Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Dunyo sadolari”: Xonobodning turizm salohiyatini namoyish etadi
19:18 / 2024-07-24

Andijonning eng xushmanzara go‘shasi, Farg‘ona vodiysining turizm markaziga aylanayotgan Xonobod shahrida shu yilning 29-31 iyul kunlari “Dunyo sadolari” II xalqaro milliy estrada san’ati festivali bo‘lib o‘tadi. Ayni kunlarda mazkur festivalga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Tayyorgarlik doirasida olib borilayotgan ishlar xususida mutasaddi va mutaxassislar bilan suhbatda bo‘ldik.  

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan mamlakatimizda ikkinchi bor o‘tkazilayotgan “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivalida dunyoning qator davlatlaridan estrada san’ati guruhlari, xonandalari, shuningdek, mamlakatimiz estrada san’ati yulduzlari ishtirok etadi, – deydi Andijon viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Marhaboxon Sattarova. – An’anaviy tarzda o‘tkazib borilishi belgilangan mazkur festival shubhasiz, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini, Andijonning, xususan, Xonobodning turizm salohiyatini namoyish etadi, yanada yuksaltiradi.  

Xonobodliklar va shahar mehmonlariga xush kayfiyat ulashish maqsadida shu kunlarda festival doirasida har kuni soat 18.00 dan 22.00 gacha bog‘ning asosiy sahnasida Z.M. Bobur nomli viloyat musiqa va drama, Yoshlar hamda Qo‘g‘irchoq teatrlari ijodiy jamoalari, tuman, shahar madaniyat bo‘limlari, folklor-etnografik jamoalari, estrada xonandalari ishtirokida madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar, konsert dasturlari namoyish etilmoqda.  

[gallery-18400]

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov rahbarligida zarur tashkiliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, mutasaddi tashkilotlar tomonidan madaniyat va istirohat bog‘ini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, shahar ko‘chalarini ta’mirlash, yoritgichlar o‘rnatish, tarjimon, volontyor hamda gidlarni tayyorlash ishlari tashkil etildi.  

Mazkur jarayonda tuman, shahar hokimliklari, viloyat tashkilotlari tomonidan belgilangan ishlar amalga oshirilmoqda.  

Asosiy tadbirlar bo‘lib o‘tadigan Xonobod shahrining Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘idagi hamda shahar hokimligi qarshisidagi katta maydonlarda maxsus sahna va tomoshabinlar uchun joylar barpo etilmoqda. Bog‘ hududida viloyatning barcha tuman va shaharlarida shakllangan qadriyat hamda an’analar asosida ko‘rgazmalar tashkil etiladi. Hunarmandlarning qo‘l mehnati mahsulotlari sotuvi yo‘lga qo‘yiladi, festival mehmonlariga milliy taomlar taqdim etiladi.  

– Xalqaro festival davomida tumanimizda shakllangan o‘ziga xos an’analarni, hunarmandchilik, san’at va boshqa jabhalarda erishgan yutuqlarimizni namoyish etamiz, – deydi Ulug‘nor tumani hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nargizaxon Farmonova. – Hozirda bizga ajratilgan hududni jihozlash, ko‘rgazmalarimizni o‘rnatish ishlarini olib boryapmiz.    

Bundan tashqari, shahar infratuzilmasini yaxshilash, mehmon va sayyohlarni kutib olish, ular uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, eng asosiysi, xonobodliklar hamda shahar mehmonlarini ko‘nglini ko‘tarishga qaratilgan barcha ishlar amalga oshirilmoqda.  

Festival ishtirokchi va mehmonlarining xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash,  yo‘l va transport vositalari tirbandligi kelib chiqishining oldini olish yuzasidan zarur choralar ko‘rildi. Xonobod shahridagi ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan barcha hududlarga, yo‘l va chorrahalarga kuzatuv kameralari o‘rnatildi, Wi-Fi internet zonasi tashkil etildi, mehmonlarga xizmat ko‘rsatuvchi gid va volontyorlar guruhlari shakllantirildi.  

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filiali tarkibidagi shahar va tuman elektr ta’minoti korxonalari xodim hamda mutaxassislari tomonidan festivalni chiroyli o‘tkazish, elektr energiyasi uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha ham zarur ishlar amalga oshirildi.  

– Mutaxassislarimiz tomonidan tadbirlar o‘tkaziladigan hududlar, sahnalarga sifatli va uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berish maqsadida zarur uskuna, qurilmalar o‘rnatildi, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filiali rahbari vazifasini bajaruvchi Sardorbek Yusupov. – Shuningdek, ob’ektlarga yoritish chiroqlari, ovoz kuchaytirgich moslamalari o‘rnatildi.  

Festival tadbirlar o‘tkaziladigan sahnalarning har biriga alohida tarmoq tortildi. Asosiy sahnalar va qolgan ob’ektlarda elektr energiyasi uzluksizligini ta’minlash uchun quvvati 400 kVA bo‘lgan transformator punkti o‘rnatildi. Shuningdek, shahardagi ko‘plab ko‘chalarga, madaniyat bog‘i hududiga, shu bilan birga, Andijon – Xonobod magistral yo‘liga yoritish chiroqlari o‘rnatildi.    

Aholi, sayyohlar va yurtimiz mehmonlarining Xonobod shahriga borishi uchun Andijon – Xonobod poyezdi muntazam qatnovining yo‘lga qo‘yilganligi ularga katta qulaylik yaratadi.    

Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivalida yurtimiz va dunyo estradasi yulduzlari, elimiz suygan san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturlari namoyish etiladi. Xususan, Yulduz Usmonova, Hamdam Sobirov, Rayhon, Jaloliddin Ahmadaliyev, Shohruhxon, shuningdek, Dianella (Qozog‘iston), Jah Khalib  (Qozog‘iston), Megan (Belgiya), Jony (Ozarbayjon),  Dj Sukhbir” (Hindiston), Inna (Ruminiya) singari mamlakatimiz hamda jahon estrada san’ati yulduzlarining chiqishlari belgilangan.  

Bir so‘z bilan aytganda, xalqaro festival doirasida Andijonning, xususan, Xonobodning turizm salohiyatini namoyon etish maqsadida ko‘rgazmalar, madaniy dasturlar, “Xonobod osma yo‘li, “Fozilmon ota” ziyoratgohlariga hamda havo shari sayohatlari tashkil etiladi. Viloyatning mohir oshpazlari xalqimiz va mehmonlar xizmatida bo‘ladi.  

Faxriddin Ubaydullayev,  

Zuhriddin Umrzoqov (surat),  

O‘zA muxbirlari