Dunyo oʻz tarixiga qanday xavfli kasalliklarni muhrlagan?
Insoniyat ming-ming yillar davomida turli talo-toʻplarni boshidan kechirdi.
Insoniyat ming-ming yillar davomida turli talo-toʻplarni boshidan kechirdi. Tibbiyot fanlari doktori, professor Jumanazar Beknazarov bilan Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi xodimi Guljahon Mardonova dunyo tarixida uchragan kasalliklar borasida suhbatlashdi.
— Insoniyat oʻz davrida davosi boʻlmagan koʻplab kasalliklarga duch kelgan. Ularning tarixidan bizni xabardor etsangiz.
— Qora chechak nomini olgan pandemiya 1870-1873-yillarda Belgiya, Bavariya, Niderlandiya, Angliya, Avstriya mamlakatlarida tarqalib, 300-500 million odamlarning yostigʻini quritgan edi. Chuma pandemiyasi XIV asrda dahshatli tus olib 30 million, 1894-1904-yillarda Xitoy va Indoneziyada 6 milliondan ortiq odamlarning hayotdan koʻz yumishiga sabab boʻlgandi.
Grippga oid pandemiya ham dahshatli tus olganligining dalili shuki, 1918-1958-yillar oraligʻida Ispaniyada yuz million, Gonkongda 1 million, Osiyoda esa 70.000 odam hayot bilan xayrlashdilar.
Eng dahshatli ulat-pandemiya vabo kasalligi tarqalishi hisoblanadi. Shu paytgacha bu kasallik pandemiyasi yer yuzida 7-marta sodir boʻlib (1816-1923), barchasida 140 milliondan ortiq odam nobud boʻlgan.
— Yevropa olimlari tomonidan Shayx-ur Rais unvoniga sazovor boʻlgan Abu Ali ibn Sino oʻzining “Tib qonunlari” kitobining 3-jildida aynan oʻlatlar bilan bogʻliq isitmalar haqida soʻz yuritadi. Mutafakkirning fikricha, turib qolgan suv kabi havoda ham chirish kuzatiladi. Shu haqda maʼlumot bersangiz.
- Vaboning qoʻzgʻatuvchisi bassillo boʻlib asosan ogʻizdan kiradi. Oshqozon-ichak sistemasini zararlab, ich ketishini kuchaytiradi va odamlar suvsizlik, tana qurishidan vafot etadi. Bu kasallik uchragan paytlar qon tomiriga fiziologik suyuqlik quyib davolashning iloji boʻlmagan. Kasal qanchalik suyuqlik ichsayam suyuqlik qonga surilmay tashqariga chiqib ketavergan. Natijada qon quyuqlashib hayotiy muhim aʼzolarni kislorod bilan taʼminlay olmay qolgani sababli oʻlim sodir boʻlgan. Bu kasallik yuvilmagan qoʻldan yuqadi. Eʼtibor qilgan boʻlsangiz bunday kasalliklar Yevropa mamlakatlarida koʻproq tarqalgan. Chunki u yerda gigiyenaga rioya qilish juda past darajada boʻlgan.
- Oʻlat pandemiyasining qoʻzgʻatuvchisi bilan gripp pandemiyasining qoʻzgʻatuvchisi bir-biridan qanday farq qiladi?
- Vabo vibiryoni oddiy mikroskopda koʻrinadi. Vabo vibiryoni faqat qoʻl orqali yuqadi. Toza suvga umumiy iflos suvning aralashishi vaboning tarqalishiga ham zamindir. Ana shu suvni ichgan joyda oʻlat paydo boʻladi. Chuma, chechak, vabo baʼzi yillarda pandemiyaga sabab boʻlgan sil, qorin tifi, polimilet kasalliklarining qoʻzgʻatuvchisi bitta. Shu tufayli bu kasalliklarga qarshi kurashish yoʻli yaxshi maʼlum.
Grippning tarqatuvchisi virus oddiy mikroskopda koʻrinmaydi. Uni elektron mikroskopda koʻrish mumkin. Gripp virusi ham qoʻl, ham nafas aʼzolari tomonidan yuqadi. Kasal nafas olgan havodan sogʻ odam nafas olsa gripp yuqadi.
Lekin oxirgi yillarda gripp qoʻzgʻatuvchilariga kurash borasida ham muvaffaqiyatlarga erishildi. Masalan, 2009-2010-yillarda tarqalgan choʻchqa grippida 16.000, 2003-2008-yillardagi qush grippida 160 odam hayot bilan vidolashdi.
— Ulugʻ tabib biz yuqorida taʼkidlagan kasalga chalinganlar xonasini salqin saqlash, havosini yaxshilash, hoʻl mevalar, rayhonlar, sovuqlik daraxt novdalarini qoʻyishni tavsiya etadi. Yaʼni xona havosining chirishiga yoʻl qoʻymaslikni taʼkidlaydi. Bu tavsiyalar koronavirusga chalingan bemorlar uchun qay darajada ahamiyatli?
— Koronavirus rivojlanmasligi uchun uyning havosida ham virus boʻlmasligi kerak. Tupuk, soʻlak bilan tushgan virus havoda uchib yurish xususiyatiga ega. Uyning havosini tez-tez tozalab turish kerak. Qoʻl tegiziladigan joylarni antiseptik vositalar, aralashma xlor bilan tozalab turish kerak. Koronavirus grippning bir turi. Koronavirus oʻzining irsiy genini oʻzgartirib, mutatsiyalanish xususiyatiga ega. Uning oltidan ortiq genlarni oʻzgartirgan turi bor. Mutatsiyasini tez-tez oʻzgartirib turganligi sababli uni yoʻqotishga qarshi vaksina ishlab chiqilmagan. Masalan, difteriya, palimilet, koʻkyoʻtal, qizamiq, chechak, suvchechakning qoʻzgʻovchisi bitta boʻlgani uchun bir xil vaksinada ular tugatilgan. Koronavirus ilgari hayvonlarda uchragani, odamlarda uchramagani uchun vaksina yaratishga harakat qilinmagan. Ana endi u oʻzining mutatsiyasini oʻzgartirib odamlarga yuqqanidan keyin vaksina yaratishga harakat boshlanib ketdi. Lekin hali yaratilgani yoʻq. Faqat uning kelib chiqishi, inson organizmida rivojlanishi ilmiy tadqiq etilmaganligi afsuslanarlidir. Koronovirusga qarshi kurash allaqachon boshlangan va unga qarshi emlash vositasi topilgani haqidagi xabarlar tarqalmoqda.
Respublikamizda Prezidentimizning qatʼiy va keskin chora-tadbirlari tufayli koronavirusning keng tarqalishining oldi olinmoqda. Ishonchimiz komilki, koronavirus balosi xalqimizning jipsligi hamda yuksak ongi tufayli tez kunlarda batamom bartaraf etiladi.
- Oʻzbekiston aholisiga shifokor, olim sifatida qanday tavsiyalar berasiz?
- Butun dunyo ahli bugungi kunda katta muammoga duch keldi. Koronavirus degan balo insoniyat boshiga yopirildi, minglab odamlarning hayotiga zomin boʻldi. Bu koʻzga koʻrinmas, qoʻl bilan ushlab boʻlmas balo Respublikamizga ham kirib keldi. Kundan kun son jihatidan oʻsish jarayoni kuzatilmoqda. Biroq har bir narsaning boshlanishi, yoʻq boʻlishi, tamomila tugatilishi yoxud bartaraf etilishi muqarrar. Chunki Koronavirusga oʻxshash pandemiyalar tarixda sodir boʻlgan va insoniyat bu borada katta aziyat chekish bilan birga ancha tajribaga ham ega.
Bu kasallikka chalinmaslik uchun sanitariya gigiyena qoidalariga rioya qilish, oʻzining ichki va ruhiy immunitetini koʻtarish, xotirjamlikka berilmaslik va vahimaga tushmaslik, infeksiyaga nisbatan loqayd boʻlmaslik kerak. Ichki immunitetni koʻtarish uchun qizilmiya ildizining damlamasi, oʻrik qoqi, zanjabil (imbir) damlamasi, sarsabil (giyoh) isteʼmol qilish, sedana va zira isteʼmoli, limon, asal isteʼmolini tavsiya qilaman. Koʻproq suyuqlik ichish kerak. Virus organizmga ozgina kirib qolgan boʻlsayam buyrak orqali tashqariga chiqib ketadi. Eng asosiysi ruhiy tushkunlikka tushmaslik.
- Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur. Salomat boʻling.