dedi Pashinyan qurolli kuchlarni isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqish istiqboli haqida berilgan savolga javob berarkan.
Mask: Starlink terminallari Rossiyaga sotilmagan!
– Bizdagi ma’lumotga ko‘ra, terminallarimiz Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita sotilmagan, – deb yozdi amerikalik tadbirkor Ilon Mask ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. Yaqinda bir ommaviy axborot vositasi “SpaceX” Rossiyaga “Starlink” yo‘ldosh interneti terminalini sotyapti” mazmunida xabar tarqatdi. Bu butunlay yolg‘on.
AQSH 2024 yil Rossiyadan uran importini to‘xtatadi
AQSH Rossiyadan boyitilgan uran keltirilishiga taqiq joriy yil kuchga kirishidan umid qilmoqda, deb yozdi “Financial Times”.
2023 yil Vakillar palatasi Rossiyada ishlab chiqarilgan kuchsiz boyitilgan uran importiga taqiq qo‘yish bo‘yicha qonun loyihasini ma’qullagan. Hujjat 2040 yilgacha amal qiladi.
Gazeta yozishicha, Yevropaning “URENCO” konserni direktori Boris Shuxt RF mahsuloti o‘rnini bosish uchun konsernda yetarli quvvat borligini ma’lum qilgan.
Hindiston koinotga insonga o‘xshash robot jo‘natadi
Hindiston hukumatida atom va kosmos sohasi uchun mas’ul davlat vaziri Житендра Singx jurnalistlarga aytishicha, orbitaga inson jo‘natilishi iloji bo‘lgunga qadar, robot “Gaganyan” kosmik kemada hayotni ta’minlovchi tizim faoliyatini tekshirib boradi.
“Vyommitra” missiyasi shu yil III chorakda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Avvalroq mamlakat fazoviy tadqiqot tashkiloti (ISRO) rahbari Shridxara Paniker Somnatx Hindiston ekipajli ilk kosmik kemani 2025 yil oxirida koinotga olib chiqishini ma’lum qilgan.
Sharl Mishel: NATO mudofaaga ko‘proq sarmoya kiritishi kerak
Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida YeI zudlik bilan strategik mustaqillikka erishish kerakligi xususida bayonot berdi.
– Buning uchun mudofaaga investitsiyani ko‘paytirish kerak, – dedi u AQSH sobiq Prezidenti Donald Trampning Vashington bilan NATO ittifoqchilari o‘rtasidagi munosabati bo‘yicha bergan bayonotidan so‘ng.
Avvalroq Tramp tarafdorlari bilan uchrashuvda NATO tarkibidagi ittifoqchilarni mudofaaga kam mablag‘ ajratayotganlikda ayblagan edi. U agar yana prezident bo‘lsa, NATO davlatlarini tekinga himoya qilmasligidan ogohlantirgan.
Kongo poytaxtsiz qolishi mumkin
“Okapi” radiosi ma’lum qilishicha, mahalliy senator Dide Mumengi Kongo Demokratik Respublikasi poytaxti Kinshasa daryo suvi keltirib chiqaradigan toshqinda g‘arq bo‘lishi mumkin, degan.
Siyosatchi poytaxt ilk bor 1961 yil suvga cho‘kish xavfi ostida qolganini eslatdi. O‘shanda Kongo daryosi sathi rekord darajada ko‘tarilgan.
Mumengi mahalliy hukumatni ushbu masalaga e’tibor qaratish va muammoni hal qilish rejasini ishlab chiqishga chaqirgan.
Afrika qit’asidagi eng yirik shaharlardan biri – Kinshasada, taxminan, 12-15 million kishi yashaydi.
Saidmurod Rahimov tayyorladi.
O‘zA