Andijonning eng xushmanzara go‘shasi –Xonobod shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Dunyo sadolari” III xalqaro milliy estrada san’ati festivalining chiroyli va tartibli o‘tishini ta’minlash uchun barcha sharoit yaratilgan.
Xususan, ovqatlanish shoxobchalari, muzqaymoq va salqin ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi do‘konlar kunu tun aholi xizmatida. Bundan tashqari, ichki ishlar, tibbiyot xodimlari, obodonlashtirish tizimi ishchilari ham festivalning chiroyli, tartibli va ko‘ngildagidek o‘tishiga munosib hissa qo‘shmoqda.

Biz ana shu soha vakillaridan ayrimlari bilan suhbatda bo‘ldik.
Ilhomjon Toshmatov, Qorasuv shahar tibbiyot birlashmasi shifokori:
–Shifokor va hamshiralardan iborat bir guruh xodimlar, bir nechta tez tibbiy yordam mashinalari festival tashkilotchilari, tashrif buyurgan mehmonlar va yurtdoshlarimizning salomatligini nazorat qilish uchun Xonobod shahriga – “Dunyo sadolari”festivaliga safarbar etilgan.

Shaharning Alisher Navoiy nomli madaniyat va istirohat bog‘i, shuningdek, festival tadbirlari o‘tkazilayotgan asosiy maydonida tashkil etilgan ko‘chma tibbiy punktlarda salomatligi yuzasidan murojaat qilgan mehmonlarga birinchi yordam ko‘rsatilib, zarur dori-darmonlar berilmoqda.
Festival davomida bizning yo‘nalishda jiddiy ko‘ngilsiz holatlar sodir bo‘lgani yo‘q. Umuman, biz tibbiyotchilar asosiy e’tiborimizni festivalning chiroyli, ko‘ngildagidek o‘tishiga qaratayapmiz.

Jahongir Madrahimov, Andijon viloyat IIB yo‘l harakati havfsizligi boshqarmasi xodimi, kapitan:
–Festival kunlari Xonobod shahriga avtotransport vositalarining kelishi-ketishi odatdagidan ko‘ra bir necha o‘n barobar ortgan. Yo‘llarda transport vositalari harakati xavfsizligini, shuningdek, piyodalar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zarur barcha ishlar tashkil etilgan. Xodimlarimiz kunu tun xizmat vazifasini sidqidildan ado etmoqda.
Tadbirlar chiroyli o‘tmoqda, mehmonlarimiz xursand, yo‘llarda ortiqcha tirbandliklar bo‘layotgani, piyodalarning harakatiga tahdid solayotgan holatlar yo‘q. Birorta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lmadi. Nasib etsa, festivalni chiroyli o‘tkazamiz. Buning uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solib, astoydil xizmat qilamiz.

Azamatullo Mamasoliyev, Andijon viloyat qo‘riqlash bosh boshqarmasi xodimi, kichik serjant:
–Mehmonlar xavfsizligi va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha ham zarur choralar belgilangan. Festivalga nafaqat Andijon viloyatidan, balki qo‘shni Farg‘ona, Namangan hamda respublikamizning boshqa viloyatlaridan, shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasidan minglab mehmonlar tashrif buyurmoqda. Xodimlarimiz xushmuomalalik bilan aholiga xizmat ko‘rsatmoqda, jamoat tartibini saqlamoqda, zimmalariga yuklangan vazifani bekamu ko‘st ado etmoqda.
Ishonch bilan ayta olamizki, yurtimiz dovrug‘ini dunyoga taratayotgan festival tartibli va ko‘ngildagidek o‘tadi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA