Andijonning Xonobod shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivalining ikkinchi kuni ham yurtimiz va xorijiy san’atkorlarning o‘ziga xos chiqishlari bilan fayzli o‘tdi.
Festivalda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan kelgan san’atkorlar o‘zlari uchun ajratilgan maydonlarda rang-barang badiiy dasturlarini namoyish etdi.
– Jamoamizning chiqishlarini festival mehmonlari katta qiziqish bilan tomosha qildi, – deydi Namangan viloyati Norin tumanidagi “Guldasta” ashula va raqs ansambli rahbari Ulug‘bek Salimov. – Yurtdoshlarimizning milliy qo‘shiq va raqslarimizga qiziqishi yuqori ekanligi milliy san’atimizning umrboqiyligidan nishonadir.
[gallery-12832]
Abdulla Safarov boshchiligidagi Toshkent viloyati, Oqqo‘rg‘on tumani “To‘rg‘ay” folklor-etnografik xalq ansamblining o‘ziga xos chiqishlari ham festival mehmonlarida katta taassurot qoldirdi.
– Farzandlarim bilan ushbu jamoaning dasturini tomosha qildik, – deydi Xonobod shahrining Yangi hayot mahallasida yashovchi Feruzaxon G‘ofurova. – Ayniqsa, raqslar hamohangligidagi “Bo‘z to‘rg‘ay”, “Sumalak”, “Toshkent viloyati yigitlari” kabi qo‘shiqlar menga manzur bo‘ldi. Bu kabi dasturlar, umuman, festival nafaqat biz xonobodliklarga, balki respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan mehmonlarga xush va a’lo kayfiyat ulashmoqda.
Festivalning ikkinchi kuni kech oqshom madaniyat va istirohat bog‘ida hamda shahar hokimligi oldidagi maydonda tashkil etilgan katta sahnalarda o‘tkazilgan galakonsertda mehmonlar “Janob Rasul”, Hojiakbar Ro‘zimetov, Jaloliddin Ahmadaliyev, “Shohruh repper” hamda “G‘ofur va Rahim” guruhlarining chiqishlaridan bahramand bo‘ldi.
Festival tadbirlari davom etmoqda. Bugun kech oqshom festivalning tantanali yopilish marosimi o‘tkaziladi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (foto),
O‘zA