English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Dunyo sadolari» O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirmoqda
16:23 / 2025-08-18

Farg‘ona vodiysining turizm markaziga aylanayotgan Xonobod shahrida o‘tkazilgan “Dunyo sadolari” III xalqaro milliy estrada san’ati festivalining uchinchi kuni ham qiziqarli tadbirlar va dasturlarga boy bo‘ldi.

Festival mehmonlari erta tongdan shahardagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida tashkil etilgan savdo, milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari, dorbozlar guruhi, san’atkorlar hamda badiiy jamoalarning chiqishlaridan bahramand bo‘ldi.  

–Turli suviner mahsulotlari, milliy qo‘g‘irchoqlar tayyorlash bilan shug‘ullanaman, – deydi  Buxoro viloyati Kogon tumanidan kelgan hunarmand Nigina Ostonova. –  Festivalda o‘z mahsulotlarim ko‘rgazmasi bilan qatnashyapman. Mahsulotlarimni yurtdoshlarimiz, ayniqsa, qo‘shni Qirg‘izistondan kelgan mehmonlar katta qiziqish bilan sotib olmoqda. Maftunkor Xonobod shahrida o‘tayotgan, milliy hunarmandchilik mahsulotlarimiz keng targ‘ib etilayotgan ajoyib festivalda ishtirok etayotganimdan behad xursandman.  

Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayrami arafasida Xonobod shahrida bo‘lib o‘tgan III xalqaro estrada festivali yurtimiz tinchligi, farovonligi va rivojlanishning belgisi, dunyoning qator davlatlaridan mashxur estrada yulduzlarining tashrifi esa O‘zbekiston dunyoga yuz tutayotganligiga bir misoldir.

–Nabiralarim bilan festival doirasidagi ko‘rgazmalarni, tadbirlarni katta qiziqish bilan tomosha qildik, – deydi Qo‘rg‘ontepa tumani Yuksalish mahallasida yashovchi, mehnat faxriysi Sirojiddin Hasanov. – Go‘zal Xonobod shahrida o‘tkazilayotgan tadbirlar bu yerga kelgan har bir kishining qalbida unutilmas taassurotlar qoldirishi aniq. Qo‘li gul hunarmandlar tayyorlagan milliy hunarmandchilik mahsulotlari, san’atkorlarning rang-barang chiqishlari ko‘ngillarga xushnudlik bag‘ishlaydi. Ayniqsa, turli attraksionlar, shirinlik va muzqaymoqlardan bahramand bo‘layotgan bolajonlarning xursandchiligini ko‘rib, bugungi tinch va farovon hayotimizga shukronalar keltiramiz. Iloyim, yurtimizga ko‘z tegmasin.

Festivalning uchinchi kuni kech oqshom dastlab festival mehmonlari yurtimizning taniqli qo‘shiqchisi Jaloliddin Ahmadaliyev hamda “Setora” guruhining chiqishlaridan, so‘ng modelerlar tomonidan tayyorlangan milliy liboslar va modalar namoyishidan bahramand bo‘ldi. Shundan so‘ng jahon estrada yulduzlaridan biri, eronlik Arash (Arash Labafzoda)ning qo‘shiqlari yangradi. Uning chiqishlari festival mehmonlarida unutilmas taassurotlar qoldirdi.  

–Men yaqinlarim bilan Rossiyaning Samara oblastidan tashrif buyurdim, – deydi rossiyalik sayyoh Go‘zal Nurmatova. – Festivalda uchinchi bor qatnashayotganimdan xursandman. Yurtingizda mana shunday katta miqyosdagi estrada san’ati festivali o‘tkazilayotganligining o‘zi alohida e’tirofga loyiq. Festival bundan-da chiroyli o‘tishini, yanada ko‘proq sayyohlar tashrif buyurishini tilayman. Festival tashkilotchilariga kattadan-katta  rahmat aytaman.  

Festivalda jahon estradasi yulduzlari –italiyalik Ingrid Alberini, hindistonlik Alisha Chinai, turkiyalik Mustafo Sandal, eronlik Arash (Arash Labafzoda)ning, shuningdek, Germaniyaning mashhur “Arabesque” pop-guruhi ishtiroki uning nufuzini yanada ko‘taradi.

Festival tadbirlari doirasida Bahodirlar o‘yinlari bo‘yicha navbatdagi jahon kubogi musobaqasida esa  Xitoy, Hindiston, Avstraliya, Fransiya, Argentina, Ispaniya, Eron, AQSH, Janubiy Koreya, BAA, Polsha, Gruziya, Armaniston, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston, Ozarbayjon, Turkiya, Misr kabi 26 ta davlatdan sportchilar ishtirok etganligi O‘zbekistonning xalqaro sport maydonidagi obro‘sini yanada oshiradi.   

Bundan tashqari, festival kunlari marafon, kurash musobaqasi, shuningdek, avtomobil ishqibozlari uchun tyuningli mashinalar ishtirokida “Drift-shou” tadbirini minglab festival mehmonlari katta qiziqish bilan kuzatdilar.  

[gallery-24809]

–Festival milliy qadriyatlarimiz, an’analarimizni targ‘ib etish, odamlarga xush va ko‘tarinki kayfiyat ulashish bilan birga Xonobod shahar infratuzilmasi, turizm imkoniyatlarini, shahar iqtisodiyotini yuksaltirishga xizmat qiladi, – deydi  Xonobod shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Elyorbek Xolmirzayev. – Avvalgi yilga nisbatan bu yil festivalga keluvchilar soni ancha ortdi. Ayniqsa, shaharning savdo aylanmasi bir necha barobar o‘sdi.  

Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivali O‘zbekistonimizning xalqaro nufuzi va shuhratini yanada oshirmoqda.  

Faxriddin Ubaydullayev,

Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari