Bugun Andijonning eng xushmanzara kenti, Farg‘ona vodiysining turizm markaziga aylanayotgan Xonobod shahrida “Dunyo sadolari” III xalqaro milliy estrada san’ati festivali boshlandi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizning milliy estrada san’atini dunyoga tanitish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, mamlakatimiz, xususan, Xonobod shahrining turizm salohiyatini keng targ‘ib etish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish, qolaversa, mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayrami oldidan yurtdoshlarimizga xush va ko‘tarinki kayfiyat ulashish maqsadida mamlakatimizda uchinchi bor o‘tkazilayotgan “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivalida dunyoning qator davlatlaridan estrada san’ati guruhlari, xonandalari, shuningdek, mamlakatimiz estrada san’ati yulduzlari ishtirok etadi.
–Festivalni yuqori saviyada o‘tkazish uchun zarur barcha tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi, – deydi Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov. – Qiziqarli va rang-barang dasturlarga boy festival ishonamanki, ishtirokchilar, hamshaharlarimiz, shahrimiz mehmonlari qalbida unutilmas taassurotlar qoldiradi.
[gallery-24775]
Festival ishtirokchi va mehmonlarining xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash, yo‘l va transport vositalari tirbandligi kelib chiqishining oldini olish yuzasidan zarur choralar ko‘rildi. Xonobod shahridagi ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan barcha hududlarga, yo‘l va chorrahalarga kuzatuv kameralari o‘rnatildi, Wi-Fi internet zonasi tashkil etildi, mehmonlarga xizmat ko‘rsatuvchi gid va volontyorlar guruhlari shakllantirildi. Shaharning turli hududlarida milliy va Yevropa taomlari tayyorlaydigan ko‘plab oshxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, bankomatlar, ixcham, zamonaviy biohojatxonalar o‘rnatildi.
Aholi, sayyohlar va yurtimiz mehmonlarining Xonobod shahriga xavfsiz borishi, kelishi uchun Andijon – Xonobod avtomobil yo‘lida og‘ir yuk mashinalari, qishloq xo‘jaligi texnikalari qatnovi bir necha kunga cheklandi.
Eslatib o‘tamiz, 15-17 avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan “Dunyo sadolari” III xalqaro milliy estrada san’ati festivalida yurtimiz estrada yulduzlari bilan bir qatorda Eronda tug‘ilib, Yevropada faoliyat olib borayotgan, «Yevrovideniye-2009» tanlovi sovrindori Arash (Arash Labafzoda), hindistonlik pop-qo‘shiqchi Alisha Chinay, turkiyalik mashhur qo‘shiqchi Mustafa Sandal singari jahon estrada san’ati yulduzlari ishtirok etadi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari