Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyo voqealari qisqa satrlarda
23:39 / 2024-01-23

Stoltenberg NATOning Rossiya chegarasida kuchayishiga izoh berdi

NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg alyansni Rossiya chegarasida kuchaytirishdan maqsad harbiy mojarolarning oldini olishdir, dedi.

“2022 yil fevraldan buyon NATO zimmasida ikki vazifa paydo bo‘ldi: Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va NATO bilan Rossiya o‘rtasida keng ko‘lamli urush boshlanishiga yo‘l qo‘ymaslik”, – dedi u harbiy blokning Bryusseldagi qarorgohida uyushtirilgan brifingda.

AQSH Ekvadorga kuch tuzilmalari xodimlarini jo‘natadi

Mazkur missiya tartibsizlik kechayotgan sharoitda Ekvador huquq-tartibot idoralarini qo‘llab-quvvatlash doirasida amalga oshirilmoqda, deyiladi Oq uy tarqatgan xabarda.

Ta’kidlanishicha, AQSH yaqin kunlarda Ekvadordagi Federal qidiruv byurosi xodimlari soni oshirilishini e’lon qiladi. Bundan ko‘zlangan maqsad tartibsizlikni bostirish uchun kurashayotgan mamlakat milliy politsiyasi va prokuraturasiga yordam berish.

Yaponiya Bosh vaziri fraksiyasi tarqatib yuboriladi

Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisidaning fraksiyasi – “Kotikay” rasman tarqatilishi e’lon qilindi, deb yozdi “Kiodo agentligi. Ushbu qaror fraksiyaning seshanba kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari yig‘ilishida qabul qilindi. voqeasha sabab sifatida fraksiyaning moliyaviy mojaroga aralishib qolgani ko‘rsatilmoqda.

Nigeriya BMT Xavfsizlik kengashidan joy olishga haqli(mi?)

Nigeriya BRIKSga a’zo bo‘lishga intilmoqda, shuningdek BMT Xavfsizlik Kengashidan joy olishga ham haqli, deb yozdi “Financial Times” gazetasi mamlakat tashqi ishlar vaziri Yusuf Maytam Tuggarga tayanib.

“Kengash hozirgi besh doimiy a’zodan ko‘ra yanada kengayishi va demokratlashishi kerak”, – degan mulozim.

G‘azodagi portlashda Isroilning 21 nafar askari halok bo‘lgan

G‘azo sektorida yuz bergan portlash oqibatida halok bo‘lgani aniqlangan isroillik askarlar soni 21 nafarga yetdi, deb yozdi seshanba kuni “Times of Israel” gazetasi SAXAL matbuot kotibi, brigada generali Daniel Xagari bergan ma’lumotga tayanib.

Avvalroq “i24” telekanali 10 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergandi.

Gazeta yozishicha, isroillik askar ko‘mgan modda portlaganda askarlar binoni tark etishga ulgurmagan. Voqeaga doir boshqa sabablar ham ko‘rib chiqilyapti.

Finlyandiya tashqi tahdiddan qo‘rqmaydi

“Finlyandiya NATOga a’zo bo‘lgani va AQSH bilan yaxshi aloqada ekani uchun xavfsiz bo‘lib turibdi. Mamlakat boshqa davlatlar tahdididan qo‘rqmaydi”. Ushbu mamlakatning sobiq bosh vaziri, prezidentlik uchun kurashga kirishgan Aleksandr Stubb “Financial Times” gazetasiga bergan intervyusida shunday dedi.

Uning ta’kidlashicha, mamlakat xavfsizlik tizimi o‘zining kuchli qurollariga, shuningdek NATOga a’zolikka hamda AQSH bilan 2023 yil 18 dekabrda imzolangan mudofaa bo‘yicha hamkorlik kelishuviga tayanadi.

GFR Rossiya bilan ehtimoliy urushga tayyorlanyaptimi?

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistoriusning fikricha, g‘arb davlatlari keyingi 3-5 yil ichida Rossiya bilan ehtimoliy urushga tayyorlanishi lozim. Bu haqda u “ZDF” telekanalida aytib o‘tdi.

– Harbiy ekspertlar fikricha, Rossiyaning urush harakatini boshlash uchun zarur holatni tiklab olishiga bir necha yil kerak bo‘ladi, – degan u. – Bu hozircha faraz, anig‘ini hech kim bilmaydi. Shu vaqtda, ya’ni kelgusi 3-5 yil mobaynida biz ham jadallik bilan qurollanishimiz kerak.

Istanbul sohilida ikki yuk kemasi to‘qnashdi

O‘tgan tun Marmar dengizida ikki yuk kemasi to‘qnashib ketdi, deb xabar tarqatdi Turkiya sohilni qo‘riqlash bosh boshqarmasi.

“Volgo Don 207” Istanbuldagi Axirkapi sohiliga langar tashlagan va to‘xtab turgan “Astrid L” kemasiga urilgan”, – deyiladi ma’lumotda.

Kemalarning biri Panama, ikkinchisi Antigua va Barbudaga tegishli.

Saidmurod Rahimov tayyorladi, O‘zA