Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyo to‘qimachilik sanoati vakillari Samarqandda
17:54 / 2024-09-09

Samarqandda Xalqaro to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi (ITMF) va Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasi (IAF)ning “Innovatsiyalar, hamkorlik va tartibga solish — to‘qimachilik sanoati va kiyim-kechak ishlab chiqarishining harakatlantiruvchi kuchlari” mavzusidagi yillik konferensiyasi o‘tkazilmoqda.

Mazkur nufuzli tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va "O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan anjumanda ITMF va IAFga a’zo davlatlar, yirik to‘qimachilik kompaniyalari, dunyoga mashhur brendlar, moliya institutlarining 500 dan ortiq vakili ishtirok etmoqda.

ITMF dunyoning 123 ta eng yirik to‘qimachilik uyushmasini birlashtiradigan va ular tarkibidagi to‘qimachilik korxonalari va brendlarning xalqaro aloqalarini kengaytirishga yordam beradigan tashkilotdir. IAF esa 60 ta mamlakat uyushmalari va ular tarkibidagi 100 mingdan ortiq brendlar va chakana savdo kompaniyalarini birlashtiradi. Mamlakatimiz 2014 yilda Xalqaro to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari federatsiyasiga, 2020 yilda esa Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasiga a’zo bo‘lgan.

9 avgust kuni anjumanning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.  

Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning anjuman qatnashchilariga tabrigini O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari J. Xo‘jayev o‘qib eshittirdi.

[gallery-19175]

Davlatimiz rahbari o‘z tabrigida yurtimizda ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur forum ishiga muvaffaqiyat tilab, keyingi yillarda mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarda bo‘lgani singari to‘qimachilik va kiyim-kechak sanoatida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlangan.

Jumladan, paxta yetishtirishda davlat monopoliyasiga barham berilgani, xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonni to‘liq qamrab olgan klaster tizimi yaratilib, bosqichma-bosqich takomillashtirib borilayotgani qayd etilgan.

Sohadagi islohotlarimiz nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan e’tirof etilib, O‘zbekistonga nisbatan “paxta boykoti” bekor qilindi. Bu borada “Cotton Capaign” xalqaro koalitsiyasi bilan hamkorligimiz davom ettirilmoqda. Shu bilan birga, barqaror qonunchilik bazasi yaratilgani, investitsiyaviy muhit yaxshilangani, yangi texnologiyalar joriy etilgani natijasida paxta tolasini qayta ishlash 2017 yildagi 40 foizdan 100 foizga yetdi. Ayni vaqtda chetdan tola va xomashyo olib kelib, yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish borasidagi ishlar ham boshlandi, deyiladi tabrikda.

Bu sa’y-harakatlar tufayli bugunga kelib to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 5 barobar ko‘paydi, eksport 4 karra ortdi. Eng muhimi, ilgari sohada eksportning 70 foizi xomashyo hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bugungi kunda chetga sotilayotgan tovarlarning 60 foizini tayyor mahsulotlar tashkil etmoqda.

Anjumanda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vahobov so‘zga chiqib, yurtimizda, jumladan, Samarqand viloyatida to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish, paxta tola ishlab chiqarish va uni qayta ishlash borasidagi ishlar haqida ma’lumot berdi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Xalqaro to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi prezidenti Key Vi Shrinavasan va Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasi prezidenti Chem Altan Markaziy Osiyo davlatlarida ilk bor O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan mazkur anjumanning yuqori saviyada tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdi. Bugungi kunda dunyo bozorida to‘qimachilik mahsulotlariga bo‘lgan talab, tabiiy xom-ashyo va sun’iy materiallardan tayyorlanayotgan mahsulotlar savdosi, narx tendensiyalarining o‘zgarib borayotganiga e’tibor qaratildi.

– Ayni paytda paxta tolasi tayyorlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayon uzluksiz zanjirini ta’minlash g‘oyat muhim ahamiyatga ega, – dedi Xalqaro to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi (ITMF) prezidenti Key Vi Shrinavasan. – Lekin barcha davlatlarida ham bunga erishish qiyin kechmoqda. O‘zbekistonda esa keyingi 7 yilda bu borada salmoqli natijalarga erishilganini qayd etish lozim. Mamlakat qisqa vaqt ichida dunyoga xomashyo sotuvchi davlatdan tayyor mahsulot eksportchisiga aylandi. Hatto, xomashyoni import qilib, kiyim-kechak ishlab chiqarib, sotishga harakat qilinayotgani quvonarli.

Key Vi Shrinavasan o‘z so‘zida bugun to‘qimachilik sanoatida yangi innovatsiyalarni qo‘llash, startap loyihalarga ehtiyoj kattaligini ta’kidlab, mazkur konferensiya soha sub’ektlarining bu borada fikr almashishi uchun qulay maydon ekanligini ta’kidladi.

 Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasi (IAF) prezidenti Chem Altan esa sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, qonunchilikni takomillashtirish, to‘qimachilik va kiyim-kechak ishlab chiqaruvchilarining hamkorligini mustahkamlash zarurligini qayd etdi.

Shundan so‘ng anjuman qatnashchilari O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoatining rivojlanishi va istiqboliga oid ko‘rgazma, yurtimizdagi yetakchi ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari namoyishi bilan tanishdi.

Xalqaro to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi va Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasi yillik anjumani bir qator sessiyalarda o‘z ishini davom ettirmoqda.  

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari