French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyo taraqqiyoti insoniyatdan eng ko‘p qaysi yo‘nalish mutaxassislarini yetishtirishni talab qiladi?
14:52 / 2024-04-11

Zamon taraqqiy etib borayotgani insoniyatning imkoniyatlarini kengaytirish barobarida unga yangi ilmlar va kasblarni taqdim etib kelmoqda. Bir paytlar odamlarning manzildan manzilga uchib borishlari ertaklardagina aytilgan bo‘lsa, bugun ko‘z o‘ngimizda havo yo‘llarining imkoniyatlari ham oddiy ko‘rinmoqda. Xo‘sh, bu kabi taraqqiyot birgina transport sohasida qanday mutaxassislarni talab qiladi?

Kuzatuvlar orqali aytish mumkinki, avvalo, boshqa sohalarga nisbatan transport sohasiga oid yetakchi imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Natijada kelajakda transport sohasida asosiy urg‘u xavfsizlik, ekologik tozalik va logistikadagi sun’iy intellektga qaratiladi. Shahar transporti haydovchilari «aqlli» yo‘llarning ko‘rsatmalari asosida eng qisqa marshrutni topishlari va kamdan kam uchraydigan tirbandliklar vaqtida havo orqali uchib o‘tishlari mumkin.  

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotiga ko‘ra,  buning uchun, albatta, yangi transport turlarini loyihalashtiruvchilarga ehtiyoj ortishi mumkin. Masalan, suv, havo va quruqlikda zamonaviy transport vositalarini ishlab chiqadigan hamda ularga xizmat ko‘rsatadigan mutaxassislar lozim. Ular matematika, fizika va kompyuter modellashtirishdan foydalangan holda yangi usullar va dizayn yaratadi. Uchuvchisiz transport vositalari sohasidagi yurist ham muhim kasb egasi bo‘ladi. U uchuvchisiz transport vositalarini ishlatish, ishlab chiqarish, sotib olish, ijaraga berish va sug‘urtalashda huquqiy yordam ko‘rsatadi.  

Yana bir kasb esa kross logistika operatori. U temir yo‘l va boshqa transport tarmoqlaridagi yukni hisobga olgan holda optimal yo‘nalishni belgilovchi mutaxassis. Ushbu mutaxassis yuklarning yetkazib berish jarayonini nazorat qiladi va zarur paytda barcha mavjud transport imkoniyatlarini ulash orqali yo‘nalishni sozlashi mumkin.  

Bundan tashqari, moslashuvchan ta’minot zanjiri menejeriga ham ehtiyoj tug‘ilishi tabiiy. Ushbu xodim doimiy ravishda yangi materiallar, butlovchi qismlar manbalarini qidiradi va ta’minot zanjirlarini qisqa fursatlarda moslashtirish bo‘yicha xizmat qiladi.  

Bu birgina transport sohasini tahlil qilganda lozim bo‘ladigan kasblar hisoblanadi. Dunyoda esa insoniyatga xizmat qiladigan yo‘nalishlar ko‘p.  

Qaysi yo‘nalish rivojlanishidan qat’i nazar, unutmaslik lozimki, tabiat va atrof-muhitga zarar yetkazishdan tiyilish insoniyat yer yuzida omon yashashiga sabab bo‘ladi.  

A.RUSTAMOV, O‘zA