Namanganda Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “J100” tasnifiga kiruvchi xalqaro turnirda dunyoning o‘nga yaqin mamlakatidan kelgan tennischilar o‘zaro raqobatlashmoqda.
Musobaqaning yakkalik bahslarida hamyurtimiz Mahmudbek Beknazarov neytral maqomdagi tennischi Mixail Kulyaginni 6:1, 6:4 hisobida taslim etdi va ikkinchi davrada yana bir neytral maqomdagi sportchi Fedor Altuxov bilan raqobatlashadigan bo‘ldi. Shuningdek, Ahmadjon Toshmuhammedov ilk bosqichda qozog‘istonlik Toir Kayretdinovni 6:4, 3:6, 6:4 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Yigitlar o‘rtasidagi juftlik bellashuvlarida Ahmadjon Toshmuxammedov va Abdulaziz Usmonjonov tandemi qozog‘istonlik Ridion Lukashov hamda Yunus Zulfar duetini 6:1, 7:6 hisobida yengdi. Endi Ahmadjon va Abdulaziz yarim final ostonasida Fedor Altukov va Ivan Doroxovga qarshi o‘yin o‘tkazadi.
Ayni damda yakkalik va juftlik yo‘nalishlarida birinchi davra uchrashuvlari davom etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA