Andijonning eng xushmanzara go‘shasi Xonobod shahrida shu yilning 15-17 avgust kunlari “Dunyo sadolari” III xalqaro milliy estrada san’ati festivali bo‘lib o‘tadi. Ayni kunlarda mazkur festivalga tayyorgarlik ishlari qizg‘in olib borilmoqda.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Xonobod shahrida uchinchi bor o‘tkazilayotgan “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivalida dunyoning qator davlatlaridan mashhur qo‘shiqchilar, yurtimizning estrada yulduzlari ishtirok etishi kutilmoqda, - deydi Xonobod shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Elyorbek Xolmirzayev. – Har yili o‘tkazilishi belgilangan mazkur festival shubhasiz, O‘zbekistonning xalqaro san’at maydondagi nufuzini yanada oshiradi.
Shu kunlarda Andijon viloyati hokimligi rahbarligida mazkur festivalga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
O‘tgan yillar tajribasidan kelib chiqib, asosiy tadbirlarni o‘tkazish uchun xalq orasida “Topolino” deb nom olgan, shaharning Kampirovot mahallasi hududidan keng maydon tanlab olindi.
Shaharning kirish qismidan Kampirovot suv omboriga olib boruvchi yo‘l bo‘yida joylashgan ushbu maydonning 5 gektar qismi tekislanib, asfaltlandi. Umumiy uzunligi 5 kilometr bo‘lgan mazkur ko‘cha “7 kun/24 soat” tartibda ishlaydigan zamonaviy turizm ko‘chasiga aylantirilmoqda.
Ushbu yo‘nalish bo‘yicha yashil hududlar, piyodalar yo‘laklari, sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi ko‘plab qulay infratuzilma ob’ektlari yaratilishi rejalashtirilgan.
– Kengligi 9 metr bo‘lgan avtomobil yo‘lning o‘rtasi gulzor yo‘lak bilan ajratildi, - deydi Andijon viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirzohid Nurmatov. – Ikki tomonda piyodalar yo‘lakchasi tashkil etilib, yo‘l chetlariga lotoklar o‘rnatildi. Hozirga qadar yo‘lning 2 kilometrdan ortiq qismiga sifatli tarzda asfalt-beton qoplamasi yotqizildi. Festival boshlangunga qadar yo‘lning belgilangan qismida qurilish-ta’mirlash ishlari to‘la yakunlanadi.
Elektr ta’minoti korxonasi ishchi va mutaxassislari tomonidan yo‘lning ikki chetiga maxsus temir-beton ustunlar o‘rnatilib, yoritish chiroqlari qo‘yilmoqda.
[gallery-24577]
Maydon ro‘parasi, yo‘l bo‘yida tamaddixona, kafe, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari barpo etilmoqda. Bolalar o‘ynaydigan maydonchalar, shuningdek, kutubxona qurib bitkazildi.
– Viloyat hokimining tashabbusi bilan zamonaviy, ixcham, bir vaqtning o‘zida ko‘plab kitobxonlarga xizmat ko‘rsatuvchi kutubxona qurilib, foydalanishga topshirildi, - deydi Xonobod shahar Axborot-kutubxona markazi kutubxonachisi Durdona Hasanova. – Hozirda kutubxona 1 ming 100 dan ortiq badiiy kitoblar bilan to‘ldirildi. Bu yerda mehmonlar, sayyohlar kitob o‘qib, dam olish vaqtlarini yanada mazmunli o‘tkazishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Zamonaviy turizm ko‘chasiga aylanayotgan yo‘l yoqasi bo‘ylab 98 gektar maydonda sun’iy ko‘l, mehmonxona, amfiteatr, sport maydonlari va boshqa dam olish maskanlari barpo etilayotganligi ushbu hududni haqiqiy turizm maskaniga aylantiradi.
Shu kunlarda ushbu hududda sun’iy ko‘lni barpo etish ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Kelgusi yilning may oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan ushbu yirik ob’ektda har kuni 60 dan ortiq turli maxsus va og‘ir texnika vositalari, 100 nafardan ziyod quruvchi hamda mutaxassislar ish olib bormoqda.
Yaqin kunlarda festivalning asosiy tadbirlari bo‘lib o‘tadigan katta maydonga maxsus sahna o‘rnatiladi, tungi yoritish chiroqlari bilan bezatiladi.
Shuningdek, festival doirasida Alisher Navoiy nomli Xonobod shahrining markaziy madaniyat va istirohat bog‘ida ham qator tadbirlar o‘tkaziladi. Hozirda bog‘ hududi viloyatning barcha tuman va shaharlariga ajratib berildi.
Belgilangan joylarni har bir tuman, shahar tarixiy an’analari, hududning o‘ziga xos jihatlaridan kelib chiqib, milliy ko‘rinishda bezamoqda. Bundan tashqari, milliy liboslar, hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari, savdo rastalari tashkil etilmoqda.
– Tashkil etilgan ko‘rgazmaga o‘zimiz tayyorlagan milliy liboslar – do‘ppi, ayollar nimchalari savdosini tashkil etdik, - deydi jalaquduqlik hunarmand-tadbirkor Ixtiyorbek Mirzaahmedov. – Maqsadimiz festival mehmonlari o‘rtasida milliy liboslarimizni keng targ‘ib etishdir.
Festival kunlari Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida badiiy jamoalar, el suygan san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturlari, milliy va dorbozlik o‘yinlari, folklor jamoalar chiqishlari, teatr tomoshalari, hunarmandlar asarlari namoyishi, polvonlar o‘rtasidagi kurash musobaqalari, osh tanlovlari, qishloq xo‘jaligi hamda mahalliy hunarmandchilik mahsulotlari savdo yarmarkalari tashkil etiladi.
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov rahbarligida festivalning barcha tashkiliy masalalarini hal etish bo‘yicha shtab tashkil etilgan bo‘lib, tashkiliy va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, festival mehmonlari va xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi tarjimon, volontyor hamda gidlarni tayyorlash bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun xalqaro festivalga tayyorgarlik ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Xonobod shahrida bo‘lib o‘tadigan “Dunyo sadolari” III xalqaro milliy estrada san’ati festivalida jahon hamda yurtimizning qator estrada yulduzlari ishtirok etadi.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari