Dunyo taʼlimi aynan raqamli iqtisod asosida jadal oʻsmoqda
Taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart.
Taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart. Bu bizga yuksalishning eng qisqa yoʻlidan borish imkoniyatini beradi. “2020-2021-yillarda barcha sogʻliqni saqlash muassasalari, maktablar va maktabgacha taʼlim tashkilotlarini, shuningdek, qishloqlar va mahallalarni yuqori tezlikdagi internet tarmogʻiga ulash hamda aloqa xizmatlari sifatini oshirishni koʻzda tutgan holda mamlakatning raqamli infratuzilmasini toʻliq modernizatsiya qilish va zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlaridan barcha hududlarda foydalanish imkoniyatini taʼminlash masalasi muhtaram Prezidentimizning ” Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarorida oʻz aksini topgan. Albatta, raqamli iqtisodiyotni shakllantirish kerakli infratuzilma, koʻp mablagʻ va mehnat resurslarini talab etishini juda yaxshi bilamiz. Biroq, qanchalik qiyin boʻlmasin, bu ishga bugun kirishmasak, qachon kirishamiz?! Ertaga juda kech boʻladi.
Shu bois, raqamli iqtisodiyotga faol oʻtish – kelgusi 2 yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri boʻladi. Ayniqsa, dunyo ahlini sarosimaga solib qoʻygan pandemiya oqibatlarini yengish uchun ushbu qaror juda muhimdir. Uning mohiyatini sodda tilda odamlarga tushuntirish undan-da dolzarb. Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi. Shu bilan birga, odamlarni juda qattiq tashvishga soladigan va bezovta qiladigan eng ogʻir illat – korrupsiya balosini yoʻqotishda ham ular samarali vositadir. Davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy sohada ham raqamli texnologiyalarni keng joriy etib, natijadorlikni oshirish, bir soʻz bilan aytganda, odamlar turmushini keskin yaxshilash mumkin. 2020-yilning nomida raqamli iqtisod atamasi borligi va uni keng ommaga, maktab bolalariga tushunchalar berish uchun pedagoglarga tinmay murojaat qilmoqdalar. Raqamli iqtisodiyot, bu — alohida faoliyat turi emas. Bu, aslida, ishbilarmonlik, sanoat obyektlari, sifatli taʼlim, xizmatlar deganidir. “Raqamli” atamasi mazkur sohalarning barchasi axborot texnologiyalaridan faol foydalanishni anglatadi. Agar oddiy iqtisodiyotda moddiy buyumlar asosiy resurs hisoblansa, raqamli iqtisodiyotda bu qayta ishlanadigan hamda uzatiladigan axborot, maʼlumotlar boʻladi. Ularning tahlilidan soʻng toʻgʻri boshqarish boʻyicha yechim ishlab chiqiladi.
Yoshlarga u haqida koʻproq gapirish va axborot texnologiyalari kasbiga motivatsiya qilaverish kerak. Raqamli iqtisodiyot atamasi ikki xil turli tushunchalarni ifodalashi uchun ishlatiladi. Birinchidan, raqamli iqtisodiyot- bu rivojlanishning zamonaviy bosqichi boʻlib, u ijodiy mehnat va axborot neʼmatlarining ustuvor oʻrni bilan tavsiflanadi. Ikkinchidan, raqamli iqtisodiyot, bu - oʻziga xos nazariya boʻlib, uning oʻrganish obyekti axborotlashgan jamiyat hisoblanadi Raqamli iqtisodiyot, shaffoflik, sud tizimining mustaqilligi, qonun ustuvorligi amalda qanday taʼminlanishi boʻyicha aytilgan mulohazalarning barchasi zamirida, ayniqsa, shaffoflik tamoyilida bu - vaksina. Har joyda inson omilidan xoli elektron olam qobigʻida korrupsiyani oldi olinadi. Aslida ilm va maʼrifatli odam birovning haqidan qoʻrqadi.
Shuning uchun ham yil nomida ilm maʼrifat va raqamli iqtisodiyot atamalari bejiz ishlatilmadi, nazarimda. Endi raqamli iqtisodiyot taʼlim bilan uzviy bogʻliq ekan bu borada maktabda nima ishlarni kerak? pedagogik innovatsiyalar va ishlanmalarning amaliy salohiyatini mustahkamlash va samaradorligini oshirish, ilmiy-uslubiy, tajriba-sinov va pedagogik texnologiyalar natijalarini keng joriy etish uchun taʼlim, ilm-fan yutuqlarini integratsiya qilishning taʼsirchan mexanizmlarini izlash; innovatsiyalar, ilmiy-uslubiy, tajriba-sinov va maktab ishlarga davlat va xususiy mablagʻlar kiritilishini kuchaytirish, bu sohalardagi tadbirlarni moliyalashtirishning zamonaviy va samarali shakllarini joriy etish; boshqaruv yaʼni taʼlim menijmentining zamonaviy usullari va vositalarini joriy etish orqali maktab faoliyatining samaradorligini oshirish; barqaror faoliyat yuritadigan maktab-oila-mahalla infratuzilmasini yaratish.
Bunda bizningcha asosiy yoʻnalishlar: fan, ixtirochilik, yangi davrga mos kasbga yoʻnaltirish va ilgʻor raqamli texnologiyalarni maktabda rivojlantirish; innovatsion faoliyatni ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirish; maktabda tez, optik tolali keng polosali internet va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni rivojlantirish; taʼlim tizimini takomillashtirish va inson kapitalini rivojlantirish va tezlikda yettinchi sinf bolalari uchun dasturlash tillarini oʻrgatuvchi puxta darslik va metodika yaratish Kuchli bilim va salohiyatga ega informatika oʻqituvchilarini turli sinov va attestatsiyalardan ozod qilib, ularga toʻgʻridan-toʻgʻri yuqori malaka toifalarini berish. Butun dunyoda bunday mutaxassislarga yuqori maosh toʻlanadi. Ular maktabdagi sistemalarni boshqarishlari kerak.
Raqamli iqtisodiyot boʻyicha maktabdanoq keng qamrovli tushunchalarni olib borish maqsadga muvofiq. Raqamli iqtisodiyotni oʻzi mamlakatimizda tadbirkorlik va umuman, iqtisodiyotni rivojlantirishda qanday rol oʻynaydi?- degan savol tabiiyki taʼlim jarayonida yechimini topishi kerak. Zero,Oʻzbekiston bugungi kunga kelib ayni raqamli iqtisodiyot tomon jadal kirib bormoqda. Vaqt oʻtishi bilan u yerda uydan chiqmasdan har qanday mahsulotni sotib olish imkoni paydo boʻldi. Uydan chiqmasdan buyurtma berilishi va toʻlanishi mumkin boʻlgan dasturiy taʼminot, kompyuter oʻyinlari va elektron kitoblarni sotish bozorida faol rivojlana boshladi. Shu tariqa raqamli iqtisodiyot butun jamiyatni qamrab oldi. Bizda ham telefon keng ommalashdi. Aksariyat odamlar undan foydali ilovalardan foydalanish oʻrniga keraksiz axborotlar uchun aziz umrlarini sovurayotganliklari nihoyatda achinarli.
Maʼlumki, axborot oʻlchov birligining eng kichigi nol yoki bir raqamlarda oʻlchanib uni bir bit deb qabul qilingan. Butun axborot olamining asosi ana shu ikki raqam bilan kodlanganligi tufayli raqamli soʻzi shu qadar ommalashib ketdi. Har bir belgi sakkizta 0 yoki 1 dan iborat. Bu bir bayt deb qabul qilingan. Bu axborot hajmi. Raqamli televideniye, raqamli fotoapparat, bankomat va hokozo tushunchalar aynan axborotni 0 yoki 1 bilan kodlanishi bilan bogʻliq boʻlib, bugungi kundagi barcha innovatsiyalarni asosi boʻlmoqda. Aqlli shahar, aqlli maktab, aqlli poliklinika va nimaiki hayot biz pedagoglar oldiga qoʻyayotgan boʻlsa, yaʼni strategik innovatsiyalarni xamirturushi ayni raqamli iqtisodiyot qobigʻida amalga oshiriladi. Men informatika va axborot texnologiyalari va matematikadan dars berib, aynan nol sonini qayerdan kelib chiqqani va aniq manbalariga qiziqib yurar edim.
2019-yilda nashr qilingan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Hazratlarining “Olam va Odam Din va Ilm” deb nomlanuvchi kitoblarining oʻqib turib uning 89-betida shunday aniq manbalar asosidagi shunday fikrlariga koʻzim tushdi: “Boshqa bir xorazmlik olim - Muhammad ibn Ahmad ibn Yusuf al-Xorazmiy rahmatullohi alayhining hisob ilmi boʻyicha ulugʻ kashfiyotlari haqida ikki ogʻiz soʻz. Bizning bu borada batafsil soʻz yuritishga imkonimiz yoʻqligi sababli u kishining faqat bitta kashfiyotlari haqida qisqacha aytib oʻtamiz. Muhammad ibn Ahmad ibn Yusuf al-Xorazmiy rahmatullohi alayhi 976-yilda oʻzining “Mafotiyhul ulum” nomli kitobida hisob amaliyotlarida oʻnliklarda boʻsh joy qolsa, kichkina doira shaklidagi alomat qoʻyishni taklif etadi. U kishi oʻsha doirani “sifr”, yaʼni ”hech narsa” deb nomlaydi. Xuddi shu “sifr” nazariyasi insoniyatning ilm-fan, xususan aniq fanlar borasidagi eng buyuk kashfiyotlardan biri hisoblanadi. Bu narsani hozir biz ruslarga ergashib, ”nol” deymiz.
Bu ham hech narsa degan maʼnoni bildiradi. Yevropa xalqlari ham Muhammad ibn Ahmad ibn Yusuf al-Xorazmiy rahmatullohi alayhning “sifr”ni tarjima qilib, ”zero” deydilar. Yevropalik tarixchilardan janob Eyr ”sifr” nazariyasi haqida quyidagilarni yozadi: ”Albatta, ”sifr” nazariyasi musulmonlar yevropaliklarga taqdim qilgan eng ulkan ilmiy hadyalardan biri hisoblanadi. ”Sifr” alomati hisobni toʻgʻrilash borasidagi eng ulugʻ qadamdir”. Albatta, Muhammad ibn Ahmad ibn Yusuf al-Xorazmiy rahmatullohi alayhining nolni kashfiyotchisi ekanligi matbuotda birinchi marta eʼlon qilinmoqda. Shu paytgacha barcha, jumladan oʻzim ham nolni Muhammad ibn Muso al-Xarazmiy kashf etgan deb hisoblar edik. Qizigʻi shundaki, har ikkala olim xorazmlik, har ikkisi ham zamondosh. Oʻylaymizki, sharqshunos olimlar ushbu masalaga oydinlik kiritib beradilar.
Darhaqiqat, ”nol” boʻlmasa, hisob-kitob qilish mumkin emas holiga kelib qoladi. Bu kashfiyotning qadri elektron hisoblash mashinalari-kompyuterlar chiqqanda yana ham ortdi. Irlandiyalik mashhur matematik Jon Bul ayni nol va birlar asosida Bul algebrasini yaratdi. Mantiqiy amallarni bajarish qoidalari mantiqiy sxemalarni oʻzgartirish uchun qulay. Shu sababli, bul algebrasi kompyuterni ishlab chiqishda asos boʻldi. Hozir ulardagi hamma narsa aynan “nol” va “bir” asosida amalga oshiriladi. Hamma raqamlarning asosida “nol” boʻladi. Uning baʼzi qismini ishlatib, baʼzisini ishlatmaslik yoʻli bilan qolgan raqamlar barpo qilinadi.
Raqamli iqtisodiyot, algoritm, matematika bizga begona emas.Uning ilk kashfiyotchilari ham oʻzimizning ota-bobolarimiz. Bizning qonimizda dastur tuzish, mantiqqa kuchli moyillik bor. Men aminmanki, muhtaram Prezidentimizning qarorlarida aytilgan bir million dasturchi va IT parklari matematika fanini rivojlantirish soʻzsiz amalga oshirish mumkin boʻlgan vazifa. Ajoyib, bizning ota-bobolarimiz boshlagan kashfiyot bugun taraqqiyot asosi boʻlmoqda. Raqamli avlod paydo boʻlmoqda. Afsuski, bular haqida kattalar kam maʼlumotga ega. Tez surʼatlar bilan rivojlanayotgan raqamli va axborot texnologiyalari sharoitida raqobatdosh yoshlarni maktabdanoq shakllantirilmas ekan, strategik maqsadlarni roʻyobga chiqishi qiyinlashadi. 5-6 yildan soʻng hozirgi koʻplab kasblar yoʻq boʻlib ketadi, buning oʻrniga yangilari paydo boʻladi.
Bu ham raqamli iqtisodiyotning hosilasi. Garchand, katta avlod vakillarida obyektiv ravishda bu ishlarda loqaydlik sezilsa-da, ammo barcha umidimiz albatta yoshlardan, ular tez rivojlanayotgan dunyodan qanday qilib ortda qolmasligimiz kerakligi haqida doimiy ravishda oʻylashi kerak. Chunki ularning raqobatchilari nafaqat atroflarida, balki butun dunyoda. Bizning bitiruvchilarimiz har yerda raqobatli olam bilan teng bas kelishlari darkor. Qisqacha aytganda, bugun raqamli iqtisodiyotning ikkita vazifasi bor: amaldagi jarayonni izchil avtomatlashtirib borish hamda odamlarni oʻz faoliyatida zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga tayyorlash. Mazkur dolzarb masala hammani ommaviy foydalanuvchi darajasida raqamli iqtisodiyotning mazmuniga tushunish, uni hayotga izchil qoʻllash, umumtaʼlimda ham oʻquv-tarbiya mazmuniga oʻzgartirishlar kiritishni taqozo qiladi.
Oddiy xalq tili bilan aytganda ilgari odamlar mavqei qancha moddiy boyligi bilan oʻlchangan boʻlsa, bugungi kunga kelib uning tasarrufida qancha axborot borligi bilan oʻlchanmoqda, yaʼni choʻntakda qancha mablagʻ bor emas, balki senda qancha axborot bor, degan savol insoning mavqeini belgilab bermoqda. Binobarin, maktabda bu haqida koʻp mashgʻulotlar oʻtkazish, raqamli texnologiyalar innovatsiyalar rivojiga keng yoʻl ochishini tashviq qilaverish darkor. Bu borada “Informatika va axborot texnologiyalari” fani fundamental nazariy bilimlarni bersa, boshqa fanlarni oʻqitilishida oʻquvchi raqamli texnologiyalardan faol foydalanuvchi boʻlib qolishi kerak. Dunyo oʻrta taʼlimi aynan raqamli iqtisod asosida jadal oʻsmoqda. Masofaviy taʼlim nima ekanligini karantin sharoitida hamma tushundi chamamda. Biz pedagoglar, ota-onalar, ommaviy axborot vositalari orqali odatda ayniqsa kasbga yoʻnaltirish mashgʻulotlarida hadeb bir xil anʼanaviy kasblarni emas, balki raqamli iqtisodiyotga xizmat koʻrsatuvchi kasblarni koʻproq targʻib qilish zarur. Eng zamonaviy kasblar reyestrini tegishli tashkilotlar ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilib borish ham foydadan xoli boʻlmaydi. Shunda ota-onalar ham oldindan bolasi uchun toʻgʻri yoʻnalish tanlash imkoniyati boʻlar edi.
Baxtiyor Karimov,
Oʻzbekiston Respublikasi
xalq oʻqituvchisi, Toshkent shahar
Chilonzor tumani 90-maktab oʻqituvchisi