Mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyati va o‘ziga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish eng oliy maqsadlardan biri hisoblanadi. «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da bu kabi ishlar izchil davom etmoqda.
Hilola To‘xtamurodova ana shunday imkoniyatlardan foydalanayotgan faol va tashabbuskor yoshlardan biridir. U Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining 3-bosqich talabasi bo‘lishiga qaramasdan respublikamizda birinchi marta keng qamrovli o‘tkazilayotgan «Dunyo sen bilan» loyihasining asoschisi hisoblanadi.
Mazkur loyiha Daun sindromi mavjud bolalarni turli xil qo‘l mehnati ishlari orqali aqliy va jismoniy rivojlantirish, eshitish va gapirish qobiliyatlarini o‘stirish va jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun yordamlashishga qaratilgan xayriya tadbiridir.

Hilola To‘xtamurodova tashabbuskorligi va mehnatsevarligi sabab Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti rektori Ilhom Sabirov tomonidan taqdirlandi.
– Institutimiz tomonidan ko‘rsatilgan bu kabi e’tibor menga ishonch va kuch bag‘ishladi, – dedi Hilola. – Xususan, kelajakda yanada yuqori natijalarni qo‘lga kiritishim, xayrli va savobli ishlarda ko‘mak berishda davom etishimda yangi g‘oya va imkoniyatlarni bera oldi.
Hozirgi kunda yoshlarni samarali mehnati uchun rag‘batlantirishimiz lozim. Biz qancha ko‘p rag‘bat bersak, ularni qo‘llab-quvvatlasak, ular shunchalik yuqori natijalarni zabt etaveradi.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA