Poytaxtimizda O‘zbekiston Shoshilinch tibbiy yordam xizmati shifokorlari assotsiatsiyasi V S’ezdi hamda Yevro-Osiyo Shoshilinch tibbiyot jamiyatining I Kongressi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda dunyoning 22 davlati, jumladan, Rossiya, AQSH, Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Bosniya va Gersegovina, Chernogoriya, Latviya, Moldova, Turkiya, Eron, Xitoy, Koreya, Hindiston, Yaponiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Ukraina kabi qator mamlakatlardan yetakchi ekspertlar ishtirok etmoqda.
Sohada to‘plangan tajribani birlashtirish va keyingi rivojlanish tendensiyalarini aniqlash maqsadida 2019 yil 5 ta davlat – O‘zbekiston, Rossiya, Turkiya, Hindiston va Qozog‘iston professional jamiyatlari vakillari tomonidan Yevro-Osiyo Shoshilinch tibbiyot jamiyati tashkil etilgan edi. Pandemiya sababli mazkur hamjamiyatning I Kongressi Assotsiatsiya S’ezdi bilan birga o‘tkazilmoqda.
2008 yilda O‘zbekiston Shoshilinch tibbiy yordam xizmati shifokorlari assotsiatsiyasi tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda mazkur uyushma mamlakatimiz va xorijda 7 mingdan ortiq mutaxassisni o‘z atrofiga jamlagan.
Mazkur tadbirda jamiyat va uyushma a’zolari sohada erishilgan yutuqlar, muammo va kamchiliklarni muhokama qiladi, mahalliy va xorijiy mutaxassislarning 160 dan ziyod ma’ruzalari tinglanadi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, joriy yil O‘zbekistonda Shoshilinch tibbiy yordam xizmatining tashkil etilganiga yigirma yil to‘ldi. O‘tgan davr mobaynida yurtimizda mazkur sohada qator ijobiy natijalarga erishildi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RSHTYOIM), uning joylardagi 13 ta hududiy va 179 ta tuman filialida 8 ming 300 dan ortiq o‘rinlar tashkil etilgan. Har yili tez tibbiy yordam xizmatiga 11 milliondan ortiq chaqiriqlar bo‘lib, ayni paytda tizimda 60 ming nafardan ortiq tibbiyot xodimi mehnat qilmoqda va ularning 12,5 ming nafardan ziyodi turli mutaxassislikdagi shifokorlardir.
Mohigul Qosimova, O‘zA