Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dunyo parlamentlari vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi
12:46 / 2025-04-09

Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi 2000ga yaqin dunyo parlamentariylarini O‘zbekistonda jam qilgan yirik anjuman bo‘ldi. Mazkur nufuzli tadbir doirasida mamlakatimizda bo‘lgan dunyo parlamentlari vakillari Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib, Spiker Nuriddin Ismoilov bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

O‘zaro muloqotlarda yurtimizdagi keng ko‘lamli islohotlar yuqori baholanib, parlamentlararo munosabatlarni mustahkamlash va yangi bosqichga ko‘tarish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, Birlashgan Arab Amirliklari Federal Milliy Kengashining Mudofaa, ichki va tashqi ishlar qo‘mitasi raisi Ali Rashid an-Nuaymiy bilan bo‘lgan uchrashuvda ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va o‘zaro do‘stona munosabatlari natijasida davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani, O‘zbekiston – BAA aloqalari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani e’tirof etildi.

Uchrashuvda ikki tomonlama aloqalar va o‘zaro hamkorlikni faollashtirishda parlamentlarning imkoniyatlaridan keng va samarali foydalanish kerakligi aytib o‘tildi.

– Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi muvaffaqiyatli o‘tayotgani bilan samimiy tabriklayman. Mening parlamentlararo tajribamda bu safargi tadbir eng keng ko‘lamli va eng ko‘p delegatsiya qatnashgan assambleyalardan biri bo‘ldi. Ayniqsa, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar barchaga parlamentning roli va istiqbolini yaqqol ko‘rsatib berdi, — dedi Ali Rashid an-Nuaymiy.

***

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilovning Jazoir Milliy xalq assambleyasi Raisi Braxim Bugali boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvida ikki davlat xalqlarining dini, an’analari, qadriyatlari va urf-odatlaridagi o‘xshashlik o‘zaro aloqalarimizning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilayotgani, oxirgi yillarda hamkorlik jadal rivojlanayotgani qayd etildi.

Uchrashuvda davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashda ikki mamlakat parlamentlarining roli muhim ekani qayd etildi.

Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “O‘zbekiston – Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi” parlamentlararo guruhi tuzilgani, u Jazoir parlamenti vakillari bilan mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yib, hamkorligimizni yanada rivojlantirishda muhim o‘rin tutishi aytib o‘tildi.

– O‘zbekistonning parlament sohasidagi juda nufuzli umumjahon sammitga mezbonlik qilgani, uning xalqaro maqomini belgilab bermoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqidan biz juda ko‘p yangiliklar oldik. U hamma uchun foydali tashabbuslarni aks ettirdi. Bugungi kunda ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi va muloqotlari hamkorligimizni kengayishida katta turtki bo‘lmoqda, – dedi Jazoir Xalq milliy Assambleyasi Raisi Ibragim Bugali.

***

Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Malta Vakillar palatasi Spikeri Anjelo Faruja boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.

Muloqotda Anjelo Faruja samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Malta va O‘zbekiston geografik jihatdan bir-biridan olis bo‘lsa-da, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish imkoniyatlari borligini qayd etdi. Shuningdek, u O‘zbekiston turizm sohasida juda katta salohiyatga ega ekanligini e’tirof etib, ushbu yo‘nalishda hamkorlik qilishga kuchli intilish borligini bildirdi. Toshkent xalqaro sammitida nafaqat parlamentlar, balki barcha tarmoqlar doirasida munosabatlarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgani, bu albatta, manfaatli bo‘lganini alohida ta’kidladi.

Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston – Malta o‘rtasidagi munosabatlar, shu jumladan, parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA