Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyo sayyohlari O‘zbekistonga intilmoqda
11:23 / 2014-08-27

Mamlakatimizni ko‘rish, xalqimizning boy madaniyati va an’analari bilan tanishish, xushmanzara tabiatimizdan bahra olish maqsadida yurtimizga kelayotgan sayyohlar, o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish niyatidagi xorijlik ishbilarmonlar safi tobora kengayib bormoqda. O‘zA muxbiri ularning ayrimlari bilan suhbatlashdi.

Mamlakatimizni ko‘rish, xalqimizning boy madaniyati va an’analari bilan tanishish, xushmanzara tabiatimizdan bahra olish maqsadida yurtimizga kelayotgan sayyohlar, o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish niyatidagi xorijlik ishbilarmonlar safi tobora kengayib bormoqda. O‘zA muxbiri ularning ayrimlari bilan suhbatlashdi.

Klemens Kox (Germaniya):

– Toshkentda avval ham bo‘lganman. Bu yilgi safarim Mustaqillik bayrami arafasiga to‘g‘ri kelganidan xursandman. Hamma yerda bayramga keng tayyorgarlik ko‘rilayotgani juda quvonarli. O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish sohasini yuksaltirish borasida katta islohotlar amalga oshirilayotgani va bu ishlarning qamrovi tobora kengayib borayotgani quvonarli. Sayyohlarni kutib olish, zamonaviy mehmonxonalarga joylashtirish uchun zarur sharoit va imkoniyatlar muhayyo. Tarixiy obidalarga sayohat, milliy hunarmandlik va xalq amaliy san’ati buyumlari namunalari bilan tanishtirish ishlari yuksak darajada tashkil etilgani ham e’tiborga molik.

O‘zbekistonda tinchlik va osoyishtalik hukm surayotgani, musaffo osmoningizda osudalik ne’mati aks etayotgani, xalqingiz farovon va saodatli hayotdan bahramand bo‘layotgani havas qilgulikdir. Bejiz O‘zbekistonni jannatmonand o‘lka, deb atamaydilar.

Veysheng Xun (Xitoy):

– O‘zbekiston mustaqillikka erishganiga hali ko‘p bo‘lmagan esa-da, uning iqtisodiyoti jadal taraqqiy etayotgani barchaga ma’lum. Mamlakatingizning xalqaro maydondagi o‘rni mustahkamlanib, nufuzi tobora oshib bormoqda. O‘zbekiston ulkan iqtisodiy salohiyatga ega, shu bois dunyoning ko‘plab davlatlari u bilan hamkorlikni kengaytirishga intilmoqda, yetakchi firma va kompaniyalar bu yerga sarmoya kiritishga qiziqish bildirmoqda.

Mamlakatingizda boshqa sohalar qatori bank tizimi ham barqaror rivojlanmoqda, moliyaviy muassasalar faol va muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Kasbim iqtisodchi bo‘lgani bois turli mamlakatlarda bu sohaning rivojlanishi bilan qiziqaman. O‘zbekiston rivojlangan mamlakatlar va obro‘li xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ko‘plab istiqbolli loyihalarni amalga oshirmoqda va katta yutuqlarga erishayotir.

O‘zbekistonda xitoy tilida biyron so‘zlaydigan yoshlar ko‘p ekan. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganidan dalolatdir.

Odilon Kleman (Fransiya):

– O‘zbekiston qadimdan jahon ilm-fani markazlaridan biri bo‘lgan. Bu yerda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan ilmu toliblar turli sohalar bo‘yicha tahsil olgan, ular orasidan jahon ilm-fani, madaniyati taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ko‘plab olimu fuzalolar yetishib chiqqan. Shaharlaringizdagi noyob qadimiy yodgorliklar va betakror me’moriy obidalar bilan tanishgan har qanday kishi mamlakatingiz naqadar boy tarixga ega ekaniga ishonch hosil qiladi.

Har galgi safarim davomida mamlakatingizda ulkan o‘zgarishlar ro‘y berayotganiga guvoh bo‘laman. Toshkent yildan-yilga o‘zgacha qiyofa kasb etib bormoqda. Bu yerda muhtasham binolar, ulkan sport inshootlari qad rostlab, ko‘plab zamonaviy ta’lim maskanlari barpo etilmoqda, tarixiy obidalar ta’mirlanmoqda. Har qadamda turli xil va ko‘rinishdagi dam olish maskanlari, restoran va qahvaxonalar, supermarket va yirik savdo markazlarini uchratish mumkin. U yerlarda ko‘rsatilayotgan yuqori sifatli xizmat har qanday ta’bi nozik sayyohga ham manzur bo‘lishi shubhasiz.

Sofroniya Marinatos (Gretsiya):

– O‘zbekistonda san’atni rivojlantirishga, ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, milliy musiqani chuqur o‘rganish va yanada taraqqiy ettirishga qaratilayotgan e’tiborga havas qilsa arziydi. Bunga men Samarqandda o‘tkazilgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida ishtirokim chog‘ida amin bo‘lganman.

San’at azaldan kishilarni ezgulikka chorlab, yuksak insoniy fazilatlarni ulug‘lab, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikka da’vat etib keladi. Mamlakatingizda bunday anjumanlarning o‘tkazilishi biz yashayotgan o‘ta murakkab zamonda xalqlar o‘rtasida hamkorlik rishtalarini mustahkamlash, hayotbaxsh musiqa ohanglari orqali odamlar qalbida ezgu insoniy tuyg‘ularni uyg‘otish, mushtarak tomirlarni bir-biriga payvand etish kabi olijanob maqsadlarga xizmat qiladi.

Amendo Korelli (Italiya):

– O‘zbekiston, ko‘rkam va qadimiy shaharlaringiz bugun dunyo sayyohlarini o‘ziga chorlamoqda. Yurtingizdagi tarixiy yodgorliklar va zamonaviy shaharlarni tomosha qilish, xalqingizning rang-barang madaniyat va an’analari bilan tanishish, xushmanzara tabiatingiz fusunkorligidan bahra olish maqsadida mamlakatingizga kelayotgan sayyohlar soni yil sayin ortib borayotgani buning tasdig‘idir.

O‘zbekistonda ajdodlardan qolgan boy madaniy merosni – tarixiy obidalarni ta’mirlash va asrab-avaylash, sivilizatsiyaning yuksalishiga benazir hissa qo‘shgan allomalarning nomini tiklash, ilmiy merosini o‘rganish ishlari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani tahsinga sazovor. O‘zbekiston asrlar davomida bunyod etilgan qadimiy yodgorliklarga boy mintaqadir. Bu yerdan Sharqni Farb bilan bog‘lovchi Buyuk ipak yo‘li o‘tgan. Yurtingizda milliy an’analar ruhi bilan sug‘orilgan ko‘plab zamonaviy me’moriy majmualar bunyod etilgani juda hayratlanarlidir. Zotan, ma’naviyati yuksak, ilmu adabda yetuk elning farzandlari ham g‘ururi baland bo‘lib kamol topishi shubhasizdir.